Foto: Manuel Balce Ceneta/AP Photo/picture alliance
AQSH Kongressi Ukrainaga qo‘shimcha yordam uchun mablag‘ ajratmagan vaqtinchalik budjet bo‘yicha kelishuvga erishganidan so‘ng, AQSH prezidenti Jo Bayden Kiyevni Vashington uni qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirdi. «Amerika ittifoqdoshlarimizni, Amerika xalqini va Ukraina xalqini ishontirib aytmoqchimanki, siz bizning yordamimizga tayanishingiz mumkin. Biz buni rad etmaymiz», - dedi Amerika yetakchisi 1 oktyabr, yakshanba kuni Oq uyda so‘zlagan nutqida.
Bir kun oldin AQSH Kongressi ikki partiyaviy ko‘pchilik ovoz bilan federal hukumatning yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun atigi 45 kunga amal qiladigan vaqtinchalik budjet loyihasini ma’qulladi. Biroq bu hujjatda Ukrainaga hech qanday yordam nazarda tutilmagan. Amerika Qo‘shma Shtatlari sobiq prezidenti Donald Trampga yaqin bo‘lgan bir guruh qonun chiqaruvchi respublikachilar mamlakatga keyingi yordam ko‘rsatishga qarshi chiqdi.
Oq uy rahbari yangi qo‘llab-quvvatlash paketini tasdiqlash uchun ko‘p vaqt qolmagani haqida ogohlantirdi. Yakshanba kungi nutqida Bayden Kongressning Kiyevga yordam ko‘rsatishni ma’qullashi uchun «shoshilinch choralar ko‘rishi»ni bildirdi. AQSH prezidenti respublikachilarni tasdiqlangan vaqtinchalik budjet muddati tugaganidan keyin yangi budjet inqirozining oldini olishga chaqirdi hamda respublikachilar va demokratlar «sof siyosiy sabablarga ko‘ra Ukrainada bundan ham ko‘proq odamlarning keraksiz o‘limiga yo‘l qo‘ymasligiga» ishonch bildirdi.
Kiyevning Kongress qaroriga munosabati
Ukraina hukumati, o‘z navbatida, Vashingtonning qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi. Ukraina TIV matbuot kotibi Oleg Nikolenkoning aytishicha, Kiyev amerikalik hamkorlari bilan AQSHning navbatdagi budjetiga «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yangi mablag‘lar» kiritilishini ta’minlash uchun «faol» ishlamoqda.
Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov 1 oktyabr kuni xabar qilganidek, uning amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin telefon suhbatida Vashingtonning Kiyevni urushda himoya qilishda qo‘llab-quvvatlashi davom etishiga ishontirdi.
Ukrainaga eng katta yordamni AQSH ko‘rsatdi
Qo‘shma Shtatlar 2022 yil fevralida harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Ukrainaga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan davlatdir. Vashingtonning yordami hajmi allaqachon 110 milliard dollarni (103,9 milliard yevro) tashkil etdi.
AQSHning yangi budjet loyihasi 24 milliard dollarlik qo‘shimcha yordam paketini o‘z ichiga olgan, ammo endi bu paket Kongress tomonidan alohida tasdiqlanishi kerak. Amerika matbuoti xabarlariga ko‘ra, yaqin orada bu masala bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tadi.