14:18 / 31.01.2024
303

Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon va rafiqasi 14 yilga qamaldi

Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon va rafiqasi 14 yilga qamaldi
Arxiv foto: Twitter
Pokiston sudi sobiq bosh vazir Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini davlat mulkini sotish bilan bog‘liq korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yillik qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar bermoqda Reuters. Xonga 10 yil davomida siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish ham taqiqlandi. Bushra Xon hibsga olib ketildi.

Bir kun avval Xon davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib, 10 yilga qamalgan edi. Bu ishda Xon bilan birga Pokistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qureyshi ham ayblangan, u ham o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Xon — Pokistondagi eng nufuzli siyosatchilardan biri, muxolifatdagi “Adolat harakati” partiyasi rahbari. Uning safdoshlari hukmlar umumxalq saylovlariga bir hafta qolganida chiqarilganini ta’kidlab, tergov va sud jarayonida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblamoqda va hukm ustidan shikoyat qilishga va’da bermoqda.

Imron Xon 2022 yilning aprelida Pokiston bosh vaziri lavozimidan chetlatilgan edi. O‘shandan beri unga qarshi o‘nlab jinoiy ish qo‘zg‘atildi, jumladan, terrorizm bo‘yicha. Xon tarafdorlari ta’qibni siyosiy deb biladi.

2023 yilning may oyida Xon sudga kelmagani uchun hibsga olinganida, uning tarafdorlari ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirdi, ularda kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, 300 ga yaqin kishi jarohatlandi. Norozilik namoyishlari tufayli Xon ozod qilindi.

2023 yil avgust oyida sud Xonni korrupsiyada ayblanib, uch yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Ayblovlar davlat g‘aznasidan qimmatbaho buyumlarni sotish bilan ham bog‘liq bo‘lgan, biroq o‘shanda bu ishda sobiq bosh vazirning rafiqasi ishtirok etmagan. Xon ayblovlarni rad etdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo