date
views 709

Moskvadagi terakt: voqealar xronologiyasi

Moskvadagi terakt: voqealar xronologiyasi
22 mart kuni terrorchilar Moskva oblastida joylashgan «Crocus City Hall» majmuasining kontsert zaliga hujum qilishdi. Ular Moskva vaqti bilan soat 20:00 lar atrofida «Piknik» guruhining kontsertiga yigʻilgan 6 mingdan ziyod tomoshabin boʻlgan zalga bostirib kirib, oʻqotar quroldan tomoshabinlarga qarata oʻt ocha boshlashgan.

Foto: Vedomosti
Rossiyaning eng yirik savdo va koʻngilochar markazida roʻy bergan dahshatli terrorchilik akti xronologiyasi va eng asosiy xabarlar bilan yana bir bor tanishtirib oʻtamiz.

Eng kamida 5 nafar terrorchi binoga ikki tomondan — avtoturargoh va bosh kirish eshigidan bostirib kirishgan. Ular aniqlashtirib oʻtirmasdan, «Piknik» guruhining kontsertiga kelgan tomoshabinlarga qarata oʻt ochishgan.

Oʻnlab nuqtalarda oʻt ochilgan. Voqea guvohlari kamida ikkita portlash ovozini eshitishgan. Ularning soʻnggisi Moskva vaqti bilan soat 21:30 atrofida roʻy bergan.

Hujum qilgan terrorchilar nafaqat kontsert zalida, shuningdek foyeda hamda unga kirish joyida ham oʻt ochishgan. Hujum qilganlarning ikki nafarida ryukzak boʻlgan. Ularda portlovchi moddalar boʻlgani taxmin qilinmoqda.

Dastlabki hisoblarga koʻra, 62 kishi halok boʻlgan. Moskva oblasti sogʻliqni saqlash vazirligi terakt davomida turli darajada tan jarohati olgan 146 nafar jabrlanuvchining roʻyxatini e'lon qildi. Ulardan 115 nafari kasalxonalarga joylashtirilgan. Ularning 5 nafar voyaga etmagan bolalar. 60 nafar yoshi katta jabrlanuvchilar va bir nafar yosh bolaning ahvoli ogʻir. Yana toʻqqiz kishining ahvoli oʻta kritik ekani ma'lum qilindi.

Odamlarning katta qismi kontsert zalini oʻzlari qochib chiqib tark etishga muvaffaq boʻlishgan. Ular binodan chiqish uchun uning oynavand fasadi derazalarini ham sindirishgan. Moskva oblasti Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga koʻra, odamlar binoning ertoʻla qismidan chiqarib olingan, shuningdek, uning tomidan kranlar yordamida tushirilgan.

Jangarilar kontsert zaliga oʻt qoʻyishgan. Yongʻin tezda bino boʻylab tarqala boshlagan. Olov qariyb 13 ming metr kvadrat maydonni qoplab olgan. Binoning oynavand fasadi va tomi qulab tushgan. Yongʻinni oʻchirishga vertolyotlar ham jalb qilingan. 5 soatlik urinishlardan soʻng olov qurshab olingan.

«Crocus City Hall»ning hojatxonasida 10 dan ziyod insonning jasadi topilgan. Otishma chogʻida tomoshabinlarning bir qismi hojatxonaga yashiringandi. Ular 112 raqamiga qoʻngʻiroq qilib, qutqarishlarini soʻrashgan. Hojatxonaga yongʻin tutuni kirib, ular nafas olishga qiynalib vafot etishgan.

Voqea joyida 50 dan ziyod tibbiy tez yordam brigadasi ishlagan. 23 mart soat 8:30 dan boshlab jabrlanuvchilar uchun qon va uning tarkibiy qismlari qabul qilina boshlashi e'lon qilingan.

Foto: Vedomosti
Terakt tufayli Moskva shahar transport tizimi va aeroportlarida xavfsizlik kuchaytirilgan. Rossiya boʻylab ommaviy tadbirlar bekor qilingan.

Rossiya Milliy gvardiyasi terrorchilarni qidirish davom etayotganini bildirdi. Terrorchilar voqea joyini oq tusli «Renault Symbol» sedanida tark etgani gumon qilinmoqda.

Moskvada «Yandex.Taxi» yoʻlovchilarga «Crocus City Hall» joylashgan hududdagi barcha tashuvlarni tekin qildi. Haydovchilarga yoʻlkira haqi toʻliq kompaniya hisobidan toʻlab berilishi, hududdan chiqib ketish uchun avval toʻlangan pullar ham ikki kun ichida yoʻlovchilarga toʻliq qaytarib berilishi e'lon qilindi.

Moskva shahri meri Sergey Sobyaninning qaroriga koʻra, dam olish kunlari Moskva shahrida rejalashtirilgan barcha sport, madaniyat va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Rossiyaning boshqa hududlarida ham birin-ketin shanba va yakshanba kunlariga moʻljallangan ommaviy tadbirlar ham birin-ketin bekor qilinmoqda.

Rossiya fan va oliy ta'lim vazirligi yaqin kunlar uchun oliygohlardagi barcha ta'lim jarayoni bekor qilinishini tavsiya qildi.

Rossiya restoratorlari va otelyerlari federatsiyasi prezidenti Igor Buxarov umumiy ovqatlanish joylarida xavfsizlik choralari kuchaytirilishini ta'kidladi.

Foto: Vedomosti
Xalqaro hamjamiyat «Crocus City Hall»dagi teraktni keskin qoralamoqda. Hozircha biror tashkilot terakt uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmagan. Teraktni IShID uyushtirgan deyilgan xabarlar keyinchalik rasmiylar tomonidan rad etilgan. CNN va Reuters kabi obroʻli nashrlar esa IShIDga aloqador Amaq agentligiga tayanib, Moskvadagi terakt uchun aynan IShID mas'uliyatni gardaniga olganini yozdi.

Koʻplab davlatlar «Crocus City Hall»dagi teraktni qoralab, qurbonlar uchun hamdardlik bildirdi. Ular orasida AQSh, Germaniya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, Polsha, Gretsiya, Turkiya, Belarus, Oʻzbekiston, Ozarboyjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Pokiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr, Kuba, Falastin, Venesuela va Armaniston kabi davlatlar bor.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev fojia oqibatida oʻnlab begunoh insonlar qurbon boʻlgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta'ziya yoʻlladi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi sodir etilgan teraktni keskin qoraladi.

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Moskva viloyatidagi «Crocus City Hall» kontsert zalida roʻy bergan portlash va otishmada jabrlangan Oʻzbekiston fuqarolari haqida ma'lumot kelib tushmaganini ma'lum qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo