date
views 496

Tergov qo‘mitasi Prigojinning o‘limini tasdiqladi

Tergov qo‘mitasi Prigojinning o‘limini tasdiqladi
Foto: Getty Images

Molekular-genetik ekspertiza natijalari Tver oblastidagi aviahalokatda halok bo‘lganlarning shaxsi parvoz varaqasidagi ro‘yxatga mos kelishini ko‘rsatdi, deb xabar berdi RF Tergov qo‘mitasi. Shunday qilib, idora «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin va uning komandiri Dmitriy Utkinning o‘limini rasman tasdiqladi.

Ekspertiza natijalari samolyot bortida bo‘lgan o‘n kishining shaxsini tasdiqlagan. Rosaviatsiya ro‘yxatiga ko‘ra, samolyotda yetti yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan.

Yo‘lovchilar sifatida Sergey Propustin, Yevgeniy Makaryan, Aleksandr Totmin, Valeriy Chekalov, Dmitriy Utkin, Nikolay Matuseyev va Yevgeniy Prigojin nomlari keltirilgan. Ekipaj a’zolari bort komandiri Aleksey Levshin, ikkinchi pilot Rustam Karimov va bort kuzatuvchisi Kristina Raspopovadan iborat edi.

Bunga qadar Yevgeniy Prigojin va Dmitriy Utkinning qiyofadoshlar va soxta pasportlarga egaligi fakti ularning o‘limiga gumon paydo qilgandi.

23 avgust kuni Moskvadan Peterburgga parvoz qilgan Embraer Legacy 600 biznes-jeti Tver oblasti ustida halokatga uchragandi. Samolyot havodayoq parchalanib ketgan - videoyozuvlarda parchalarning pastga qulashi aks etgan. Yerga tushgan dum qismi elementlari fyuzelajdan 2,5 km masofada topilgan.

RF Tergov qo‘mitasi harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish (RF JK 263-modda) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergov qo‘mitasi istalgan aviahalokatdan keyin shu modda bo‘yicha ish ochadi.

Samolyot halokati yuzasidan izoh berarkan, RF prezidenti Vladimir Putin Prigojinni 1990-yillardan buyon taniganini aytib o‘tdi. «Bu murakkab taqdirli inson edi, hayotda jiddiy xatolari ham bo‘ldi va kerakli natijalarga ham erishdi — o‘zi uchun ham va men bu haqda so‘raganimda, so‘nggi oylardagi kabi umumiy ish uchun ham. U iste’dodli inson, iste’dodli biznesmen edi», — degandi u.

Aviahalokat Prigojinning isyonidan ikki oy o‘tib ro‘y berdi. 24 iyun kuni «Vagner» XHK jangchilari Rostov-na-Donda Janubiy harbiy okrug shtabini egallagan, Prigojinning o‘zi esa Rossiya harbiy rahbariyatiga qarshi marsh qilib «Moskvaga borishi»ni ma’lum qilgandi. Isyon oxiriga yetmay qoldi: Kreml va Prigojin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko vositachiligida kelishuvga erishilganini e’lon qildi.

Iyul oyi oxirida Prigojinga aloqador manbalar biznesmenni «Rossiya-Afrika» sammitida uchratishgani haqida xabar bergandi. Bu esa Prigojin ushbu mintaqadagi faolligini tiklash niyatidan dalolat berardi.

Aviahalokatdan bir necha kun oldin Prigojinning Afrika mamlakatlaridan birida olingan videomurojaati tarqalgandi. «Vagner» XHK Rossiyani barcha qit’alarda buyuk qilishga kirishdi. Afrikani esa yanada erkin qilishga. ISHID, Al-Qoida va boshqa bandalarni qo‘rqitamiz. Haqiqiy bahodirlarni ishga olamiz. Oldimizga qo‘yilgan va biz uddalashga va’da bergan vazifalarni bajarishda davom etamiz», – degandi u. Bu uning so‘nggi murojaati bo‘lib qoldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tergov qo‘mitasi Prigojinning o‘limini tasdiqladi