Foto: GETTY IMAGES/BBC
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy — aslida kim? U qanday qilib Ukraina mudofaasi ramziga aylandi?
2022 yil 26 fevral. Ukrainaga Rossiya bosqinining uchinchi kuni. Rossiyaning Kiyevni 72 soatda egallash rejasi allaqachon barbod bo‘lgan, lekin frontda muvozanat bir tomondan boshqasiga o‘tib turardi.
Ruslar Gostomelga harbiy texnika va qurollangan desant tushira olmadi, ammo ular Chernihiv atrofini tezda o‘rab olib Sumi oblasti tomon ilgarilayotgan va Kiyevga yaqinlashib borayotgandi. Ukraina hukumati odamlarni vahimaga tushmaslikka undayotgan bo‘lsa-da, hukumat ichida Dniprodan Kiyevga o‘tadigan barcha ko‘priklarni portlatib yuborish masalasi muhokama qilinayotgandi. Bu ko‘priklar portlatilsa, rus qo‘shinlarini tabiiy to‘siq orqali to‘xtatib, ular hukumat binolari joylashgan kvartallarga kirishiga to‘siq bo‘lish mumkin edi. Muhokamalardan keyin Ukraina hukumatidagi yuqori martabali mulozim o‘sha vaqtdagi Ukraina xavfsizlik xizmati raisi bo‘lgan Ivan Bakanovga telefon qilib, ko‘priklarni portlatishni talab qiladi.
Vaziyat juda jiddiy bo‘lgani bois, Bakanov mustaqil qaror qabul qilmay, Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga qo‘ng‘iroq qilib, mana bunday sovuqqon javob eshitadi: «Ko‘priklarni portlatish? Aslo! Bu narigi sohildagilarga xiyonat bo‘ladi».
Bugun xaritalar bilan to‘lgan, sigaret tutuni burqsib turgan bunkerda uch kun uxlamagan Zalujniy qabul qilgan qaror to‘g‘ri bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Keyinchalik Zalujniyning to‘g‘ri qarorlari Ukraina armiyasiga nafaqat Kiyevni saqlab qolish, balki ruslarni mamlakat shimolidan siqib chiqarib, Xarkiv yo‘nalishida muvaffaqiyatli qarshi hujum amalga oshirish va nihoyat Xersonni qaytib olish imkonini berdi.
Valeriy Zalujniy mamlakatda urushning, vatan himoyasining ramziga aylandi. Unga atab qo‘shiqlar aytilmoqda, ko‘chalar nomlanmoqda. «Dunyoning ikkinchi armiyasi»ga muvaffaqiyatli qarshi tura olgan Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Time nashrining dunyodagi eng ta’siri katta 100 insoni reytingidan o‘rin oldi. Zalujniy borgan sari ukrain mudofaasi ramziga aylanib bormoqdaki, yaqinda uning yaralangani haqida tarqalgan feyk xabar Rossiya media olamining eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri bo‘ldi.
General Zalujniyning obro‘si oshib borayotgani endi u qurolli kuchlardan tashqaridagi masalalarga ham ta’sir ko‘rsata olishi haqida gapirishga asos bo‘lmoqda. Shunga qaramay, Ukrainada ham uning shaxsiyati haqida turli qarashlar mavjud. Zalujniy fuqarolar orasida haddan tashqari mashhur bo‘lishiga qaramay, undan qo‘rqadigan va hatto yomon ko‘radigan ukrainlar ham bor.
BBC Zalujniyning hayot yo‘liga nazar tashlab, uning kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini tahlil qildi.
O‘zimizning Valerchik
Kiyevdan uch soatlik yo‘lda, Lviv trassasi bo‘yidagi 50 ming odam yashaydigan Zvyagel shahri aholisi hali shaharning yangi nomiga moslashib ulgurgani yo‘q. O‘tgan yilgacha shahar Novograd-Volinsk deb atalardi.
«Farqi yo‘q, Novograd desangiz ham, Zvyagel desangiz ham, bu harbiylar shahri», deydi kulib Tatyana Shatulskaya-Peleshok. U 80 yoshda va butun umri davomida boshlang‘ich sinflarni o‘qitish bilan shug‘ullangan. Ayolning aytishicha, uning qo‘l ostida o‘qigan barcha o‘quvchilarini eslay oladi, Zvyageldan chiqqan bir necha general ismini ham yo‘l-yo‘lakay atib ketishi mumkin.
1980 yil 1 sentabrda 1-sinfga borgan «kichkina jingalaksoch bolakay» Valeriy Zalujniyni Tatyana Grigorevna aniq eslab qolgan. Chunki ular bir-biriga yaqin joyda yashardi.
«Valera ukasi va ota-onasi bilan vokzal yaqinidagi bir xonali kvartirada yashardi. Ularning uyi oldida ikkita harbiy qism bor edi. Valera yoshligidan atrofida faqat harbiylarni ko‘rib o‘sgan, otasi ham harbiy edi. U sinfda ham harbiy-harbiy o‘ynar, tanaffusda harbiylar suratini chizardi. Harbiy qismlardan biri bizning maktabga mas’ul bo‘lgani uchun harbiylar darslarimizga tez-tez kelib turishardi. Shunday ekan, Valera harbiy bo‘lganiga aslo ajablanmaganman», deb eslaydi Ukraina bosh qo‘mondonining birinchi ustozi.
Ayolning aytishicha, kichik Valeriy a’lochi bo‘lmagan, lekin harakatchan va tartibli bo‘lgan.
«Sinfda bir sag‘ir bola bor edi. Uning onasi ko‘p ichar, bola doim och bo‘lardi. Valera unga ba’zan uyidan ovqat olib kelar, ba’zan maktabdagi tushligini berardi. Juda yaxshi bola edi», deydi Tatyana Grigorevna.

Zalujniyning sinfdoshi Sergey Stepanyuk ham ustozining gaplarini tasdiqlaydi. «Sinfimiz bir oiladek edi. Biz hozirgacha do‘stlik rishtalarini saqlab qolganmiz», deydi u.
Zalujniy sinfda eng bo‘yi past bolalardan bo‘lgan va 7-sinfga borib uning bo‘yi birdan o‘sa boshlaydi. Bu vaqtda Valeraning tabelida uch baholar paydo bo‘ladi. Uni sinfdoshlari hozirgacha Valerchik deb atashadi.
«Bu jargon emas. U juda odobli, yoqimtoy edi. Jingalaksoch, yanog‘i qizil, kulib turardi. Hech qo‘pol so‘z ishlatmasdi, lekin tilyog‘lamalik ham qilmasdi. Valerchik», deydi Zalujniyning yana bir sinfdoshi va rafiqasi Yelena.
Zalujniy o‘qigan maktab pionerlar haqidagi kinolardagidan ko‘p ham farq qilmagan. Faqat harbiy shaharcha ekani va ota-onalarning shunga yarasha intizomi boshqa joylardan o‘zgacharoq edi. Valera kam gapirar, lekin uzoq vaqt jim turib birgina gapi bilan hammani kulgidan dumalab qolishga ham majburlay olardi. U sport musobaqalarida faqat o‘ziga qiziq bo‘lsa yoki sinfga yordam zarur bo‘lganda qatnashar, faxriy yorliq yo boshqa turdagi maqtovlarga intilmasdi.
9-sinfdan keyin o‘g‘il bolalar chaqiruvga tayyorlash darsi doirasida ikki hafta chinakam harbiy kazarmada yashaydi. Ular paytava o‘rab, kirza etik kiyishadi, harbiy oshxonada ovqatlanishadi, tirda otib ko‘rishadi. Xullas, ajoyib sarguzasht bo‘ladi. O‘sha vaqtda olingan oq-qora suratlarda Zalujniyni ilk marta harbiy kamuflyajda ko‘rish mumkin edi.


Keyinroq esa novogradlik o‘quvchilar delegatsiyasi makulatura va temir-tersak (metallolom) yig‘ishdagi favqulodda faolligi uchun Leningradga sayohatga olib boriladi. Safar uchun 9-B sinfidan Zalujniy, Sergey Stepanyuk, uning bo‘lajak xotini Yelena va yana ikki qiz tanlab olinadi. Qolgan bolalar kichik sinflardan edi.
«Eng esda qolarli narsa oydin kechalar bo‘lgan», deb eslaydi kulib Yelena. «Bizni maktabga olib borishgan. Matras solingan sinfxonalarda uxlaganmiz: qizlar alohida, o‘g‘il bolalar alohida. Bir kuni hamma uxlaganda biz uch qiz o‘g‘il bolalar yoniga karta o‘ynagani bordik. Yutqazganni yostiq bilan urishga garov bog‘ladik.
Juda beg‘ubor davrlar edi. Tong otgunicha o‘ynashga qaror qildik. Ammo hech qorong‘i tushmasdi. Qarasak, bolalar nonushta qilishga chiqishdi, biz esa hamon uxlamagandik. Buning uchun bizni jazolab, turli poyezdlarda uyga qaytarib yuborishdi», deb eslaydi Yelena.
Valera bitiruv sinfida o‘qishni istamaydi va shahardagi mashinasozlik texnikumiga hujjat topshiradi. Bugun Zalujniy haqida gapirganda uning ushbu texnikumda o‘qiganini ko‘pchilik eslamaydi va bu texnikum direktori Alla Petroshukning jahlini chiqaradi.
«U bizga o‘rtacha bahosi 3,9 bo‘lgan holatda kelgandi. Bu umuman olganda o‘rtacha baho. Bitirayotganda esa a’lochi edi. Uning texnik fikrlashi aynan shu yerda shakllangan», deb eslaydi Zalujniyning texnikumdagi ustozi.
Texnikumda amaliy mexanika mutaxassisligi bo‘yicha diplom olgan Zalujniy biror zavodga stanoklar, avtomat va boshqa turdagi texnikalar ta’mirlash bo‘yicha ishlagani borishi mumkin edi. Yoki bo‘lmasa texnika bo‘yicha ta’limni davom ettirib, politexnika institutida o‘qishi. Times jurnaliga bergan intervyusida esa Ukraina armiyasining bo‘lajak bosh qo‘mondoni qiziqchi bo‘lishni xohlaganini aytgan.
Ammo harbiylar shaharchasida ulg‘aygan bolakay baribir harbiy yo‘ldan borib, 1993 yil 20 yoshida Odessa dengiz piyodalari institutiga o‘qishga kiradi.
«Javelin ko‘targan omadsiz»
Shundan keyin Zalujniyning hayoti harbiy ta’limdan harbiy xizmatga ulanib ketadi. U vzvod komandiri lavozimidan Ukraina qurolli kuchlari 51-brigadasi komandiri lavozimigacha ko‘tariladi. 2007 yilda Ukraina Milliy mudofaa akademiyasini tezkor-taktik yo‘nalishda oltin medal bilan tamomlaydi. 7 yil o‘tib esa o‘sha oliygohning operativ-strategik fakultetini bitiradi. U oliygohning eng yaxshi bitiruvchisi sifatida Britaniya qirolichasi qilichini qo‘lga kiritadi. Ha, Ukraina harbiy oliygohida mana shunday noodatiy unvon bor.
Zalujniy 2014 yildan buyon urush ichida deyish mumkin. U o‘sha yili Donetsk oblasti shimoli va Luhansk oblasti g‘arbida tashkil etilgan S sektori komandiri o‘rinbosari etib tayinlanadi. O‘sha vaqtda mamlakat sharqida qurolli to‘qnashuvlar boshlanib bo‘lgandi. Aynan o‘shanda Zalujniy ilk marta Ukraina armiyasi chindan islohotga muhtojligini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
2014 yil bahorida Ukraina hukumati mamlakatda atigi 5 ming kishini qurollantirish imkoni borligini tan oladi. Shu tariqa, Donbassda boshlangan 2014 yildagi urush vaqtida Ukrainada yangi armiya shakllana boshlagandi. Donbassdagi ikki yillik faoliyati vaqtida Zalujniy ko‘plab harbiylar va ko‘ngillilar bilan tanishadi. Uning harbiycha chaqiruv nomi «Volontyor» (ko‘ngilli) bo‘ladi. O‘sha vaqtdagi harbiylar polkovnik Zalujniyni muammoli joylarda yurib, frontdagi askarlarga yordam beruvchi deb eslashadi.
Genaral unvoniga erishgandan keyin ham o‘qishni to‘xtatmagan Zalujniy Ostrog akademiyasini sirtqi ta’lim shaklida xalqaro aloqalar mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaydi. Akademiyada Zalujniy diplom ishini qaysi mavzu bo‘yicha yoqlagani bo‘yicha ma’lumot berishmagan.
Faoliyati davomida tez ko‘tarilishga erishganini Zalujniyning o‘zi shunday izohlaydi: «Meni lavozimga tayinlab vazifa berishdi – bajardim. Keyin boshqa lavozim taklif qilishdi – uni ham uddaladim. O‘sha vaqtda ish ko‘pligidan qachondir genaral bo‘lish yoki yuqori lavozimni egallash haqida o‘ylashga ham imkon bo‘lmagan».
2019 yil Volodimir Zelenskiy Ukraina prezidenti etib saylanganda Zalujniy mamlakat sharqidagi harbiy harakatlar komandiri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlayotgandi. Armiyada bir kun ham xizmat qilmagan oliy bosh qo‘mondon bilan ilk uchrashuvda Zalujniy Donbassdagi harbiy harakatlar haqida batafsil hisobot berishi kerak edi.

Keyinchalik Times bilan intervyuda Zalujniy o‘sha uchrashuvda harbiy taktikalar haqida detallar bilan Zelenskiyning boshini qotirishni istamaganini aytadi: «U harbiy sohani tushunishi shart emas. Xuddi tibbiyot va ko‘prik qurishni tushunishi shart bo‘lmagani kabi».
Prezident bilan uchrashuvidan ko‘p o‘tmay Zalujniy Chernihivda joylashgan «Shimol» tezkor shtabi qo‘mondoni etib tayinlanadi. 2020 yil Zalujniy Mikolayiv oblastida o‘tgan Ukraina armiyasining katta tayyorgarlik jarayonini boshqaradi. Jarayonni Zelenskiy ham kuzatib boradi. O‘shanda Ukraina armiyasi askarlari ilk marta qo‘lida «superqurol»ni ushlab, unda mashg‘ulot o‘tkazadi. Bu AQSh tomonidan berilgan tankka qarshi Javelin kompleksi edi. Ammo birinchi mashg‘ulot muvaffaqiyatsiz chiqadi: raketa Javelin'dan chiqmay qoladi.
Zalujniy buning uchun telekanal efirida javob berishga majbur bo‘ladi: «Balki bu operator xatosi bo‘lgandir, balki boshqa muammo. Hozir bir narsa deya olmayman, aniqlashtirish kerak».
Aynan o‘sha mashg‘ulotdan keyin Zalujniy o‘zini prezident devonida «Javelin'ni uchira olmagan omadsiz» sifatida eslab qolishlariga amin edi. Ammo voqealar boshqacha rivojlanadi. 2021 yil iyul oyida Zalujniy xotinining tug‘ilgan kuni munosabati bilan pivo ichib o‘tirganida telefoni jiringlaydi. Bu Zelenskiy edi. Prezident Zalujniyga Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlanganini xabar qiladi. «Xuddi beldan pastga tepishgandek nokaut holatiga tushdim», deb eslaydi Zalujniy o‘sha holatni.
Ammo o‘sha vaqt Ukrainada qandaydir lavozimdan quvonadigan holat emasdi. Mamlakatning Rossiya va Belarus bilan chegarasida sarosima boshlangan, may oyiga boriboq Rossiya o‘n minglab qo‘shinlarini chegara atrofiga joylashtirib bo‘lgandi. Nega bunday murakkab vaqtda Zelenskiy aynan Zalujniyni bosh qo‘mondon qilib tayinlagani hozirgacha noma’lum.
Ukraina prezident devoni rahbari Andrey Yermakning aytishicha, Zelenskiyga bu tayinlovni u maslahat bergan: «Menimcha, u yetarlicha bilimga ega professional ekanini aytib, o‘z fikrimni bildirdim. Ammo yakuniy qarorni prezident mustaqil qabul qildi», deydi Yermak.
«Havoda urush hidi»
Zalujniy bosh qo‘mondon bo‘lishi bilan jiddiy o‘zgarishni amalga oshiradi – Donbassdagi ukrain askarlariga dushman hujum qilgan taqdirda markazdagi qo‘mondonlik ruxsatini kutmay javob qaytarishga ruxsat beriladi.
Zalujniy qo‘mondon bo‘lganining ilk kunlarida urush xavfi chindan mavjud ekanini aytadi. «Urushning hidini hech nima bilan adashtirib bo‘lmaydi. Havoda allaqachon bunday hid sezilmoqda», degandi u.
Ammo bu vaqtda Zelenskiy boshchilik Ukraina hukumati boshqacha bayonotlar berayotgan, odamlarni urush bo‘lmasligiga ishontirib, ularga maydagi dam olishlar va kabob pishirishga tayyorlanishni maslahat berayotgandi.

Siyosatchilarning tinchlantiruvchi bayonotlariga qaramay, urush boshlanishidan ancha avval Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi 24 soatlik ish rejimiga o‘tib bo‘lgandi. Zalujniy ham bosh shtabdan uzoq bo‘lmagan uyga ko‘chib o‘tadi. Shtabning maqsadi ehtimoliy bosqinga imkon qadar yaxshiroq tayyorlanish, bundan tashqari, tayyorgarlik rejalari maxfiy qolishini ta’minlash edi. Chunki o‘shanda havo hujumidan mudofaa tizimlari boshqa joylarga ko‘chirilgan, tayyorgarlik mashg‘ulotlari tunda o‘tkazilayotgandi.
New Yorker nashri yozishicha, Zalujniy tayyorgarlik olib borilayotgani haqida Zelenskiyga ham, Kiyevning amerikalik hamkorlariga ham xabar bermagan. Nashrga ko‘ra, Zalujniy bosqin xavfi yo‘q deb o‘ylagan Zelenskiyga u mashg‘ulotlarni bekor qilishidan qo‘rqqani uchun bu haqda hech nima demagan. Amerikaliklarga esa tabiiyki ular bu haqda Zelenskiyga xabar berishi mumkinligi uchun indamagan.
«Fevral oyiga boribgina Zalujniy [amerikalik hamkasblari bilan] ehtimoliy bosqin vaqtida mudofaa rejasi haqida gaplashadi. AQSh elchixonasining harbiy attashesi va AQSh harbiy havo kuchlari polkovnigi Ukraina armiyasi bosh shtabiga chaqirilib, ularga qog‘ozda chiqarilgan mudofaa rejasi ko‘rsatiladi. Amerikaliklarga rejadan nusxa ko‘chirishga ruxsat etilmaydi va faqat qog‘ozga qaydlar kiritish imkoni beriladi. Ammo keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Zalujniyning odamlari tayyorgarlikning to‘liq ko‘rinishini yashirish maqsadida amerikaliklarga baribir soxta rejani ko‘rsatgan», deyiladi New Yorker xabarida.
«Taxminan fevral oyi oxirlariga kelib amalga oshirish mumkin bo‘lgan barcha rejalarimizni sinab bo‘ldik. Bir reja o‘ylardik-da uni sinab ko‘rib yetarlicha samarali emas deb topardik. Keyin uni mukammallashtirgan bo‘lib yana sinovdan o‘tkazardik, yana salbiy natija... Shu tariqa, o‘shanda amalga oshirgan rejamizga to‘xtalgandik», deb eslaydi Zalujniy bosqinga tayyorlanish jarayonini.
23 fevral kuni kechqurun, urush boshlanishidan bir necha soat avval Zalujniy Ukraina hukumatining boshqa yuqori martabali vakillari bilan prezident qabulidagi uchrashuvda qatnashadi. Unda ukrainalik yirik tadbirkorlar ham ishtirok etgandi. «Ukrainskaya pravda» nashri bilan suhbatlashgan o‘sha yig‘ilish ishtirokchilari aytishicha, aynan Zalujniyning Ukraina armiyasi voqealarning har qanday rivojlanishiga tayyor ekani haqida dadillik bilan qilgan hisoboti qatnashchilarni tinchlantirgan.
Urushning birinchi kuni
24 fevral tongida Rossiya Kiyevga ilk raketa zarbalarini bergan vaqtda Zalujniyning sinfdoshlari gaplashib turadigan vayberdagi chatda kichik sarosima boshlanadi.
«Asablaringizni asrang. Valera o‘z ishini qiladi, biz ham shunday qilishimiz kerak», deb yozadi kimdir.
Valera Zalujniy o‘sha xabarni o‘qiganmi, yo‘qmi – noaniq. U urush boshlanganidan buyon bu chatda hech nima yozmagan.

Urush boshlanishi bilan Zalujniy bosh shtab yaqinidagi bunkerda joylashgan Ukraina qo‘shinlari qo‘mondonligiga yetib boradi. O‘rinbosari Yevgeniy Moysyuk, shtab boshlig‘i Sergey Shaptala va hatto Poroshenko prezidentligi vaqtidagi bosh qo‘mondon Viktor Mujyenko bunkerda u bilan birga ishlaydi. Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov ham ularning yonida edi.
«U yerda hamma ishga ko‘milgandi. Zalujniyning harakatlarini noodatiy deya olmayman. U yerdagilar 2014-15 yillarda og‘ir harbiy harakatlarda ishtirok etgan tajribali harbiylar edi. Hech kimning ko‘zida qo‘rquv yo‘q, hamma konsentratsiya bilan ishlayotgandi», deb eslaydi urushning birinchi kunini o‘shanda Zalujniyning yonida bo‘lgan sobiq maslahatchisi Lyudmila Dolgonovskaya. Uning aytishicha, Zalujniy urushning dastlabki uch kunida umuman uxlamagan va to‘xtovsiz tarzda harbiylar bilan muloqot qilib turgan.
Zalujniyning o‘zi keyinchalik o‘z generallariga ishongani, shu sabab ularning suhbati qisqa kechganini aytadi. Ammo Economist bilan intervyuda Zalujniy urush boshlangach vazifasini eplay olmagan 10 nafar generalni ishdan bo‘shatgani, bir general o‘zini otganini aytib bergan.
BBC bu ishdan haydalgan generallar kim ekani borasida yuborgan so‘roviga javob olmagan. Urush boshidan buyon Ukraina Bosh shtabi kadrlar o‘zgarishi haqida xabarlarni e’lon qilayotgani yo‘q. BBC manbalarining aytishicha, Zalujniy o‘zini otganini aytgan general bu ishni xiyonat sabab emas, ruhiy holati bois amalga oshirgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Zalujniyning yashash manzili tez-tez o‘zgarib turadi. U ertalabdan tungacha dam olishsiz ishlaydi. «U qachon va qayerda dam olishini ham bilmayman. Hech kim bunaqa ishlamagan. Bizda doim jangovar holat yoki rejalashtirilgan tadbir o‘tkaziladi», deydi Zalujniy bilan birga ishlaydigan «Shtirlits» chaqiruv nomini olgan Anatoliy Shtefan.
Sovetlarga xos bo‘lmagan general
Urushgacha Zalujniyning familiyasini harbiy sohadagilargina bilardi. G‘arb poytaxtlarida Rossiya bostirib kirsa, Kiyev sanoqli kunlarda qulashi, Ukraina to‘liq egallanishiga esa bir necha kun vaqt ketishini kutishadi.
Ammo poytaxt munosib mudofaa qilingani, Rossiya Qora dengiz flagmani bo‘lmish «Moskva» kreyserining yo‘q qilinishi va Xarkiv yo‘nalishidagi muvaffaqiyatli qarshi hujum dunyoning Ukraina va Zalujniyga munosabati o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Times jurnali o‘tgan yil sentabr oyidagi soni muqovasiga uning suratini qo‘yib, dunyoning eng ta’siri katta 100 odami qatoriga qo‘shadi. Dunyodagi harbiy ekspertlar esa Ukraina bosh qo‘mondonining muvaffaqiyat sirlari haqida bosh qotira ketadi.
Aftidan, Zalujniyning harbiy rahbar sifatida eng katta yutug‘i bir kun ham sovet armiyasi safida xizmat qilmaganidir. U bugun Ukraina armiyasini tayyorlashda ishlatayotgan taktik ko‘nikmalar Donbassdagi urushlar vaqtida shakllangan.
«Zalujniy – xarizmali odam. Unda strategik qarash va asosiysi xarakter bor. Yetakchilik bu – strategiya va xarakterning mukammal qorishmasi, degandi bir vaqtlar amerikalik general Norman Shvarskopf. Menimcha, Ukraina urush davomida Zalujniy qo‘l ostida umumiy muvaffaqiyatli strategiyani qo‘llay oldi. Generalning o‘zi esa kuchli xarakter ko‘rsatdi», deydi amerikalik harbiy tahlilchi Maykl Kofman.
Zalujniy faqat komandirning buyrug‘i bilan harakat qilish kabi sovetcha boshqaruv yo‘lidan bormaganini o‘zining muvaffaqiyatlaridan biri deb biladi. U Ukrainadagi zamonaviy generallar avlodi vakilidir. Bunday generallar inglizchada ham yaxshi gaplasha oladi. Zalujniy ko‘proq g‘arb uslubida ishlab, qaror qabul qilishni imkon qadar pastroq lavozimdagi komandirlarga qoldiradi. Bu esa Ukraina armiyasi samaradorligini oshirgani ko‘rinib turibdi.
Isroillik harbiy ekspert David Gendelman Zalujniyga ta’rif berar ekan, «bosh qo‘mondon butun armiyaga boshini bura olishi kerak»ligi, u buni juda yaxshi uddalay olayotganini aytadi. «Uning ustunligi shundaki, qo‘mondonlik mahorati va obro‘si hisobiga joylarda amaliy topshiriqni bajarayotgan odamgacha buyruqni aniq yetkaza oladi», deydi ekspert.

Aynan mana shu sifati sabab jang maydonidagi barcha muvaffaqiyatni ham Zalujniy nomi bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Chunki frontda ko‘pchilik harbiylar mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgandi.
O‘tgan yil sentabr oyida Zalujniy havo desantchilari kuchlarining sobiq qo‘mondoni Mixaylo Zabrodskiy bilan birga urush mexanikasi haqida maqola e’lon qildi. Unda bosh qo‘mondonning urushga bo‘lgan qarashlari haqida bilib olish mumkin.
Bu maqolada generallar 10 tadan 20 tagacha zamonaviy g‘arb qurollari bilan ta’minlangan brigadalarga ega guruhlar tuzilgan taqdirda Qrimni 2023 yildayoq ozod qilish mumkinligini aytadi. Ammo ularning fikricha, Qrimni ozod qilish urush tugashini anglatmaydi, aksincha mojaro yangi bosqichga ko‘tariladi. Chunki Rossiya o‘z arsenalidagi uzoq masofaga otish mumkin bo‘lgan raketalarga ega ekan, hali uzoq vaqt Ukraina uchun xavf tug‘diradi.
Zalujniyning fikricha, bu muammoni yechish va urushda burilish nuqta yasash uchun Ukraina Rossiya hududidagi nishonlarni yo‘q qila olish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Shunda Rossiya xalqining urush haqidagi tasavvurlari ancha haqqoniy ko‘rinish oladi, deydi Zalujniy. U G‘arbdagi ittifoqchilar Ukrainaga uzoq masofaga uchib bora oladigan raketalar berishi kerak deb hisoblaydi.
Ukraina Rossiya hududlariga berilayotgan dronlar hujumlariga aloqasi yo‘qligini aytib keladi, ammo ba’zan Rossiyaning Ukrainadan ancha olisdagi hududlarida ham bo‘layotgan bunday hujumlar Zalujniy aytgan mantiqqa aynan mos keladi.
Generalning fikricha, eng yomon holatda Rossiya yadro quroli ishlatishi mumkin. «Rossiya yadro quroli ishlatgan taqdirda ham bu ukrain xalqi irodasini sindirishiga ishonish qiyin. Ammo butun Yevropaga daxldor bu xavf mavjudligini rad etib bo‘lmaydi. Jazosizlik Rossiya o‘ziga bo‘lgan ishonchining asosiy manbayi hisoblanadi. Rossiya taktik yadro quroli ishlatish tomon tashlagan har qanday amaliy qadam butun dunyodagi barcha mavjud imkoniyatlar yordamida to‘xtatib qolinishi kerak. Chunki bu vaqtda Rossiya endi nafaqat Ukraina mavjudligi uchun, balki butun Yevropa uchun tahdidga aylanib, chinakam dunyo darajasidagi terrorchi-davlatga aylanadi», deydi Zalujniy.
«Aytish mumkin bo‘lmagan odam»
Zalujniyning yana bir o‘ziga xos jihati – uning rossiyalik harbiylarga munosabatidir. U Economist nashriga bergan intervyusida shunday degandi: «Dushman rus bo‘ladimi yoki boshqami, uni o‘ldirish kerak. Faqat o‘ldirish. Eng asosiysi bu ishni qilishdan qo‘rqmaslik kerak». Boshqa bir intervyusida Zalujniy Qizil maydon va Arbat ko‘chalaridan ehtiyotkorlik bilan tank bilan o‘tishni orzu qilishini aytib, hazillashgan.
O‘z navbatida, Zalujniyning Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovga nisbatan hurmatiga e’tibor qaratmay iloj yo‘q. «U kuchli, ayyor va taxmin qilib bo‘lmaydigan odam. U biz g‘alaba qozonishimiz uchun hurmat qilishimiz kerak bo‘lgan kuchli dushman», degandi Zalujniy Gerasimov haqida Dmitriy Komarovning urush bir yilligi haqidagi «God» filmida.
Time bilan suhbatda Zalujniy harbiy ta’lim bo‘yicha rus maktabini hurmat qilishini aytgan. U Gerasimovning hamma ishlarini o‘qiganini aytib, uni «odamlarning eng aqllisi» deb atagan. «Men rus harbiy doktrinasida ulg‘aydim va Rossiyada hamon harbiy ilm saqlanib qolganiga ishonaman», degandi o‘sha intervyusida Zalujniy.
Aynan mana shu intervyudan keyin Zalujniyning ismi Rossiya Bosh shtabi harbiy akademiyasida tilga olina boshlaydi. BBC bilan suhbatlashgan Rossiya harbiy oliygohidagi manbaning aytishicha, ta’lim muassasasida o‘sha intervyugacha Zalujniyga lord Volan-de-Mortga qaragandek qarashgan. Bu Harri Potter kitobidagi «nomini tilga olish taqiqlangan» zolim sehrgar. Ammo o‘sha intervyudan keyin Zalujniyning ismi nafaqat o‘qituvchilar o‘rtasidagi o‘zaro muhokamada, balki dars jarayonida ham tilga olinadi.
«Dushmanning maqtovi do‘stning maqtovidan qadrliroq ekanini tushunib turibsiz. «Hatto dushmanlar ham hurmat qilishadi» degan ibora esa bu haqiqiy e’tirofdir. Axir biz o‘zimizga shunday ta’rif beramiz-ku», deydi suhbatdosh.
«Mudofaa vazirligidagilar Suriyada o‘zlariga medal taqayotgan bir vaqtda Ukraina armiya tuzdi. Zalujniy shubhasiz Shoygu va Gerasimovdan yaxshiroq urushmoqda va bu qiyin ish emas», deydi BBC bilan suhbatda Baxmutda jang qilgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi o‘rta darajadagi komandirlaridan biri.
Ammo Zalujniyning Gerasimov haqida aytgan gaplari uning hazili bo‘lishi ham mumkin. BBC bilan suhbatda bo‘lgan Zalujniyning ko‘pchilik tanishlari uni hazilkash deb ta’riflagan.
Umidsizlik sindromi
Zalujniy maqtalgan gaplarni ukrain va ko‘plab G‘arb nashrlarida o‘qish mumkin bo‘lgan bir vaqtda uning manziliga yo‘llangan tanqidlarni hatto rus nashrlarida ham uchratish qiyin. Buni bosqindan oldin ko‘pchilik Ukrainada imkoniyatlar deyarli yo‘q deb hisoblagani bilan bog‘lash mumkin. Boshqacha qilib aytganda, Kiyev ruslar tomonidan ularning o‘zi aytganidek uch kunda bosib olinganida ko‘pchilik buni mantiqiy holat deb qabul qilgan bo‘lardi.
Aynan Ukrainaga nisbatan umidsizlik Zalujniy obrazida favqulodda muvaffaqiyatli harbiy rahbarni gavdalantirgan. Va bu orqali uning ehtimoliy kamchiliklari yuvilib ketgandek. Masalan, Ukraina harbiylarining Lisichansk, Severodonetsk yoki boshqa har qanday yo‘nalishdagi chekinishi «qo‘mondonlikning askarlar hayotini saqlashga urinayotgani» deb baholandi. O‘z navbatida, Baxmut uchun jangda shaharning juda ko‘p himoyachilari o‘lib ketdi. Bu holatda ekspertlar Zalujniyning taktikasini oqlashdi, ularning nazdida go‘yo Zalujniy adashishi mumkin emasdek.
Barcha harbiy vertikal ustidan nazorat o‘rnatgan «Temir general»ning qarorlarini tanqid qilish hatto Ukrainada ham qabul qilinmagan holat. Buni urushayotgan davlat uchun odatiy hol deyish mumkin. Ammo BBC muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlarda ba’zi harbiylarning aytishicha, urushdan keyin mamlakat harbiy rahbariyati jiddiy tarzda so‘roqqa tutiladi. Avvalo bosqinga tayyorlanish va urush boshidagi harbiy operatsiyalar uchun.
«Harbiy rahbar sifatida Zalujniyga savollar bor. O‘shanda ko‘p narsa joylardagi komandirlarning qat’iyati evaziga hal bo‘lgandi. Uning o‘zi yetarlicha qat’iyatli emas», deydi BBC bilan suhbatda Ukraina Bosh shtabi ofitseri.
Ruslar Gostomelga desant tushirganda Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari nega yaxshi ishlamagani, ruslar nega Xersonni bunchalik tez egallagani, Qrimdan Mariupolgacha nega bunday tez borishgani kabi murakkab savollar hozirda Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan surishtirilmoqda.
Bu muvaffaqiyatsizlikda Zelenskiy boshliq siyosiy rahbariyatning roli qanday? O‘shanda Ivan Bakanov boshqargan Ukraina Xavfsizlik xizmatining joylardagi bo‘linmalari nima qilgan yoki nima qilmagan? O‘sha vaqtda Zalujniy boshqargan harbiylar to‘g‘ri harakat qilganmi? Bu savollarga ukrainaliklar hali javob olgani yo‘q.

Zalujniy manziliga keyingi tanqidlar uning shaxsiyati bilan bog‘liq. «Agressiv va ambitsiyali qo‘mondon sifatida obro‘ qozonganiga qaramay, Zalujniyni g‘alati odam deb bilishadi. U qo‘l ostidagilarni tartibga solish o‘rniga ularning ustidan kulgan», deb yozgandi Time Zalujniy haqida. Ammo o‘sha nashrning o‘zi bilan suhbatda Zalujniy urushdan avval bosqin bo‘lishini jiddiy qabul qilmagan yuqori lavozimli komandirlarga bir soat baqirganini aytgan. Uni ko‘pchilik qattiq intizom tarafdori deb biladi.
Zalujniy intizom talab qiluvchi ekaniga boshqa bir misol. 2022 yil dekabr oyida Ukraina Oliy Radasi harbiy dezertirlik, pozitsiyani o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, buyruqlarni bajarmaslik va itoatsizlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni qabul qildi. Bundan tashqari, Ukraina parlamenti sudlarga bunday ayblovlar bo‘yicha yengillashtiruvchi holatlarni qo‘llash va shartli jazo tayinlashni taqiqlaydi.
Harbiylar va huquq faollari bunday qonun huquqbuzar harbiylarni konstitutsiya doirasidan chiqarishi, urushga tayyor bo‘lmagan komandirlarga esa askarga ortiqcha bosim qilishga imkon yaratishini aytib, uni tanqid qilishdi.
Muhokama qizigan bir vaqtda esa Zalujniy qonunni qo‘llab chiqdi. «Armiya intizom evaziga mavjuddir. Agar qonunchilikdagi bo‘shliqlar intizom ta’minlanishiga imkon bermasa, «bo‘yin tovlovchilar» faqat jarima va shartli jazo bilan qutulsa, bu adolatdan emas. Frontning bo‘sh qolgan qismini boshqa harbiylar yopishga majbur bo‘ladi. Bu esa yo‘qotishlar ortishiga olib keladi. Boy berilgan pozitsiyalarni odatda hujum bilan, afsuski katta yo‘qotish evaziga qaytib olinadi», degandi Zalujniy qonun haqida.
Zelenskiy qonun har qancha tanqid qilinganiga qaramay, uni imzolaydi. Qonunni himoya qilgani esa endi Zalujniy manziliga tanqidlar yog‘ilishiga sabab bo‘ldi.
«Tinch vaqtdagi xizmat va jangovar vazifa bir-biridan farq qiladi. Zalujniyning birinchi jangovar vazifasi general lavozimida bo‘lgan vaqtiga (aslida polkovnik bo‘lgan vaqtida - BBC) to‘g‘ri keladi. Va bu vaqtda sen dunyoni okopdagi askar bo‘lganingdan boshqacharoq ko‘ra boshlaysan. Inson temirdan emas. Tizim aynan odamlar temirdan bo‘lmagani sabab qoqila boshlasa, uni ahmoqona yo‘l bilan yechmoqchi bo‘lishadi: temir emasmisan? 10 yilga qamoqxonaga jo‘na», deydi Donbassdagi harbiq to‘qnashuvlar veterani Yevgeniy Dikiy.
Boshqa tomondan esa, BBC bilan suhbatlashgan Ukraina armiyasidagi kichik darajadagi komandirning aytishicha, ko‘pchilik komandirlar bu qonunni qo‘llashgan. Uning aytishicha, shu qonundan keyin jangovar buyruqni bajarmaslik holatlari keskin kamaygan. Qonunni o‘z manfaati yo‘lida ishlatish holatlari haqida esa bu suhbatdosh eshitmagan.
Hamma taniydigan qo‘mondon
Umuman olganda, ukrainalik harbiylar orasida Zalujniyni insoniy general deb bilishadi. Masalan, u polkovnik yoki mayorga emas, oddiy askarga qo‘ng‘iroq qilib, frontdagi vaziyat haqida so‘rashi yoki uni shunchaki tug‘ilgan kuni bilan tabriklashi mumkin. Aynan shuning uchun harbiylar orasida «Valera yaxshi bola, u bilan xizmat qilganman», degan hazillar tarqalgandir.
«Avvallari oddiy askarlar bosh qo‘mondonning familiyasini bilmagan bo‘lishi ham mumkin, lekin bugun aniq bilishadi. Askarlar orasida uning nomi qo‘shilgan hazillar juda ko‘p», deydi Ukraina armiyasida jang qilayotgan frontdagi harbiylardan biri BBC bilan suhbatda.
Zalujniy oddiy ofitserning to‘yiga «Dinamo» Kiyev shevroni qadalgan kurtkada paydo bo‘lishi va kelinga «ering bilan muammo bo‘lsa, menga – uning katta komandiriga murojaat qilishing mumkin», deyishi hech gap emas. Yoki bo‘lmasa, Baxmutda halok bo‘lgan 27 yoshli «Da Vinchi» Dmitro Kotsyubayloning dafn marosimiga borib, uning onasi va sevgilisi qarshisida tiz cho‘kishi mumkin.

Zalujniy bosh qo‘mondon etib tayinlanishidan avval ijtimoiy tarmoqda juda faol bo‘lgan. U feysbukda, instagramda, tik-tokda juda faol bo‘lib, oilasi bilan tushgan suratlarini joylar, xizmat haqida yozib, do‘stlari bilan suhbatlashardi. Zalujniyga yozib javob olgan harbiylar ham bor. Keyin u o‘sha do‘stlari bilan bosh qo‘mondon bo‘lganidan keyin shaxsan tanishgan.
Hozir Zalujniyning faqat feysbukda akkaunti qolgan. Unga kirish cheklangan va tug‘ilgan joyi degan bandda Quddus deb yozilgan.
«Bu harbiy harakatga aloqasi bo‘lmagan, ammo noodatiy harakat. Ayniqsa possovet davlatidan chiqqan general uchun. Bu uning dunyoqarashi o‘zgachaligidan dalolat. O‘zgacha dunyoqarashdagi harbiy rahbar esa jang maydonida xavfli dushman, chunki u yana boshqacha noodatiy harakatlar qilishi mumkin», deydi isroillik ekspert David Gendlman general tug‘ilgan joyi sifatida Quddusni ko‘rsatganini izohlar ekan.
Zalujniyning do‘sti Anatoliy Shtefanning aytishicha, u yangiliklarni kuzatish uchun doim vaqt topadi. Ayniqsa Telegram-kanallarni. U ruslar o‘zini «yaralagani va hatto o‘ldirgani»ni aynan shu kanallardan o‘qigan. Do‘stining aytishicha, Zalujniy bu holatni kulgi bilan kuzatgan va javob bergisi kelmagan.

Ammo rossiyalik urush targ‘ibotchisi bo‘lgan jurnalistlar Zalujniy go‘yoki og‘ir miya operatsiyasi o‘tkazgani, Rossiya Tashqi razvedkasi rahbari Sergey Narishkin «Zalujniyning salomatligi haqida ma’lumot olayotgani, lekin bu haqda gapira olmasligi» haqida gapirgach, Shtefan do‘stiga «ruslarning dahshatli sirini ochish»ni taklif qiladi, birgalikda tushgan video e’lon qiladi. Chunki bu vaqtda Zalujniyning holatidan ukrainaliklar ham xavotirga tusha boshlagandi.
«Videoni yozib bo‘lgach, o‘yladik: hozir ruslar «Ana, o‘tiribdi, demak yaralangan» deyishadi. Shu sabab ikkinchi videoni oldik. Unda Zalujniy selfi-kamerani ushlab hammasi yaxshi ekanini aytdi», deydi bosh qo‘mondonning harbiy do‘sti.
Zalujniy ko‘chasi
Rossiya bosqiniga qarshi tura olgan va bosib olingan yerlarning bir qismini qaytarib olgan general kutilganidek Ukrainaning eng mashhur odamlaridan biriga aylandi. Zalujniy qo‘lida victory belgisini ifodalagan va ostiga «Xudo va boshliq Zalujniy biz bilan» deb yozilgan Baxmutdagi elektronika do‘koni shahar ramziga aylandi. Ukraina radiolarida Oisho BTZ guruhi ijro etgan «Zalujniy qo‘zg‘atadi» degan qo‘shiq xitga aylandi.
Mamlakatning bir necha shaharlarida Zalujniy nomi berilgan ko‘chalar paydo bo‘ldi. Masalan, Konotop shahridagi rus adibi Turgenev nomiga qo‘yilgan ko‘cha shunchaki shahar kengashi xulosasi bilan Zalujniy sharafiga qayta nomlandi. Bu haqda Ukraina bosh qo‘mondonidan so‘rab ham o‘tirishmagan. Ukraina Oliy Radasida Xarkivdagi Vatutino qishlog‘ini Zalujniy sharafiga qayta nomlash borasida loyiha kiritilgan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida tashkil etilgan bu qishloqning eski nomi yo‘q. Mahalliy aholi qishloqlari aynan Zalujniy nomi bilan atalishini xohlamoqda.
Zalujniy tug‘ilgan Zvyagel shahri aholisi esa o‘z shaharlari nomi yana bir marta o‘zgarib Zalujniy deb atalishiga qarshi emas.
«Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Zalujniyga ishonch juda yuqori, total deyish ham mumkin. 90 foiz atrofida ekani aniq. Xuddi shuncha odam bizning g‘alabamizga ham ishonmoqda. Bu borada Zalujniy va Zelenskiyning reytingi yaqin. Qolgan siyosatchilarning reytingi ular bilan taqqoslaganda sezilarli darajada past», degan BBC bilan suhbatda sotsiolog Aleksey Antipovich.

Polittexnolog Sergey Gayday Zalujniy ukrainaliklar orasida favqulodda mashhur ekanining asosiy uchta omilini sanadi.
Birinchidan, lavozimning o‘zi. «Bunday lavozimdagi har qanday odam mashhur bo‘lardi. Ukraina armiyasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarib, biz tirik qolayotgan ekanmiz, bosh qo‘mondonning reytingi shubhasiz yuqori bo‘ladi», deydi Gayday.
Ammo sotsiologning fikricha, Zalujniyga boshqa qo‘shimcha xususiyatlar ham yo‘q emas. Axir yosh askarni o‘z bolasiday quchoqlaydigan, bunday beg‘ubor kuladigan generalni tasavvur qilish qiyin. Bu borada Zalujniy chindan noodatiy inson.
Uchinchidan, Gaydayning fikricha, Zalujniy qachon omma oldida ko‘rinish berishni bilgani uchun ham mashhur. Masalan, u harbiy razvedka boshlig‘i Kirill Budanov kabi o‘nlab intervyu bermaydi, faqat tirik ekanini isbotlash uchungina ko‘rinish beradi. Yoki shunchaki G‘arbdagi biror ittifoqchisi bilan gaplashgani haqida xabar berishi mumkin. U bunday mashhurlikdan shunchalik qochadiki, hatto o‘ziga meros qoldirilgan 1 million dollarni armiya ehtiyojlariga sarflashi haqida yozma axborot berish bilan kifoyalandi. Ha, Zalujniy umuman tanimaydigan, kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan amerikalik Grigoriy Stepanets unga 1 million dollar meros qoldirgandi.
«Axborot makonida ko‘rinish berishdagi bundayin mukammal balansni saqlash yoki uning tabiatida bor xususiyat yoki uning yonida shunday qilish kerakligini aytib turadigan kimdir bor», deydi Gayday.
Urushdan keyin «Harbiylar partiyasi»
Hozir Ukrainada urushayotganlar orasida rasman siyosatchilar yo‘q. Ammo axborot makonida Zalujniy kabi mashhur harbiyning paydo bo‘lishi hozirdan urushdan keyingi siyosat qanday bo‘lishi haqida o‘ylayotganlarning e’tiborini tortmay qolmaydi.
BBC manbalariga ko‘ra, yopiq ijtimoiy so‘rovlarda «Zalujniy partiyasi» bo‘lishi haqida oxirgi oylarda tobora ko‘proq odam gapirmoqda. So‘rov natijalaridan xabardor manbaning aytishicha, hozir parlament saylovi o‘tkazilsa, «Zalujniy partiyasi» Radada Zelenskiyning «Sluga naroda» partiyasidan keyingi ikkinchi o‘rinda bo‘lardi.

«Zelenskiyda bunaqa mavzuda g‘ayirlik qilishga vaqt bor deb o‘ylamayman. U butun e’tiborini urushga va G‘arbdagi ittifoqchilaridan qurol olishga qaratgan. Shu sabab o‘tirib reytingni hisoblashga imkoni yo‘q», deydi prezident atrofidagi manba. Uning aytishicha, Zalujniyni iste’foga chiqarish masalasi ham ko‘rib chiqilmayapti, harbiy vertikal me’yorida ishlamoqda. Shuningdek, bu manba Zalujniyda siyosiy imij shakllanayotgani, urushdan keyin u hukumatda ko‘rinish berishi mumkinligiga normal qarashini aytgan.
«Tabiiyki Zelenskiyni yoqtirmaydigan odamlar ko‘p va bu normal holat. Bunday odamlar atrofida to‘planishi mumkin bo‘lgan odam izlashi ham normal holat. Zalujniy nomi bunday muhokamalarda tilga olinishi tabiiy. Axir u «Temir general», kam gapirib, ko‘p ish qiladi. Bunday odamlar urushdan keyin Zalujniyning oldiga borib siz siyosatga kirishingiz kerak, bu vatan oldidagi qarzingiz, deyishi, Zalujniy esa bunday taklifni qabul qilib Zelenskiyga alternativ siyosatchiga aylanishi ham normal holat», deydi BBC suhbatdoshi.
Ukrainalik sotsiologlar va siyosatshunoslar hozirda armiyaga bo‘lgan ishonch balandligi bois urushdan keyin mamlakat siyosatida harbiylar partiyasi bo‘lishi yoki harbiylar orasidan chiqqan siyosiy yetakchi paydo bo‘lishi haqida ancha vaqtdan buyon gapirib kelishadi. Aynan Zalujniy atrofida birlashgan jamoa bunday ijtimoiy talabni qondirishi mumkin.
Ammo sotsiolog Aleksey Antipovich xulosa qilishga shoshmaslikni maslahat bergan.
«Avvalo Ukraina qanday g‘alaba qozonishi, u qanday tovon evaziga qo‘lga kiritilishini kutish kerak. Ikkinchidan, g‘alaba Ukraina armiyasiga bo‘lgan 100 foizlik ishonchni saqlab qoladimi? Chunki bizning armiyada korrupsiya va boshqa yoqimsiz holatlar ko‘p. Urush tugashi bilan hammasi yuzaga chiqadi. Zalujniy va Zelenskiyning ko‘rsatkichlari, armiya bir qatorga qo‘yiladi. O‘shanda aniqroq raqamlarga ega bo‘lishi mumkin.
Hozirdan aniqki, urushdan keyin Ukrainani iqtisodiy kollaps va kamida iqtisodiy inqiroz kutmoqda. Zalujniy harbiy va jang maydonidagina kuchli, aqllilar yutadi. Siyosatda esa boshqacha talablar bor. Rossiya ustidan g‘alaba qozongan taqdirda u bunday o‘yinni o‘ynashni xohlashini ham kutish qiyin», deydi sotsiolog.
Siyosatshunos Nikolay Davidyukning aytishicha, Zalujniy siyosatga kirishi ham xato bo‘lmaydi: «Aksincha bu uni himoyachi va yetakchi deb hisoblaydigan o‘n millionlab odamlarning istagini bajarish bo‘ladi. Zelenskiy qochmagan bo‘lsa, Zalujniy himoya qildi. Bu uning asosiy ustunligi», deydi suhbatdosh.
BBC ushbu materialni tayyorlash davomida Valeriy Zalujniyga intervyu berishini so‘rab murojaat qilgan va rad javobini olgan.
Manba: Kun.uz
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!