Xarkiv muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. Foto: EPA
Kupyansk — Oskil suv ombori bo‘yidagi muhim aholi yashash punkti, rayon markazi va temiryo‘l stansiyasi hisoblanadi. Ukraina QK 2022 yil kuzida Kupyanskka hujum qilganida Rossiya qo‘mondonligi Izyum atrofida to‘plangan va Donetsk oblastining Kiyev nazoratida qolgan qismiga ham, Xarkivga ham tahdid solib turgan yirik guruhiga zudlik bilan chekinishni buyurishga majbur bo‘lgandi.
So‘nggi vaqtlarda Z-pabliklarda va Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida Rossiya qo‘shini Ukrainaning yirikligi va muhimligi bo‘yicha poytaxtdan keyingi ikkinchi o‘rinda turuvchi shahriga yangi yurish boshlashi xavfi ko‘p muhokama etilmoqda, g‘arb nashrlaridagi maqolalar ham xavotirlarni oshirmoqda — yanvar oyida Rossiya Xarkivni okkupatsiya qilishga yana bir bor urinib ko‘rishi haqida Britaniyaning Telegraph va Amerikaning Washington Post nashrlari yozgandi.
Bunday xavflar qanchalik asosli? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev shu masalani tahlil qildi.
Rossiya qo‘shinining Kupyansk atrofidagi ilgarilashi
Rossiya 2022 yil kuzida Xarkiv ostonasida, keyinroq Liman atrofida uchralgan muvaffaqiyatsizliklaridan keyin Luhansk oblasti shimoli-g‘arbida «Zapad» qo‘shinlar guruhini kuchaytirishga kirishdi.
Harbiy ekspertlar Svatove-Kupyansk yo‘nalishida harakatlanayotgan guruh Rossiya qo‘shinining Ukrainadagi boshqa qismlariga qaraganda yaxshiroq qurollanganini qayd etishgan. Ko‘p bo‘linmalarning zirhli texnikalar, artilleriya va boshqa vositalar bilan jihozlanish darajasi standartlarga mos keladi yoki maksimalga yaqin darajada.
Buning ikki sababi keltiriladi. Avvalo, Ukraina qo‘mondonligining 2023 yil uchun strategik rejasi noaniq edi. Yozgi kampaniyada Ukraina qurolli kuchlari shimolga hujum qilishi ehtimoli ham bor edi — Starobelsk va Severodonetsk yo‘nalishida muvaffaqiyatli yurish qilinsa, Luhansk tahdid ostida qolgan bo‘lardi. Rossiya bosh shtabi bunday tahdidni o‘rganib chiqqan va birinchi navbatda «Zapad» guruhiga mudofaa vazifalarini topshirgandi.
Keyinroq Ukraina qurolli kuchlarining asosiy e’tibori janubga qaratilgani ma’lum bo‘lganida Rossiyaning Svatove-Kupyansk yo‘nalishidagi qo‘shinlarining vazifalari ham o‘zgardi. Ularga Zaporijjya oblastidagi janglar avjiga chiqqan mahalda faollashish va bu orqali shimoldagi zaxiralar janubga olib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha buyruq berildi. Ularning keyingi harakatlari Rossiya armiyasining umumiy rejasiga mos keladi — ukrainlarning hujumlarini qaytarish va janubda Vuhledardan tortib shimolda Kupyanskkacha bo‘lgan keng frontda hujumga o‘tish.
Amalda ham shunday qilindi. Garchi, katta ehtimol bilan Moskvadagilar Avdiyivka va Novomixaylovka ostonasida, Baxmut va Liman atrofida qonli janglar bir necha oydan oshiq vaqtga cho‘zilishidan ko‘ra yaxshiroq natija kutishgandi.
Bunday fonda Rossiya qo‘shinlarining Kupyansk yo‘nalishida ilgarilashi jiddiyroq yutuq bo‘lib ko‘rinadi. Ular nafaqat Svatove egallanishi va Luhansk oblastidagi mudofaa chizig‘i buzib o‘tilishi xavfini bartaraf etishdi, balki front chizig‘ini g‘arb tomon sezilarli darajada surishga muvaffaq bo‘lishdi.
Hozirda bu chiziq Oskil suv omboridan 15-20 km masofa naridan o‘tmoqda, ayrim nuqtalarda — Sinkovka qishlog‘i hududida — rossiyaliklarning shturm guruhlari Kupyanskdan atigi 8 km berida turibdi. Yanvar oyida Ukraina hukumati harbiy harakatlar hududida qolishi mumkin bo‘lgan bir necha o‘n qishloq aholisi majburan evakuatsiya qilinishini e’lon qildi.
«Vaziyat o‘zgarishining o‘ziga xosliklari nimada? Agar oldin Ukraina QK quruqlik kuchlari hamda „Xortitsa“ guruhi rahbari Oleksandr Sirskiy bu hududda shturm otryadlari asosan texnikasiz oldinga yurayotganini aytgan bo‘lsa, hozirga kelib ob-havo sharoiti rossiyaliklar texnikalarda harakatlanishiga imkon bermoqda. Bundan tashqari, dushman nafqat Sinkovkada, balki Kraxmalne va Tabayevkada ham muvaffaqiyatni rivojlantirishga harakat qilayotgani aniq», — degan «RBK-Ukraina» nashriga Ukrainadagi Harbiy-huquqiy tadqiqotlar markazi rahbari Oleksandr Musiyenko.
Ukraina armiyasi Kupyansk ostonasida og‘ir mudofaa janglari olib bormoqda
Xarkivga xavf bormi?
Rossiya armiyasining Kupyansk yo‘nalishida ilgarilashining o‘ziyoq oblast markaziga tahdid sola olmaydi. Rossiyaliklar katta muvaffaqiyatga erishib, Oskil daryosi va suv ombori bo‘ylariga yetib kela olgan taqdirda ham o‘tib bo‘lmas suv to‘sig‘iga duch keladi. Qolaversa, Kupyanskdan Xarkivga qadar 90 km masofada o‘tish qiyin bo‘lgan dalalar va yana bir jiddiy suv to‘sig‘i — Shimoliy Don daryosi bor.
Nazariy jihatdan Xarkivga shimoldan, Rossiya hududidan turib yurish qilinishi xavf solishi mumkin. Ammo ayni vaqtda bu yo‘nalishda bunday katta shaharni egallash uchun yetarli bo‘lgan miqdordagi qo‘shinlar mavjud emas. Ukraina tomoni Rossiyaning «Belgorod» guruhi sonini 12 ming kishiga baholaydi — bu esa 2022 yil fevralida Xarkiv oblastiga bostirib kirgan qo‘shindan ancha kam.
Bundan tashqari, endilikda qo‘qqisdan hujum qilish omili yo‘q — Rossiyaning shimoldan zarba berish bo‘yicha barcha yo‘nalishlari mustahkam himoyalangan va minalashtirilgan. Qolaversa, Rossiya qo‘mondonligi Belgorod oblasti mudofaasini ham o‘ylashiga to‘g‘ri keladi.
Xarkiv uchun eng katta xavfni Rossiya tomonidan zarbalar berilishi tug‘diradi. Rossiya bosqini avvalida shahar Moskva tomonidan «yangi hududlar» sifatida qaralgan va uni vayron qilish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, urushning ikkinchi yili oxiriga kelib bunday illyuziya barham topganga o‘xshamoqda.
Xarkiv bo‘ylab shafqatsizlarcha zarba yo‘llanmoqda. Uning Rossiya chegarasiga yaqin joylashgani esa havo hujumidan mudofaa kuchlari faoliyatini qiyinlashtirmoqda — Rossiya raketalari sanoqli soniyalar ichida nishonga yetib kelishi mumkin.
Rossiya mudofaa vazirligi Xarkivda faqat harbiy obyektlar, Ukraina qurolli kuchlarining va xorijlik yollanma jangchilarning dislokatsiya punktlari bo‘ylab zarba berayotganini iddao qiladi
Kupyansk yo‘nalishi nimasi bilan muhim?
Shunga qaramay, agar Ukraina QK Oskil daryosidan sharqdagi hududlarni boy bersa, bu ular uchun oddiy chekinish bo‘lmaydi. Rossiya armiyasi daryo va suv ombori bo‘yiga chiqqan taqdirda muhim vazifani hal qilgan bo‘ladi — doimiy ravishda yirik kontingentni saqlab turishni talab qilmaydigan mustahkam mudofaa marrasi tashkil qilish vazifasini. Va bo‘shagan kuchlarni boshqa muhimroq yo‘nalishlarga — birinchi navbatda Liman yo‘nalishiga o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Bu yerda ham Dniproning quyi oqimidagi kabi vaziyat yuzaga kelishi mumkin, u yerda Rossiyaning ko‘p minglik guruhi katta yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa ham ukrainlarning kichik platsdarmi kengayishiga to‘sqinlik qilmoqda va yangi platsdarmlar paydo bo‘lishining oldini olish uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqda. Ammo Oskil bo‘yicha buning teskarisi bo‘ladi. Bu yerda endi ukrain armiyasi daryo bo‘yida yirik kuchlarni ushlab turishiga to‘g‘ri keladi va yaqin kelajakda yurish qilish istiqbollariga ega bo‘lmaydi.
Ammo bu haqda gapirishga hali erta. Ukrainadagi harbiy harakatlar tabiatidan kelib chiqilsa, 8 kilometrga oldinga siljish — ayni vaqtda Rossiyaning oldindagi bo‘linmalarining pozitsiyalarini Kupyanskdan aynan shuncha masofa ajratib turibdi — bir kunda va hatto bir oyda amalga oshishi bo‘lgan ish emas. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Zelenskiy Germaniyadagi ittifoqchilar uchrashuvi natijalari haqida nimalar dedi?
Suriyadagi kutilmagan inqilobdan soʻng oʻtgan bir oyda nimalar oʻzgardi?
Los-Anjelesdagi yongʻinlar: 10 kishi halok boʻldi, 9 mingdan ortiq inshoot zarar koʻrdi
Kanada AQSh bilan ehtimoliy savdo urushiga tayyorgarlikni boshladi
Los-Anjelesdagi yongʻinning kosmosdan koʻrinishi
Ukrainaning 2025 yilga moʻljallangan harbiy maqsadlari ma'lum qilindi
Rossiya elchisi: “AQSh Grenlandiyada yadroviy qurolli samolyotlar uchun infratuzilma yaratmoqda”
Los-Anjelesdagi yirik yongʻinlarga sabab boʻlgan gumonlanuvchi qoʻlga olindi