18:30 / 16.04.2024
811

Crocus terakti bo‘yicha ayblanayotgan ikki tojikistonlik hibsga olinishi yuzasidan shikoyat qildi

Crocus terakti bo‘yicha ayblanayotgan ikki tojikistonlik hibsga olinishi yuzasidan shikoyat qildi
Crocus City Hall'dagi teraktga aloqadorlikda gumon qilingan Tojikiston fuqarosi Lutfulloi Nazrimad hibsga olinishi ustidan shikoyat qildi. Bu haqda Moskvaning Basmanniy sudiga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: Lutfulloi Nazrimod / “Kommersant”
Sudga Lutfulloi Nazrimadni hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasi yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat arizasi kelib tushgan, u 15 aprel kuni berilgan. Moskvaning Basmanniy sudi 28 mart kuni Nazrimodni ikki oyga hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Terakt ishidagi boshqa barcha ayblanuvchilar singari, u ham terrorchilik xurujida (Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi 3-qismi “b” bandi) ayblanmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning aytishicha, Nazrimad “terakt ishtirokchilarini moliyalashtirish” sxemasida ishtirok etgan.

Foto: Muhammadzoir Sharifzoda / “TASS”
Bundan tashqari, yana bir tojikistonlik ayblanuvchi Muhammadzoir Sharifzoda ham uni hibsga olish haqidagi Basmanniy sud qarori ustidan 8 aprel kuni shikoyat qilgan. Tergov Sharifzodani Crocus'dagi teraktni uyushtirishda ishtirok etganlardan biri deb hisoblamoqda. Unga qo‘yilgan modda bo‘yicha eng og‘ir jazo umrbod qamoq jazosi bo‘lishi mumkin.

Crocus'dagi terakt

Moskva viloyati Crocus City Hall'dagi terakt 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Bir necha qurollangan shaxslar konsert zali binosiga bostirib kirib, olomonni otib tashlagan, keyin esa binoni yoqib yuborgan. Terakt oqibatida 143 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan. Hujumni sodir etishda Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi ayblangan, sud ular aybiga iqror bo‘lganini ma’lum qilgan.

Mazkur holatdan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan munosabat o‘zgargan. Tojikiston prezidenti hujumni “sharmandali va dahshatli voqea” deb atagan hamda ota-onalarni farzandlari tarbiyasiga jiddiyroq e’tibor qaratishga chaqirgan.

O‘z navbatida, Rossiya tergovchilari terakt ishtirokchilarining oilasini so‘roq qilish uchun Tojikistonga borgan. Shundan keyin Vahdat shahrida yashovchi to‘qqiz nafar tojikistonlik Crocus'dagi terakt ijrochilari bilan aloqadorlikda ayblanib, qo‘lga olingan. Hibsga olinganlar ISHID bilan aloqada bo‘lganlikda ham gumon qilinmoqda.

Dog‘istonda ham aksilterror operatsiya o‘tkazilib, to‘rt nafar Tojikiston fuqarosi ushlangan. Ular teraktning asosiy ishtirokchilarini qurol va pul bilan ta’minlagani aytilmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina hukumatini rasman Crocus City Hall'dagi teraktda ayblagan. Ukraina rasman mazkur ayblovlarni rad etgan. O‘z navbatida, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi “Viloyati Xuroson” ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini bir necha bor ta’kidlagan.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Crocus terakti bo‘yicha ayblanayotgan ikki tojikistonlik hibsga olinishi yuzasidan shikoyat qildi