16:55 / 13.12.2023
175

Bayden Isroil xalqaro qo‘llovni yo‘qotayotganini aytdi

Bayden Isroil xalqaro qo‘llovni yo‘qotayotganini aytdi
Miriam Alster/Pool/Reuters

AQSH prezidenti Jo Baydenning fikricha, Isroil G‘azoni palapartish o‘qqa tutayotgani sabab xalqaro qo‘llovni yo‘qotmoqda. Bu haqda Bayden o‘zining saylov kampaniyasi homiylari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.

«Isroil xavfsizlik masalasida AQSHga suyanishi mumkin. Hozir [ularni qo‘llovchilar] safi keng: Yevropa Ittifoqi, Yevropa... Lekin Isroil bu qo‘llovni yo‘qotmoqda, [G‘azoda] palapartish bombalash ketmoqda», deya Baydenning so‘zlarini keltirgan Reuters.

AQSH yetakchisi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘zgarishi kerak deb hisoblashini aytgan. Reuters'ning qayd etishicha, Bayden oktyabr oyida urush boshlanganidan buyon Isroil manziliga ilk marta bunday keskin chiqishlar qildi. BBC ham Baydenning bu chiqishini Isroilga nisbatan keskin deb baholagan.

Bayden homiylar bilan uchrashuv vaqtida Netanyahu u bilan yakkama-yakka uchrashuvda AQSH o‘z vaqtida atom bomba ishlatganini eslatganini gapirib berdi: «Isroil yetakchisi o‘zaro suhbatda siz Germaniyani bombalab tekisladingiz, siz atom bombasi tashlagansiz, ko‘plab tinch aholi vakillari o‘lgan, dedi».

«Shu sabab ham barcha institutlar sodir bo‘lgan ishlar takrorlanmasligi uchun Ikkinchi jahon urushidan keyin tuzildi. Bizni Afg‘oniston urushida qatnashishga majburlagan 11 sentyabr voqealari vaqtidagi xatomizni takrorlamang», degan Bayden.

Reuters'ning yozishicha, Bayden va Netanyahu o‘rtasida o‘n yillardan buyon fikriy qarama-qarshilik bor. AQSH yetakchisining oxirgi chiqishi esa bu borada yangi muhokamalarga yo‘l ochdi.

Ma’lumot uchun, HAMASning 7 oktyabrdagi hujumidan keyin Isroil ikki oydan buyon G‘azoni o‘qqa tutmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, hozirgacha Isroil raketa zarbalari oqibatida 18 ming falastinlik halok bo‘lgan, 50 ming kishi yaralangan. Dunyoda odamlar eng zich yashaydigan hududlardan biri bo‘lgan G‘azoda dahshatli gumanitar inqiroz yuzaga kelgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo