
Soat 21:50 atrofida Maxachqal'adan chiqishdagi Novokuli qishlogʻining Kulinskaya koʻchasi va Federal shosse chorrahasida joylashgan avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasida ish jarayonida portlash tufayli oʻt chiqqan, koʻp oʻtmay yongʻin avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchasiga ham tarqalgan.
TASS agentligi favqulodda xizmatlarga tayanib yozishicha, avtozapravkada yonilgʻi toʻldirilgan sakkizta tsisternadan ikkitasi portlab ketgan. Yongʻin maydoni 600 kvadrat metrni tashkil etgan. Yongʻinni oʻchirishga uch soat vaqt ketgan. Oʻt oʻ chirish ishlariga 70 dan ortiq xodim va 20 ta texnika jalb etilgan. Shuningdek voqea joyiga 200 nafarga yaqin politsiyachi etib kelgan. Dogʻiston rahbari qayd etishicha, favqulodda xizmatlar xodimlari harakatlari tufayli «birinchi portlashdan omon qolgan yonilgʻi baklari yonishi va portlashining oldi olingan, aks holda oqibatlar bundan ham ogʻir boʻlishi mumkin edi».
Portlash va yongʻinning aniq sabablari hozircha aniqlanmagan. «Huquq-tartibot organlari tekshiruv oʻtkazmoqda, uning yakunlariga koʻra adolat qaror topishi va dogʻistonliklarning xavfsizligi ta'minlanishi uchun barcha choralar koʻriladi», — degan Melikov.
Tergovchilarga koʻra, portlashga tez alangalanuvchi oʻgʻit sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Tergov qoʻmitasi portlash fakti boʻyicha ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning oʻlimiga sabab boʻlgan iste'molchilar hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan xizmatlar koʻrsatish moddasi (JK 238-modda, 3-qismi) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.
Dogʻiston rahbari qurbonlarning oilalariga respublika fondidan moddiy yordam sifatida million rubldan ajratilishini e'lon qilgan. Jarohat olgan fuqarolarga esa, jarohatining jiddiylik darajasiga koʻra 200 ming rubldan 400 ming rublgacha tovon puli toʻlab beriladi.
15 avgust kuni butun Dogʻiston boʻylab motam e'lon qilindi — davlat bayroqlari tushiriladi, madaniyat muassasalari va telekanallarga koʻngilochir tadbirlar va dasturlarni bekor qilish tavsiya etilgan.