date
views 451

“Ertaga kech bo‘ladi”: Qirg‘izistonda burqa va niqob kiyishni taqiqlash taklif etildi

“Ertaga kech bo‘ladi”: Qirg‘izistonda burqa va niqob kiyishni taqiqlash taklif etildi

Illustrativ foto: AP Photo

Qirg‘izistonda jamoat joylarida yuzni to‘liq qoplaydigan kiyim kiyishni taqiqlash taklif etildi. Bu haqda Kursiv xabar berdi.

Deputat Sharapatkan Majitova parlament yig‘ilishida tegishli taklifni ilgari surgan. U Qirg‘iziston parlamenti yig‘ilishida mamlakatda radikal diniy oqimlar soni ortib borayotganini aytdi.

Majitova O‘zbekistonda jamoat joylarida yuzni berkituvchi yoki shaxsni tanib olishni qiyinlashtiradigan kiyim kiyishni taqiqlovchi qonun qabul qilinganini ta’kidladi.

“Masalan, qo‘shni O‘zbekistonda ular dinga yanada qattiqroq amal qiladilar, lekin ularning konstitutsiyasida O‘zbekiston respublikasi dunyoviy davlat ekani, shuning uchun jamoat joylarida paranjida bo‘lish taqiqlangani qayd etilgan.

Qizlar maktablarda paranjida yurishmaydi. Ularning parlamenti bu haqda qonun qabul qildi. Demak, bunday qonun hujjatlarini qabul qilish mumkin va u dindorlarning huquqlarini buzmaydi”, — dedi u.

Majitova ro‘molga qarshi emasligini qo‘shimcha qildi. Lekin u ayollarning yuzlari to‘liq yopilishini istamaydi.

“O‘shda har to‘rtinchi ayol paranjida. Ularning soni kundan kunga ortib bormoqda. Shuning uchun Vazirlar Mahkamasidan davlat darajasida chora ko‘rishni so‘rayman, aks holda ertaga kech bo‘ladi. Davlat xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘rishi kerak”, — deya xulosa qildi deputat.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Ertaga kech bo‘ladi”: Qirg‘izistonda burqa va niqob kiyishni taqiqlash taklif etildi