09:02 / 10.11.2023
257

Dunyoda birinchi marta ko‘z transplantatsiyasi amalga oshirildi

Dunyoda birinchi marta ko‘z transplantatsiyasi amalga oshirildi

Foto: Reuters

NYU Langone Health jarrohlik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chirib o‘tkazilgan ko‘z 6 oydan keyin yaxshi ishlaydigan qon tomirlari va istiqbolli to‘r pardasiga ega ekanini ko‘rsatgan.

«Ko‘zni ko‘chirib o‘tkazganimizning o‘zi asrlar davomida o‘ylangan, ammo hech qachon amalga oshmagan oldinga tashlangan ulkan qadamdir», deb izoh berdi jarrohlar guruhini boshqargan doktor Eduardo Rodriges.

Nashrning aniqlik kiritishicha, shu paytgacha shifokorlar faqat shox parda – ko‘zning shaffof old qatlamini ko‘chirib o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan.

«Agar ko‘rish qobiliyati tiklansa, yanada yaxshi bo‘lardi, ammo… maqsad texnik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish va ko‘z gavharini saqlab qolish edi», deb qo‘shimcha qildi Rodriges.

Hozirgi vaqtda transplantatsiya qilingan ko‘z miya bilan ko‘rish nervi orqali aloqa qilmayapti. Rodrigesning fikricha, ko‘zni ko‘chirib o‘tkazish ko‘rish qobiliyatini tiklamasa ham, ko‘plab yangi imkoniyatlarni ochadi.

Foto: Reuters

«Agar biz ko‘rish qobiliyatini tiklash yoki ko‘z qobig‘idagi tasvirlarni tiklashning boshqa usullari ustida ishlayotgan olimlar bilan hamkorlik qilsak, u holda muvaffaqiyatga bir qadam yaqinroq bo‘lamiz», dedi Rodriges.

Ko‘z ko‘chirilgan odamning ismi Aaron Jeyms. U 46 yoshda va tok urishi oqibatida yuzi, burni, og‘zi va chap ko‘zi shikastlangan edi.

O‘ng ko‘zida ko‘rish qobiliyatini saqlab qolgan Jeyms transplantatsiya qilingan chap ko‘zida ko‘rish qobiliyatini tiklay olmasligi mumkinligini bilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar bu haqda uni oldindan ogohlantirishgan. Shunday bo‘lsa-da, u ilmiy maqsadlarda ushbu operatsiyaga rozi bo‘lgan.

Jeyms ko‘chirib o‘tkazilgan ko‘zda ko‘rish qobiliyatini tiklashi mumkin, deb hisoblamoqda Rodriges.

«Ayni damda texnik jihatdan murakkab operatsiya yordamida erishilgan natijadan juda mamnunmiz», deb xulosa qildi shifokor.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo