Foto: Reuters
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy frontdagi vaziyatni boshi berk ko‘chada deb hisoblamaydi. Avvalroq, Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy shu mazmunda intervyu bergan edi. Zelenskiy uning so‘zlarini rad qildi.
«Bu umidsiz vaziyat emas. Rossiya osmonni nazorat qilmoqda. Biz harbiylarimiz hayotini asrayapmiz. Rossiya o‘z xalqini «yem bo‘lish» uchun oldinga tashlayapti, ammo biz bunday qilmoqchi emasmiz... Buni qanday yengish mumkin? F-16 samolyotlarini kutishimiz kerak, yigitlarimiz uni boshqarishni o‘rganishini, keyin qaytib kelishini kutishimiz kerak. Frontda havo hujumidan mudofaa tizimi mavjud bo‘lganda, harbiylar oldinga o‘tadi va texnikadan foydalanadi», dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy 2022 yilda hamma Ukraina qo‘shinlari boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga ishonganini eslatdi. «Bir nechta harbiy hiyla va Harkiv viloyati ozod qilindi, buni esga olishingiz mumkin», dedi Zelenskiy.
«Taslim bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Muqobili nima? Davlatimizning uchdan bir qismini berishimiz kerakmi? Axir bu faqat boshlanishi bo‘ladi-ku. Biz «muzlatilgan» mojaro nima ekanini bilamiz, allaqachon o‘zimiz uchun xulosalar chiqarganmiz. Biz havo hujumidan mudofaa bo‘yicha hamkorlarimiz bilan ko‘proq ishlashimiz, osmonni to‘sishimiz va jangchilarimizga hujum operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatini berishimiz kerak», dedi u.
Zelenskiy, shuningdek, G‘arb davlatlari o‘ziga bosim o‘tkazayotgani, Rossiya bilan muzokara boshlashga majbur qilayotganini rad etdi.
«Mening munosabatimni hamma biladi, bu Ukraina jamiyatining munosabati bilan mos keladi. Bugun hech kim menga bosim o‘tkazmayapti. Bularning barchasi urush boshida va urushdan oldin sodir bo‘lgan. Bugun Yevropa Ittifoqi yoki AQSH rahbarlaridan hech kim bosim o‘tkazmayapti. Biz hozir Rossiya bilan o‘tirib, gaplashib, unga nimadir berishimiz – bu bo‘lmaydi», dedi u.
4 noyabr kuni NBC telekanali manbalarga tayanib, AQSH va Yevropa Ukraina bilan tinchlik muzokaralari imkoniyatini muhokama qila boshlagani haqida xabar berdi. Suhbatlarda Kiyev Moskva bilan kelishuvga erishish uchun nimalardan voz kechishi mumkinligi haqidagi umumiy tafsilotlarga e’tibor qaratilgani aytildi.
1 noyabr kuni The Economist jurnalida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning intervyusi chop etildi. Nashrning savollariga javob berar ekan, u Rossiya bilan urush «boshi berk ko‘chaga kirib qolganini» va Ukrainaning hujumi pozitsion urushga aylanib qolishini, u ko‘p yillar davom etishi mumkinligini aytgan edi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring