Foto: DILSHOT MAMADALIYEV
Moskvalik yurak-qon tomir jarrohi bo‘lgan Dilshot Mamadaliyev 29 oktyabr kuni kechqurun Mahachqal’aga uchib kelgandi — aynan aeroport Tel-Avivdan reys kelayotganidan xabar topgan g‘azabnok olomon tomonidan shturm qilingan pallada. Talonchilar Dilshotni isroillik deb o‘ylashgan va uni so‘roq qilib, pasportini olib qo‘yishgan. U BBC rus xizmati bilan suhbatda o‘sha oqshom bo‘lgan voqea tafsilotlarini gapirib berdi.
Dilshot Mamadaliyev: «Samolyot Moskvadan, Sheremetevodan uchdi va kechqurun soat yettida Mahachqalaga qo‘ndi. Tel-Avivdan [Mahachqal’aga] xalqaro reys borligini bilmasdim ham.
U yerda ikki terminal bor — ichki va xalqaro reyslar uchun. Men ichki reyslar qabul qilinadigan terminalga keldim va yuklarimni oldim. Atrofda mutlaqo normal vaziyat hukmron edi, men kabi boshqa yo‘lovchilar ham yuklarini olib, o‘z yo‘lida, o‘z xayollari bilan ketayotgandi.
Meni olib ketish uchun haydovchi yuborishgandi, ammo keyin ma’lum bo‘lishicha, u [aeroportga] kira olmagan, shu tufayli menga nazorat-o‘tkazish punkti tomonga borishni tavsiya qilishdi. Xotirjam qadam tashlab kirish eshigi tomon yurdim, u yerda esa meni bir guruh odamlar kutib oldi.
[Meni] o‘rab olishdi, qayerdan uchib kelganimni so‘rashdi. Men Moskvadan uchib kelganimni aytdim. So‘zlarimga ishonishmadi, pasportni ko‘rsatishni so‘rashdi. Men pasportni ko‘rsatdim, Smolenskda tug‘ilganim, u yerda o‘sganimni bildirdim. Chamadonda birka bor edi, unda — «Sheremetevo aeroporti» ko‘rsatilgandi.
Ammo [menga] negadir ishonishmadi. Yuzimdan shubhalanishdi shekilli, shuning uchun pasportim haqiqiy yoki soxtaligini tekshirishga kirishishdi.
[Bundan tashqari] mendan millatim nimaligini so‘rashdi. Men o‘zbek ekanimni aytib javob berdim. Bir kishi men haqiqiy o‘zbekmanmi yoki yo‘qligini tekshirishga qaror qildi va menga ko‘miklar tilida (Dog‘istonda yashovchi xalq) gapirdi. Bu ham turk tillari guruhidagi til hisoblanadi. Men unga hech narsa deb javob bera olmadim».
29 oktyabr kuni tarqalgan videoda Dilshot agressiv kayfiyatdagi, baland ovozda gapirayotgan kishilar o‘rtasida turgani, atrofdagilar telefonlari kameralarini unga qaratganini ko‘rish mumkin: «Nima sen ***** [aldamoqchimisan]?» «Chamodanini olinglar!».
Dilshot Mamadaliyev: «Men xavf sezmadim. Shunchaki mendan nima xohlashayotganini tushunmasdim. Tabiiyki, keskinlik bor edi. Odamlar menga tanqidiy ko‘z bilan qarashardi — meni hujjatlarini qalbakilashtirgan deb o‘ylashdi. Ammo qandaydir haddan tashqari tajovuzga uchramadim».
Qaysidir pallada Mamadaliyevni o‘rab turgan odamlardan biri «Uning pasporti menda! Uni qo‘yib yuboramizmi?» deydi va «keyin hal qilamiz» deya pasportni olomondagilarga uzatadi. Xuddi shu vaqtda baland bo‘yli yigit odamlar orasiga yorib kirib, Dilshotni ajratib oladi va olomondan nari olib ketadi. Bu kim bo‘lganini Dilshot va uning hamkasblari bilmaydi, ammo u politsiya, FXX yoki aeroport qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lganini taxmin qilishadi.
Dilshot Mamadaliyev: «Bu menimcha, mening qo‘riqchi farishtam edi. U meni ushladi va shunday dedi: «Ketdik, bu yerda qiladigan ishing yo‘q, yaxshiroq joy bor».
Bularning barchasi besh, ko‘pi bilan o‘n daqiqa davom etdi. Keyin menga bu odamlardan uzoqroq bo‘lganim ma’qulligini aytishdi. Men politsiya xodimlaridan pasportimni qaytarib olib berishni so‘radim, ular aytishdi: «Biz endi uni olomon orasidan izlab topa olmaymiz».
Mamadaliyevning so‘zlariga ko‘ra, voqea joyida bo‘lgan politsiya xodimlari suhbatga aralashmagan, ammo uni olomondan ajratishga uringan. Shundan keyin Dilshot pasporti yo‘qolgani to‘g‘risida ariza yozish uchun aeroport hududidagi navbatchilik qismiga borgan. Dilshotning o‘zi va uni Mahachqal’aga chaqirgan hamkasbi Sabira Aydayevaning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni kechqurun aeroport hududiga politsiyachilar oqimi davom etgan va Dilshotga «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» bo‘limni tark etmaslikni tavsiya qilishgan.
Tungi soat uchda, aeroport hududida namoyishchilar qolmaganidan keyingina Mamadaliyev bu yerdan keta olgan.
BBC muxbiri bilan suhbat chog‘ida Dilshot bir necha bor hazillashib «namoyishchilar uni iliq qarshi olgani, quchoqlashgani va tanishishgani», endi uni ko‘chadagi o‘tkinchilar ham, bemorlar ham juda yaxshi tanib qolishgani va umuman olganda «qabul juda samimiy, hashamatli va ajoyib [bo‘lgani]»ni aytgan. Lekin unga pasportini hali qaytarishmagan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring