Foto: AFP
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga boradi. Bu haqda Yeni Safak xabar berdi.
Dastlab Erdo‘g‘onning idorasi Putinning Turkiyaga kelishini da’vo qilgan, biroq Kreml uchrashuv joyi hali aniqlanmaganini qayd etgan.
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlar, Ukraina va don bitimini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Nashrning yozishicha, Erdo‘g‘onning tashrifi g‘alla bo‘yicha kelishuvni amalga oshirishni davom ettirish uchun muhim qadam bo‘ladi.
Yaqin kunlarda Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Rossiyaga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Putin va Erdo‘g‘on uchrashuvi
2 avgust kuni telefon suhbatlari yakunida Turkiya va Rossiya yetakchilari yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi. Erdo‘g‘onning idorasi Rossiya prezidentining Turkiyaga tashrif buyurishga roziligini da’vo qildi.
Turkiya matbuoti Putinning Turkiyaga avgust oxiri yoki sentyabr boshida tashrif buyurishini yozgan.
21 avgust kuni Rajab Toyyib Erdo‘g‘on sentyabr oyida G20 sammiti yoki BMT Bosh Assambleyasi doirasida rossiyalik hamkasbi bilan shaxsan uchrashishga umid qilayotganini aytgan. Shu bilan birga, Putin ushbu tadbirlarda ishtirok etishini hali tasdiqlamagan.