Foto: Defense Ministry
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant 16 noyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari bo‘linmalari G‘azo shahrining g‘arbiy dahalari egallanganini ma’lum qildi.
“Isroil mudofaa kuchlari G‘azo shahri g‘arbini egalladi, hududni HAMAS a’zolari va vositalaridan tozaladi”, — deb uning so‘zlarini keltirdi The Times of Israel.
Vazirning ta’kidlashicha, harbiylar hozir quruqlikdagi operatsiyaning yangi bosqichini boshlamoqda.
Gallant, shuningdek, harbiylar G‘azo sektoridagi Al-Shifo shifoxonasini tintuv qilish chog‘ida “muhim narsalarni” topganini aytgan, biroq uning tafsilotlariga to‘xtalmagan.
Bir necha kun oldin Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi Al-Shifo kasalxonasida HAMAS jangchilariga qarshi operatsiya boshlaganini ma’lum qilgandi. HAMAS kasalxonada faqat tinch aholi borligini ta’kidlagan, jumladan, reyd tunda o‘tkazilgan paytda shifoxonada 9 mingga yaqin odam – bemorlar, tibbiyot xodimlari va ko‘chirilganlar bo‘lgan.
Isroil armiyasi operatsiya oddiy fuqarolarga “zarar yetkazmaslik uchun” shifokorlar guruhlari va arab tilini biladigan odamlar ishtirokida “maqsadli” amalga oshirilayotgani aytgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring