Videodan kadr
“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Afrika davlatlaridan birida ekani aytilgan videomurojaat yo‘lladi. Video, xususan, kompaniyaga yaqin Grey Zone Telegram kanalida e’lon qilindi.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, hozir “Vagner” ISHID, “Al-Qoida” va boshqa to‘dalarni “dahshatga solyapti”.
Tadbirkor, shuningdek, “Vagner” o‘z oldiga qo‘yilgan va “erishishga va’da bergan” vazifalarni bajarishda davom etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi kompaniya “qahramonlarni ishga olyapti”.
Prigojin Afrikaning qaysi davlatida ekani va “Vagner” aynan qanday vazifalarni bajarayotganiga aniqlik kiritmadi.
“Vagner” qo‘zg‘olonidan keyin Kreml Prigojin bilan kelishuvga erishgani, u o‘z yollanma askarlari bilan Belarusga ketishga rozi bo‘lganini e’lon qilgandi. Keyinchalik mustaqil kuzatuvchilar Belarusda “Vagner” otryadlari paydo bo‘lganini qayd etdi. Shu bilan birga, Prigojinning samolyoti bir necha bor Belarus va Rossiya o‘rtasida parvoz qilgan, bir marta tadbirkor va “Vagner” komandirlari Kremlga tashrif buyurib, Vladimir Putin bilan uchrashgan.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!