date
views 211

G‘azo suvsiz, oziq-ovqat va dori-darmonlarsiz qolishi mumkin

G‘azo suvsiz, oziq-ovqat va dori-darmonlarsiz qolishi mumkin

Foto: Getty Images
Falastin muxtoriyati ma’muriyati rasmiylari Isroil HAMAS a’zolari hujumiga javoban elektr, gaz va suvni uzish, shuningdek, sektor hududiga oziq-ovqat va dori-darmonlar yetkazib berishni to‘xtatishga qaror qilgani tufayli G‘azoda og‘ir gumanitar inqiroz yuzaga kelishi mumkinligini aytishmoqda.

9 oktyabr kuni Isroil Falastinning mazkur hududi to‘liq blokada qilinishini e’lon qildi, mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu yerga shanba kunidan buyon insonparvarlik yordamlari yetib bormayapti.

G‘azoda 2,3 mln atrofida odam yashaydi, shundan 80 foiz qismi insonparvarlik yordamlari yetkazib berilishiga qaram holatda. Bu hududni G‘arbning qator mamlakatlari terrorchilik tashkiloti deb tan olgan HAMAS harakati nazorat qiladi.

Ammo G‘azoning sohil qismi va havo kengliklari Isroil nazoratida qolgan. G‘azo hududiga aynan qanday yuklar va odamlar kirishini ham isroilliklar nazorat qiladi.

Falastinliklarning shanba kuni tongida boshlangan hujumidan keyin Isroil G‘azoga borishi mumkin bo‘lgan barcha ta’minotni to‘xtatdi.

Natijada G‘azoda yashovchi aholi elektr va internetsiz qolgan, tez orada ularda ichimlik suv va oziq-ovqat ham tugashi mumkin.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, G‘azoda qolgan yonilg‘i miqdori 72 soatdan ortiq vaqtga yetmaydi.

Zarbalar oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lmoqda

Dushanba kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant G‘azo to‘liq blokada qilinishiga va’da berdi.

«Hech qanaqa elektr, hech qanaqa oziq-ovqat, hech qanaqa suv, hech qanaqa gaz. Barchasi yopiladi», — degan u.

Avvalroq Falastin muxtoriyati sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil hukumati harakatlari tufayli G‘azodagi tibbiyot muassasalarida dori-darmon va boshqa zarur zaxiralar, jumladan yonilg‘i yetishmovchiligi boshlanganini ma’lum qilgandi.

Falastin hukumati xalqaro hamjamiyatni Isroilni elektr uzatish, shuningdek hayot kechirish uchun birinchi navbatda zarur bo‘lgan dori-darmon va yonilg‘i ta’minotini tiklashga ko‘ndirishga chaqirdi.

HAMAS hujumiga javoban Isroil G‘azo sektorini shiddatli o‘qqa tutmoqda

Isroil shanba kunidan G‘azo bo‘ylab yoppasiga havo zarbalari bera boshladi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu zarbalar oqibatida 700 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 4 mingga yaqin kishi yaralangan. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, qurbonlar orasida 143 bola va 105 ayol bor. 

Vazirlik to‘lib-toshgan shifoxonalarga shoshilinch tibbiy yordamlar yetkazish uchun xavfsiz yo‘lak tashkil etishni so‘ragan. Falastin tomoni Isroil harbiylari Xan-Yunis shahri yaqinida tez yordam mashinasiga zarba bergani, Beyt-Xanunga qilingan hujum vaqtida shahardagi yagona shifoxona vayron bo‘lganini aytishgan.

Guvohlarning qayd etishicha, yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi G‘azo bo‘ylab yo‘llangan zarbalar so‘nggi yillardagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lgan. Zarbalar erta tongga qadar davom etgan va G‘azo osmonini qora tutunlar ustuni va vayron bo‘lgan binolar chang-to‘zoni qoplagan.

Zarbalarning bir qismi HAMAS harakati a’zolari shanba kuni tongda Isroil hududi bo‘ylab raketalar uchirgan chegara hududlari bo‘ylab yo‘llangan.

Isroil zarbalar HAMASning G‘azodagi obyektlariga yo‘llanayotganini iddao qilmoqda, ammo Falastin muxtoriyati sog‘liqni saqlash vazirligi Al-Shati va Jabaliyadagi qochqinlarning ikki lageri, shuningdek BMTning G‘azodagi maktabiga ham zarba berilganini bildirgan, maktab hududida yuzlab tinch aholi vakillari yashiringandi.

BMT vakillari maktab otishmalar oqibatida jiddiy shikastlanganini tasdiqlagan, ammo bu yerda jabrlanganlar bo‘lmagan.

Dushanba kuni BMT 123 mingdan ortiq g‘azoliklar o‘z uylarini vaqtincha tark etishga majbur bo‘lgani haqida hisobot berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azo suvsiz, oziq-ovqat va dori-darmonlarsiz qolishi mumkin