Foto: AR
AQSH 6-7 dekabr kunlari Ukraina bilan harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha konferensiya o‘tkazadi. Bu haqda 17 noyabr, juma kuni AQSH Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Edriyenn Uotson ma’lum qildi. Tadbirda ikki mamlakat hukumati va soha vakillari ishtirok etadi.
Vashingtonda ma’lum qilinishicha, qo‘shma ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasining boshqa shakllari haqida so‘z yuritiladi. Oq uyning qo‘shimcha qilishicha, konferensiya Ukrainaning erkinlik va xavfsizlik uchun kurashini qo‘llab-quvvatlash uchun qurol ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishga qaratilgan AQSH harakatlarining bir qismidir. Forum AQSHning Ukraina iqtisodiy tiklanishiga uzoq muddatli sadoqatini yana bir bor tasdiqlaydi, dedi Uotson.
Vashington - Kiyevga eng yirik harbiy yordam yetkazib beruvchi
AQSH Rossiya harbiy harakatlariga qarshi kurashda Ukrainaga eng yirik harbiy yordam yetkazib beruvchi hisoblanadi. Urush boshlanganidan beri Ukrainaga ajratilgan mablag‘larning umumiy miqdori 60 milliard dollardan oshadi, ammo bu mablag‘ nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar yordamni ham o‘z ichiga oladi, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashida strategik masalalar bo‘yicha koordinator Jon Kirbi.
Sentyabr oyi oxirida Kiyevda birinchi Xalqaro mudofaa sanoati forumi bo‘lib o‘tdi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda 30 mamlakatdan 252 mudofaa korxonasi ishtirok etgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Kiyev uchun ustuvor vazifa zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda mudofaa uchun ishlab chiqarishni rivojlantirish, Ukrainada jahon sanoati yetakchilari bilan hamkorlikda snaryadlar, raketalar va dronlarni ishlab chiqarishdan iboratdir.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring