15:00 / 09.12.2023
204

Isroil G‘azo sektorida V asrda qurilgan Umar masjidini vayron qildi

Isroil G‘azo sektorida V asrda qurilgan Umar masjidini vayron qildi

Foto: Reuters

Isroilning aviazarbalari oqibatida G‘azodagi qadimiy Umar masjidi (Buyuk masjid yoki Al-Kabir masjidi ham deb ataladi) vayron bo‘ldi. Bu haqda Al Ghad telekanalida xabar qilingan HAMAS bayonotida aytiladi.

Reuters xabariga ko‘ra, binoning qulagan devorlari va tomi, shuningdek, minora tagidagi katta yoriq aks etgan suratlar HAMAS nazoratidagi boshqa OAV tomonidan ham chop etilgan. Suratlar aynan qachon olingani noma’lum.

Isroil bombardimon qilgan Buyuk masjid qoldiqlari
Foto: Reuters

Umar masjidi G‘azo shahrining eski kvartalida joylashgan bo‘lib, u V asrda qurilgan, deb yozadi AFP, bu anklavdagi eng qadimgi va eng katta masjiddir. U arablar istilosidan keyin masjidga aylantirilgan qadimgi nasroniylar ibodatxonasi o‘rnida joylashgan.

Avval masjid yaqinida yashagan, biroq Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush boshlanganidan so‘ng anklav janubiga evakuatsiya qilingan g‘azoliklar bino vayron bo‘lgani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Isroilning harakatlarini vahshiylik deb atadi. Reuters suhbatdoshlaridan biri, 45 yoshli tikuvchi Ahmad Nemer Isroilni “xotiralarni o‘chirishga urinayotganlikda” aybladi.

Falastin matbuoti xabar berishicha, masjid Isroil tomonidan qayta-qayta o‘qqa tutilgan. Isroil armiyasi ayblovlarga izoh bermadi, deb yozadi Times of Israel.

G‘azo Qadimiy obidalar vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlangandan beri anklavda 104 ta masjid vayron qilingan. HAMAS nazoratidagi anklav rasmiylari qadimiy me’moriy yodgorliklarni himoya qilishni so‘rab YUNЕSKOga murojaat qildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo