Turkiyada Falastinning HAMAS guruhi vakillari maxfiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda HAMAS siyosiy byurosi raisi o‘rinbosari Solih al-Aruriy, guruh sobiq rahbari Xolid Meshal va boshqa bir qator yuqori martabali vakillar ishtirok etdi, deb xabar berdi 18 dekabr, dushanba kuni Isroilning Kan radiosi. Uchrashuvda HAMASning Isroil bilan ziddiyatdagi keyingi qadamlari muhokama qilindi.
Radiostansiyaning qayd etishicha, HAMAS yetakchilari Isroil razvedka xizmatlari masofadan turib muzokaralar chog‘ida aytilgan gaplardan xabar topishi mumkinligidan tashvishlanib, shaxsan uchrashishga qaror qilgan. Kan ma’lumotiga ko‘ra, Turkiyadagi uchrashuvda boshqa masalalar qatori G‘azo sektori va Livandagi jangchilar faoliyati, shuningdek, garovga olinganlarni almashish bo‘yicha yangi kelishuv muhokama qilingan.
Yangi otashkesimga tayyorgarlik
17 dekabr kuni Reuters manbalariga tayanib, Isroil va HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini tiklashga tayyorligini ma’lum qildi. Yangi vaqtinchalik otashkesim e’lon qilish uchun HAMAS bir tomonlama ozodlikka chiqariladigan garovga olinganlar ro‘yxatini tuzishni talab qilmoqda. Jangchilar, shuningdek, Isroil armiyasi oldindan kelishilgan chiziqlarga chekinishini kutmoqda, biroq Reuters agentligi yozishicha, Isroil oxirgi talabga rozi bo‘lmagan.
Misr va Qatar Isroil hamda HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi sifatida qatnashib, o‘z sharti sifatida sulh boshlanishidan oldin G‘azo sektori janubida yana bir nazorat-o‘tkazish punkti – Kerem Shalom ochilishini talab qildi. 17 dekabrda ushbu nazorat-o‘tkazish punkti ochilgan, biroq u orqali insonparvarlik yordamlarini tashish hali boshlanmadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring