09:58 / 03.11.2023
546

Rossiyada Stalinning sobiq dala hovlisi auksionda sotildi

Rossiyada Stalinning sobiq dala hovlisi auksionda sotildi
Foto: dom.rf

Moskva viloyati, Mitishchi tumanidagi «Lipki-Alekseyevskoye» turar-joy majmuasi «Dom.rf» auksionida sotib yuborildi. O‘tgan asrning 30-yillarida Iosif Stalin tomonidan dala hovli sifatida foydalanilgan mulk 403,5 million rublga (qariyb 53 mlrd so‘m) sotilgan.

Qayd qilinishicha, obyektni Krasnodar o‘lkasining «Konsalting i pravo» firmasi sotib olgan. 2022 yil oxirida kompaniyaning daromadi 23 ming rublni, sof zarari 101 ming rublni tashkil etgani aytilmoqda.

«Lipki-Alekseyevskoye» (yoki «Prilipki») turar-joy majmuasi 38 gektar maydonda joylashgan. Binoning umumiy maydoni qariyb 4 ming kv.m. Mulk mintaqa miqyosidagi madaniy meros obyekti hisoblanadi. Uning yangi egasi restavratsiya ishlarini bajarishi, saqlash va ishlatish bo‘yicha qonuniy talablarga rioya qilishi shart.

«Prilipki» mulki XIX asrda savdogar va keyinchalik Moskva meriyasi amaldori Aleksandr Alekseyev tomonidan qurilgan. 1907 yilda yangi egasi, fabrikachi Ruperti tomonidan me’mor Ivan Joltovskiy loyihasiga ko‘ra, neoklassik uslubda yangi bino qurilgan. U hozirgi kungacha saqlanib qolgan.

1917 yildan keyin mulk davlat tomonidan musodara qilindi. Stalin undan dala hovlisi sifatida foydalandi. So‘ngra ko‘p yillar davomida davlat dala hovlisi sifatida ishlatilgan va yopiq obyekt bo‘lgan. 1989 yilda u yerda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalar uchun reabilitatsiya markazi ochildi.

2004 yilda bino rekonstruksiya qilish uchun yopildi. Rekonstruksiyadan keyin Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. So‘ngra uy-joy qurilishini rivojlantirish bo‘yicha hukumat komissiyasi qarori bilan «Dom.rf» boshqaruviga o‘tkazildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo