Rossiyalik leytenant Litvaga qochib ketib, siyosiy boshpana so‘radi

Rossiya Qurolli kuchlari leytenanti Ivan Korolev Litva chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, siyosiy boshpana so‘radi. Bu haqda Korolevga tayanib, BBC rus xizmati xabar berdi.
Harbiy xizmatchi 59313-39-sonli (“Sharqiy harbiy okrugning birlashgan strategik qo‘mondonligi”) harbiy qismda xizmat qilgan. Bu qism Xabarovsk o‘lkasining Teysin qishlog‘iga joylashtirilgan.

Korolev Vilnyusga yetib olishga muvaffaq bo‘lgan va u yerda 10-avgust kuni Litva chegara xizmati tezkor xodimlari tomonidan avtovokzalda qo‘lga olingan. Shundan so‘ng u chegara postiga qaytarilib, u yerda yana bir kun qolgan.
Korolevning so‘zlariga ko‘ra, 3-avgust kuni u “qonli urushda” qatnashishni istamagani sababli Rossiyani tark etishga qaror qilgan.
“Men ‘maxsus harbiy operatsiya’da qatnashdim, lekin shu vaqtgacha Rossiya hududida edim. Ukrainada bo‘lmaganman, biz rus qo‘shinlarini o‘q-dorilar bilan ta’minlash bo‘yicha shug‘ullanardik. Rossiyadagi barcha bo‘linmalardan o‘q-dorilarni olib, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainadagi brigadalarga, bo‘linmalarga tarqatdik”, — deydi leytenant.
U artilleriya omborining hisob va ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari ekanini aytdi. Korolevning boshpana haqidagi arizasi ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan. Shundan so‘ng u Pabradedagi migratsiya markaziga yuborilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!