Foto: REUTERS/Dilara Senkaya
28 oktyabr kuni Istanbul aeroportida Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘n minglab odamlar yig‘ildi. Namoyish oldindan rejalashtirilgandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yig‘ilganlarga murojaat qilib, Isroilni «bosqinchi» deb atadi va uni harbiy jinoyatlarda aybladi.
Dastlab u yig‘ilganlarga minnatdorchilik bildirib, G‘azoga qarshi boshqa hujumlarga toqat qilmasligini aytdi.
«Falastinliklar bilan birdam bo‘lganingiz uchun har biringizga minnatdorchilik bildiraman. G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealar uchun yuragimiz eziladi. Biz Falastindagi vahshiyliklarga qarshi chiqishda davom etamiz. G‘azo o‘tmishda vatanimizning ajralmas qismi edi. Biz mazlumlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bu yerga keldik. Bu ommaviy namoyish G‘azoga qarshi boshqa hujumlarga toqat qilmasligimizni ko‘rsatadi», dedi u.
Erdo‘g‘an HAMAS harakatini terrorchi tashkilot emasligini ta’kidladi, Isroilni esa «bosqinchi» dedi.
«HAMAS terror tashkiloti emasligini ochiq aytganimizda, Isroil xafa bo‘ldi. Biz shunday munosabatda bo‘lishingizni bilardik, lekin biz bu bayonotimizda sobit turamiz. Biz faqat G‘azodagi vahshiylikni qoralamaymiz, kelajagimizni himoya qilamiz. Sen, Isroil, bosqinchisan, sen istilochisan. G‘arb sizlardan qarzdor, lekin Turkiya sizga hech qanday qarzdor emas», dedi u.
Shu bilan birga, Turkiya prezidenti Isroilni harbiy jinoyatlarda aybladi va o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
«Isroil 22 kun ketma-ket harbiy jinoyatlarni sodir etdi. G‘arb ayollar va bolalarni o‘ldirishni qonuniylashtirishga harakat qilmoqda. Men G‘arbdan so‘rayman: Isroilni hujumlarni to‘xtatishga chaqirishdan oldin qancha ayollar, bolalar o‘lishi kerak? Isroil tashkil topganidan beri falastinliklarga ko‘p hujumlar uyushtirdi. Men Isroilni mazlumlarga gumanitar yordam ko‘rsatishga ruxsat berishga chaqiruvimni takrorlayman. O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarimizni tinglang», dedi u.
Bir kun avval Erdo‘g‘an Turkiya aholisini Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishga kelishga chaqirgan edi. U avvalroq HAMAS harakatini «ozodlik uchun kurashuvchi» deb atadi. Shuningdek, Isroilni Turkiya bilan munosabatlarini normallashtirish jarayonida «yaxshi niyatni suiiste’mol qilganlikda» ayblagan edi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring