Foto: Radio Free Eurore/Radio Liberty/Serhii Nuzhnenko via REUTERS
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi 27 noyabr, dushanba kuni o‘zining kundalik hisobotida so‘nggi bir yarim oy ichida Rossiya qo‘shinlari butun urush davomida eng ko‘p talafot ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Britaniya mahkamasi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga asoslanib shunday xulosaga keldi. 2023 yil noyabr oyida Ukraina qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning yo‘qotishlari kuniga o‘rtacha 931 kishini tashkil etdi.
Rossiya yo‘qotishlari Baxmut uchun janglarga qaraganda ko‘proq
Ilgari Rossiya uchun eng halokatli oy 2023 yilning marti bo‘lgan, o‘shanda Rossiya kuchlari Baxmutdagi janglar paytida kuniga o‘rtacha 776 kishini yo‘qotgan, deya eslatadi hisobot mualliflari.
«Harbiy razvedka o‘lganlar va yaradorlarning umumiy sonini hisobga olgan holda metodologiyani tasdiqlay olmasa-da, bu raqamlar haqiqatga to‘g‘ri keladi. So‘nggi olti hafta ichida butun urush davomida Rossiyaning eng yuqori talafot ko‘rsatkichlaridan biri kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Og‘ir talafotlar asosan Donbassdagi Avdiyivka shahriga hujum vaqtida kuzatilgan», — deya ta’kidladi Britaniya idorasi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring