Ukraina parchalangani va u yerda fuqarolar urushi boshlangani uchun javobgarlik G‘arb mamlakatlari zimmasida. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik Kengashining Ukrainaga oid yig‘ilishida ma’lum qildi.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, hozir ko‘pchilik insonning asosiy huquqlariga rioya qilish kafolatlari bilan Donbassni sobiq sovet respublikasining boshqa qismi bilan birlashishini nazarda tutuvchi Minsk kelishuvlari ma’nosini unutib qo‘ygandek qilib ko‘rsatmoqda.
“Ularning bajarilishini barbod qilgan G‘arb Ukraina parchalanishi va u yerda fuqarolar urushi boshlanishi uchun bevosita javobgardir”, - deya ta’kidladi Rossiya TIV rahbari.
Vazir Rossiya raqiblari bostirib kirish, tajovuz va bosib olish haqidagi so‘zlarni tobora ko‘proq aytayotgani, biroq hozirgi inqirozning asosiy sabablari haqidagi munozaralardan qochayotganini qayd etdi.
“U yerda ular uzoq yillar davomida oshkora Ikkinchi jahon urushi yakunlari va o‘z xalqi tarixini qayta yozayotgan natsist rejimini ochiqchasiga tarbiyalab o‘stirishgani borasida lom-mim deyishmaydi. Faktlar va Nizomning (BMT – tahr.) barcha talablarini hurmat qilgan holda asoslangan bafurja suhbatdan G‘arb qochmoqda”, - dedi Lavrov.
Diplomat muzokaralar masalasiga to‘xtalib, Moskva undan bosh tortmayotgani va bu haqda prezident Vladimir Putin bir necha marta ta’kidlaganini eslatdi. Muloqot boshlashga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning farmoni to‘sqinlik qilyapti.
“Agar AQSH shunchalik manfaatdor bo‘lsa, o‘ylaymanki, bu farmonni bekor qilish uchun buyruq berish unchalik mushkul bo‘lmaydi”, - dedi Lavrov AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenga yuzlanib.
Eslatib o‘tamiz, 19-26 sentyabr kunlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Rossiya delegatsiyasiga Sergey Lavrov boshchilik qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!