Foto: AR
Xitoy raisi Si Jinping 15 noyabr kuni Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida AQSH prezidenti Jozef Bayden bilan AQSH-Xitoy munosabatlaridagi strategik masalalarni muhokama qiladi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi (TIV) vakiliga tayanib TASS ma’lum qildi.
«Ikki davlat rahbarlari Xitoy-AQSH munosabatlarini shakllantirish uchun strategik, keng qamrovli va fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar, shuningdek, dunyo tinchligi va taraqqiyoti bilan bog‘liq asosiy masalalar bo‘yicha chuqur muloqot o‘tkazadilar», deyiladi bayonotda.
TIV shuningdek, Si Jinpingning tashrifi uning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida iqtisodiy hamkorlikka sodiqligini anglatishini ma’lum qildi. Xitoy tomonining fikricha, APEC mintaqaning iqtisodiy o‘sish drayveri maqomini saqlab qolish uchun muhim platforma sanaladi.
1 noyabr kuni AQSH va Xitoy o‘z yetakchilarining uchrashuvi bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgani xabar qilingan edi. U Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib o‘tadigan APEC sammiti arafasida yuz beradi. Bu ikki davlat rahbarlarining 2022 yildagi G20 Bali sammitidan keyingi ilk uchrashuvi va Si Jinpingning 2017 yildan beri Qo‘shma Shtatlarga birinchi tashrifi bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring