Foto: Reuters
28 noyabr kuni Shimoliy Koreya matbuoti mahalliy xalq yig‘inlari deputatlari saylovi yakunlari bo‘yicha Markaziy saylov qo‘mitasi (MSQ) ma’lumotlarini tarqatdi.
Unga ko‘ra, saylovchilarning 99,87 foizi deputatlikka nomzodlarni yoqlab ovoz bergan (Shimoliy Koreyada saylov muqobil emas, saylov byulletenida faqat bitta nomzod ko‘rsatiladi). 0,13 foiz saylovchi nomzodlarga qarshi ovoz bergan.
Shunday qilib, 1960 yillardan beri birinchi marta saylovchilarning bir qismi, juda oz bo‘lsa-da, hokimiyat tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarga qarshi ovoz berdi.
Mutaxassislar 80 yil davomida birinchi marta qarshi ovozlarning matbuotda eslatilishini muhim fakt deb hisoblashdi, bu bilan KXDR rahbariyati mamlakatda «haqiqiy demokratiya» mavjudligini namoyish etishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin.
Shimoliy Koreyadagi saylovlarni nafaqat alternativasiz, balki yashirin emas deb ham hisoblash mumkin: saylov uchastkalarida ikkita saylov qutisi o‘rnatiladi, biri nomzodni yoqlab, ikkinchisi qarshi ovoz berish uchun.
Shimoliy Koreya shu paytgacha saylovlarda nomzodlar 100 foiz ovoz to‘plagani haqida xabar beradigan dunyodagi yagona davlat bo‘lib qolayotgan edi.
Misol uchun, Sovet Ittifoqida ham raqobatsiz saylovlar tizimi mavjud bo‘lsa-da, Markaziy saylov komissiyasi muntazam ravishda qarshi ovozlar haqida xabar bergan. Masalan, Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 1974 yilda SSSR Oliy Sovetiga bo‘lib o‘tgan saylovda deputatlarni yoqlab 99,79 foiz saylovchi ovoz bergan. Alohida qayd etilishicha, 332 mingdan ortiq saylovchi qarshi ovoz bergan. 1979 yilda yoqlab ovoz berganlar ulushi 99,89 foizgacha yetgan. Qarshi ovoz berganlar soni esa 185 mingdan oshgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring