Foto: Reuters
Islandiya janubida Reykyanes yarimorolida yana vulqon uyg‘onishi tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Bu dekabr oyidan buyon to‘rtinchisi va ayni vaqtda eng kuchlisi.
Evakuatsiya qilishi so‘ralganlar orasida Grindavik shaharchasi aholisi ham bor, bu shahar avvalroq seysmik faollik tufayli jiddiy shikastlangandi.
Islandiyadagi diqqatga sazovor maskanlardan biri sanalgan Havorang laguna (dengizning marjon orollari bilan o‘ralgan qismi) atrofidagi odamlar ham xavfsiz joyga ko‘chirilmoqda. Vulqon uyg‘ongan vaqtda bu hududda 500-600 kishi bo‘lgan.
Erigan lavadan quyuq tutun ko‘tarilayotganiga qaramay, mamlakat havo kengliklari ochiqligicha qolmoqda.
Mamlakat fuqarolik mudofaasi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, vulqon shanba kuni kechqurun Grindavikdan shimolda joylashgan Hagafell va Stora-Skogfell tog‘lari oralig‘ida uyg‘ona boshlagan.
Foto: Reuters
Avvalgi vulqon otilishlaridan biri aynan shu hududda 8 fevral kuni boshlangandi.
Voqea joyida olingan kadrlarda yer yuzasiga oqib chiqayotgan lava va tutun ustunlari aks etgan.
Jabrlangan hududlar ustidan vertolyotda uchib o‘tgan guruh vakillari orasida bo‘lgan geofizik Magnus Tumi Gudmundsson mahalliy nashrlar bilan suhbatda shanba kungi otilishni ayni vaqtdagi eng kuchlisi deb atash mumkinligini aytgan.
Lavaning ikki tili g‘arb va janub tomon harakatlangan va Grindavik atrofidagi himoya to‘siqlariga yetib kelgan. Shaharning taxminan to‘rt ming kishilik aholisiga bir necha hafta oldin uyga qaytishga ruxsat berilgandi, ular yanvar oyida shaharga lava oqib kelishi oqibatida uch uy vayron bo‘lganidan keyin xavfsiz joyga ko‘chirilgandi.
Ularning aksar qismi qaytmaslikni afzal ko‘rgan.
Gudmundsson agar vulqon faolligi zaiflashmasa, lava dengizga tushishi mumkinligidan ogohlantirgan. Agar lava dengiz suvi bilan uchrashsa, bu xavfli gazlar ajralishiga hamda kichik portlashga olib kelishi mumkin.
G‘arb tomon harakatlangan lava Havorang laguna hamda Reykyanes yarimorolining katta qismini issiq suv bilan ta’minlovchi Svarsengi geotermal elektr stansiyasiga olib boruvchi yo‘lga yetib kelgan. Havorang laguna qo‘shimcha xabar berilguniga qadar mijozlar tashrifi uchun yopilgan.
Foto: Micah Garen/Getty Images
Ikki obyekt atrofida ko‘plab himoya to‘siqlari barpo etilgan, deb xabar bergan Reuters muxbiriga Reykyavikdagi Shimoliy vulqonshunoslik markazi rahbari Rikke Pedersen.
Islandiyada 33 ta faol vulqon tizimlari mavjud. Mamlakat sayyoradagi ikki eng yirik tektonik plitalar tutashuvidagi O‘rta-Atlantika tizmasida joylashgan.
Reykyanes yarimorolidagi oldingi vulqon faolligi XIII asrga to‘g‘ri keladi — o‘shanda vulqon otilishi o‘nlab yillar davom etgan.
Hozirgi otilish — 2021 yildan buyon yettinchisi va olimlar hududda yana o‘nlab yoki hatto yuzlab yillar davom etishi mumkin bo‘lgan yangi vulqon erasi boshlanayotganini taxmin qilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kaliforniyadagi yongʻin qurbonlari soni 24 nafarga etdi (foto)
Slovakiya bosh vaziri Ukraina prezidentini “tilanchi” deb atadi
Urushni yakunlash uchun nimalar qilish kerak? Trampning boʻlajak maslahatchisi shartlarni aytdi
Tbilisida namoyishchilar sudyalarga tuxum uloqtirishdi (video)
Ukraina asirga olingan shimoliy koreyaliklarni soʻroq qildi (video)
Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvi Shveytsariyada oʻtishi mumkin
Mel Gibson yonib ketgan uyining suratini koʻrsatdi
AQShga uchayotgan Habib Nurmagomedov samolyotdan tushirib yuborildi (video)