Foto: kremlin.ru
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadroviy tiyib turuvchi kuchlar mashqini o‘tkazdi. Bu haqda Kreml sayti xabar berdi.
Mashg‘ulotlar doirasida Plesetskdagi kosmodromdan Kamchatkadagi poligonga «Yars» qit’alararo raketasi, Barens dengizidagi «Tula» atom suvosti kemasidan «Sineva» raketasi uchirildi.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlar doirasida uzoq masofaga uchuvchi Tu-95MS samolyotlari havo raketalarini ham uchirdi.
Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Putinga bergan hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, mashg‘ulotlar davomida «dushmanning yadroviy zarbasiga javoban ommaviy yadro zarbasi» ham sinab ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, 25 oktyabr kuni Rossiya Federatsiya Kengashi yadroviy sinovlarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechish haqidagi qonunni ma’qulladi. Rossiya hukumati o‘z harakatlarini boshqa ko‘plab davlatlar, xususan, AQSH ushbu shartnomani ratifikatsiya qilmagani bilan izohladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring