Foto: RIA Novosti
Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston bilan gaz sanoati sohasida hamkorlik qanday amalga oshirilayotganini bayon qildi.
Energetika vazirligi rasmiy vakili Chingiz Ilyosov so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil noyabr oyida gaz sohasida mamlakatlar o‘rtasida uchtomonlama hamkorlikni shakllantirish tashabbusi Rossiya tomonidan e’lon qilingan.
«Bu davlatlar bilan gaz sohasida hamkorlik o‘zaro manfaatli sheriklik asosida ikki tomonlama formatda amalga oshirilmoqda», dedi Ilyosov.
Qozog‘iston gaz transport tizimi Rossiya gazini O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha tranzit qilish uchun imkoniyatga ega ekanini hisobga olib, Qozog‘iston hukumati va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi o‘rtasida chora-tadbirlar rejasi imzolangan. U Rossiya gazini O‘zbekistonga tashish uchun «Markaziy Osiyo – Markaz» magistral gaz quvurini texnik tayyorlashni o‘z ichiga oladi.
«Bugungi kunda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazish uchun «Markaziy Osiyo - Markaz» gaz quvurining Qozog‘iston qismini texnik jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ishlar 2023 yil 1 oktyabrgacha yakunlanishi rejalashtirilgan», dedi Energetika vazirligi vakili.
Avvalroq, Qozog‘istonning QazaqGaz kompaniyasi 2023 yil oktyabr oyidan boshlab «Markaziy Osiyo – Markaz» quvuri orqali Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!