Foto: “Kharkovcity.net”
Shvetsiya fuqarolik mudofaasi vaziri Karl-Oskar Bulin mamlakat fuqarolarini ehtimoliy urushga tayyor turishga chaqirdi. Bu haqda u “Folk och Forsvar” mudofaa konferensiyasidagi nutqi chog‘ida gapirdi. Uning so‘zlari Shvetsiya hukumati portalida keltirildi.
“Mendan avval ham bu haqda ko‘pchilik gapirgan, biroq buni rasmiy maqomda, aniq qilib aytadigan bo‘lsam: Shvetsiyada urush boshlanishi mumkin”, — dedi vazir shvedlarni qo‘rqitmoqchi emasligini taʼkidlab.
Vazir o‘z nutqida hatto Shvetsiyada ham tinchlik “doimiy” emasligini aytdi. Bulin barcha shvedlarni umumiy Shvetsiya mudofaasini yaratishga yordam berishga chaqirdi.
Shvetsiya Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Mikael Byuden vazirning so‘zlariga izoh berar ekan, barcha fuqarolar urushga “individual darajada maʼnaviy jihatdan tayyorlanishi” kerakligini aytdi.
“Bu jiddiy va yana-da yomonlashishi mumkin, hatto biz uchun ham”, — deya qo‘shimcha qildi Byuden.
NATO kengayishiga javoban Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay, avval betaraflik siyosatiga amal qilib kelgan Shvetsiya va Finlyandiya NATOga qo‘shilish uchun ariza berdi. 2023 yil aprel oyida Finlyandiya NATOga aʼzo bo‘ldi, Shvetsiya qachon alyansga qo‘shilishi hozircha nomaʼlum. Turkiya uzoq vaqtdan buyon uning aʼzoligiga qarshi bo‘ldi, biroq iyul oyida mamlakat rasmiylari arizani maʼqullashga vaʼda berdi. Hozircha Turkiya parlamenti bu borada biror qaror qabul qilmagan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring