date
views 435

Putinning jiyani harbiy bankning top-menejeri ekani aniqlandi

Foto: “Promsvyazbank” axborot xizmati

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qarindoshlari banklar va davlat korporatsiyalarida ishlashni afzal ko‘radi. Jumladan, Putinning jiyani Vera Podguzova 2020-yilda “Promsvyazbank” katta vitse-prezidenti bo‘lgan, o‘sha paytda u 36 yoshda edi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.

“Promsvyazbank” davlat mudofaa buyurtmasiga xizmat qilgani uchun G‘arb sanksiyalari ostida. Putin jiyanining oylik maoshi deyarli 2 million rublni (taxminan 20 715 dollar) tashkil qiladi. Uning turmush o‘rtog‘i Dmitriy Podguzov Rossiya temiryo‘llari kasalxonasida ma’muriy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

Vera Podguzova 23 yoshiga qadar otasi, harbiy jarroh Aleksandr Sokolovning familiyasida bo‘lgan. Biroq u 2007-yilda Vera Putina bo‘lishga qaror qilgan. Aynan o‘sha paytda uning siyosiy karyerasi boshlangan.

“Rossiya Yedinaya” partiya jurnali bosh muharriri sifatida 2 yillik faoliyatidan so‘ng u partiyaning kadrlar zaxirasiga kiritilgan. U darhol Sankt-Peterburg markaziy okrugi munitsipial deputati etib saylangan. 2010-yil sentabrda “Ganzakombank” direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.

Vera “Promsvyazbank”ka o‘tgunga qadar Rossiya eksport markazida tashqi aloqalar va kommunikatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktor bo‘lib ishlagan.

Podguzova onasi tomonidan Putinning jiyani hisoblanadi. Intervyuda u “ota-onasi” tomonidan unga omad kulib boqqani haqida aytgan.

“Ular menga ko‘p narsani o‘rgatdi — har biri o‘z yo‘lida va men yillar davomida ko‘p narsalarni tushundim. Oila a’zolarimning ba’zi xususiyatlari menda tabiiy ravishda uyg‘onadi, buning uchun juda minnatdorman”, — degan u.

Putinning yana bir jiyani Yelena Jidkova Rossiyaning 75 ta subyektidagi 360 ta shifoxona va poliklinikani o‘z ichiga olgan “RJD-Meditsina” rahbari. Uning yillik daromadi 20 million rublni (taxminan 206 675 dollar) tashkil qiladi. Uning onasi prezident ma’muriyatining amaldorlar davolanadigan poliklinikasida bosh shifokor o‘rinbosari hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning jiyani harbiy bankning top-menejeri ekani aniqlandi