Foto: AP
Rossiyada Ukraina Qurolli kuchlarining (UQK) kutilmagan hujumini qaytara olmaganlik bo‘yicha birinchi hukm chiqarildi. Moskva shahridagi 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi 5 dekabr, seshanba kuni podpolkovnik Anatoliy Bondarev va mayor Dmitriy Dmitrakovni «Rossiya Federatsiyasi hududiga to‘satdan hujumni qaytarish» bo‘yicha jangovar burch qoidalarini (RF Jinoyat kodeksining 340-moddasi 2-qismi) buzganlikda aybdor deb topib, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, sud Bondarev va Dmitrakovga «RF Jinoyat kodeksining 340-moddasida nazarda tutilgan sanksiyalarning to‘liq hajmini» qo‘llamagan, buning uchun maksimal jazo - o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etish. Harbiylar tergov paytida bir yarim yildan ortiq vaqt jazo muddatini o‘tab bo‘lgan, shuning uchun ular tez orada shartli ravishda ozodlikka chiqishi mumkin.
Hujumni qaytara olmaslik bo‘yicha ish
Bondarev va Dmitrikovga nisbatan ish 2022 yilning bahorida Belgorod viloyatida Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan berilgan raketa zarbasidan keyin qo‘zg‘atilgan. O‘shanda Xarkiv viloyatidan «Tochka-U» raketalar bilan Staraya Nelidovka qishlog‘i yaqinidagi o‘q-dorilar ombori va jihozlariga zarba berildi. Portlashlar va yong‘inlar natijasida 7 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘ldi, yana 43 nafari yaralandi. 15 dona texnika butunlay vayron bo‘ldi, yana 30 tasi jiddiy zarar ko‘rdi, zarar 90 million rublni tashkil etdi.
Bondarev va Dmitrakovning ishi yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqildi. Harbiylar aybini tan olmadi. Sud ularni ofitserlik unvonlaridan mahrum qilmadi, shuning uchun ular ozodlikka chiqqandan keyin armiyaga qaytishi mumkin.
«Kommersant» buni Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududiga kutilmagan hujumini qaytara olmaganlik uchun chiqarilgan birinchi hukm deb atadi. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, bu ish oxirgisi emas, Ukrainadan har bir «uchib kelgan raketa» uchun terrorizm bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilyapti. Agar raketalar va uchuvchisiz uchoqlar urib tushirilmagan bo‘lsa, Rossiya harbiylari beparvolik holati bo‘yicha tekshirilyapti (RF Jinoyat kodeksining 293-moddasi). «Kommersant» suhbatdoshlari bunday ishlar bo‘yicha gumonlanuvchi va sudlanuvchilar haqida hali eshitmaganini ta’kidladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring