20:37 / 22.05.2024
1 655

Putin O‘zbekistonga kelmoqda: uning asosiy maqsadi nima?

Putin O‘zbekistonga kelmoqda: uning asosiy maqsadi nima?
Joriy yilning 21 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati bo‘lib o‘tgan suhbatni umumiy so‘zlar bilan ifodalagan. Biroq Kreml matbuot xizmati Vladimir Putin hamkasbi Shavkat Mirziyoyev bilan Rossiya prezidentining yaqin orada O‘zbekistonga bo‘ladigan tashrifi haqida suhbatlashganini ma’lum qildi.

Shimoldan esayotgan shamollarga quloq soladigan bo‘lsak, tez kunlarda Rossiya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi amalga oshiriladi. Xo‘sh, nima uchun Vladimir Putin Xitoydan keyin O‘zbekistonga kelmoqda? Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Foto: Kreml matbuot xizmati

Geosiyosiy raqobat

Markaziy Osiyoning geopolitik manzarasida O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi, bu mintaqada siyosiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotning asosiy manbasi sifatida e’tirof etilgan. So‘nggi vaqtlarda rasmiy Toshkentga xorijiy mamlakatlarning muhim lavozimdagi insonlari, masalan, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va Malayziya bosh vazirining tashrifi O‘zbekistonning tashqi o‘yinchilar, xususan, Rossiya oldidagi ahamiyatini oshirishga xizmat qildi.

Vladimir Putinning Toshkentdagi “G‘alaba” bog‘iga borishi kutilmoqda. Bu o‘z navbatida, qaysidir ma’noda, tashqi o‘yinchilar uchun o‘ziga xos signal. Ya’ni Rossiya prezidentining O‘zbekistonga amalga oshiriladigan bo‘lajak tashrifi Markaziy Osiyoda geosiyosiy o‘zgarishlarning keyingi bosqichiga o‘tishga ishora qilmoqda.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri
Foto: O‘zbekiston TIV

Siyosiy manfaatlar

O‘zbekiston uchun Rossiya muhim savdo-iqtisodiy hamkor hisoblanadi. O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlarining cheklangani sababli transport-logistika masalasida O‘zbekiston, asosan, Rossiya portlaridan foydalanib kelgan. Bu esa, o‘z navbatida, rasmiy Toshkentni Moskvaga ma’lum ma’noda bog‘lovchi omil bo‘lgan.

Lekin 2022 yilda Ukraina urushining boshlanishi, Rossiya va Yevropa mamlakatlari munosabatlarining sovuqlashishi, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Shimol” yo‘lagining ahamiyatini tushirib yubordi. Shundan so‘ng mintaqa mamlakatlari transport-logistika masalasida alternativ yo‘llarni izlashni boshladi.

Rossiyadan o‘tuvchi transport yo‘laklari
Foto: happy-laser.ru

Aslida, O‘zbekiston oldida “Shimol” yo‘nalishiga muqobil hisoblangan transafg‘on temiryo‘l loyihasi mavjud bo‘lib kelgan. Lekin Afg‘onistondagi ichki beqarorlik bu loyihani amalga oshirishga asosiy to‘siq edi. Shuningdek, bu loyihaning istiqbolda ishga tushishi Markaziy Osiyo mamlakatlarini, xususan, O‘zbkistonni ham transport-logistika masalasida Rossiyaga bo‘lgan bog‘liqligini pasaytirishga xizmat qiladi. Shu sababli Rossiya transafg‘on temiryo‘lining ishga tushishidan manfaatdor bo‘lmagan. Ammo bugungi kunda rasmiy Moskvaning bu boradagi pozitsiyasi 180 gradusga o‘zgargan.

Rossiyaning global Janub tomon yuzlanishi

Afg‘onistonda “Tolibon”ning iqtidorga kelishi bilan qisman mamlakat ichida barqarorlik qayta tiklandi. Hozirgacha “Tolibon” hukumatini hech qaysi davlat tan olmagan bo‘lsa-da, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari “Tolibon” bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Masalan, Rossiya “Tolibon”ni terrorchilik tashkiloti ro‘yxatidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

2023 yilning noyabr oyida Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarining birinchi transport forumi bo‘lib o‘tgandi. Forum doirasida Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston va Rossiya–Kaspiy dengizi–Turkmaniston–O‘zbekiston–Qirg‘iziston yangi xalqaro transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha memorandumlar imzolangan edi. Joriy yilning aprel oyida esa Belarus—Rossiya—Qozog‘iston—O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston multimodal transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Shu o‘rinda “Rossiya nega Janub tomonga intilmoqda”, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Belarus—Rossiya—Qozog‘iston—O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temiryo‘l loyihasi
Foto: carposting.ru

Ma’lumki, Ukraina urushi fonida Rossiya o‘zining eng katta daromad keltiruvchi xom ashyosi hisoblangan gaz va neft mahsulotlarini Yevropa bozorlariga sotishni taqiqladi. Ikki yarim yildan beri davom etayotgan Ukraina urushi Kreml xazinasining tubini ko‘rsatib qo‘yganini hisobga oladigan bo‘lsak, Rossiya o‘zining uglevodorod mahsulotlari uchun yangi bozorlarni izlab topishga faol tarzda kirishib ketdi. Bu borada Rossiya uchun eng maqbul bozor bu — Janubiy Osiyo.

Unutmaslik kerakki, transafg‘on marshruti bo‘ylab nafaqat temiryo‘l qurish, balki gaz quvurlari va elektr uzatish tarmoqlarini tortish ham ko‘zda tutilgan. Bu infrastruktura Rossiya xom ashyo eksportini Janubiy Osiyoga burish uchun juda qulay hisoblanadi”, — deya fikr bildirgan edi siyosiy tahlilchi Nargiza Umarova.

Rossiyaning O‘zbekiston gaz omborlariga qiziqishi

Bu yerda faqat uglevodorod resurslarini emas, balki elektr energiyasini sotish ham juda katta ahamiyatga ega. Chunki 70 yillarda Yevropa komissiyasi tomonidan CASA-1000 loyihasi ishlab chiqilgan. Shu loyiha transafg‘on temiryo‘li loyihasi yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bu loyihada O‘rta Osiyo mamlakatlaridagi ortiqcha elektr energiyasini Afg‘onistonga va Pokiston orqali Hindistonga eksport qilish ko‘zlangan edi. Aynan shuning uchun Rossiya bugungi kunda o‘z gazini ko‘proq O‘zbekistonga sotish va O‘zbekistondagi gaz omborlarini sotib olishga qiziqmoqda. Ular O‘zbekistonni o‘ziga xos bir xab qilmoqchi. Bu yerda gaz orqali elektr energiyasi ishlab chiqarib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Pokiston, Hindiston va boshqa mamlakatlarga sotish mumkin. Ularning qiziqishi ham shunda”, — degan Abdulla Abduqodirov.

Biroq transafg‘on temiryo‘l loyihasiga Rossiya investor bo‘lib kirishi dargumon. Lekin ayrim mutaxassislar Moskva bunga o‘zining yaqin do‘sti hisoblangan Pekinni jalb qilmoqchi ekanligini ta’kidlamoqda.

"Xitoy bilan masala hal bo‘ldi. E’tiborimizga energetika va transportda “yechim” havola qilinadi degan gumondamiz", — deya yozdi o‘zining X tarmog‘ida iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov.

Xulosa qilganda, Rossiya O‘zbekistonni o‘zini global Janub bilan bog‘lovchi markaz sifatida ko‘rmoqda. Ammo “bu yerda O‘zbekistonning manfaatlari qayerda bo‘ladi” va “Moskva va Pekinning bu loyihaga qo‘shilishi O‘zbekiston uchun qay darajada manfaatli”, degan savol ochiq qolmoqda.

Ma’lumot uchun, Rossiya prezidenti yangi muddatga saylanganidan so‘ng, Xitoyga davlat tashrifini amalga oshirgan edi. Vladimir Putin shu vaqtga qadar O‘zbekistonga 9 marta tashrif buyurgan. Rossiya prezidentining O‘zbekistonga so‘nggi tashrifi 2022 yil 15–16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan va bu tashrif doirasida Vladimir Putin Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida ishtirok etgan edi.

Sardor Ali

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin O‘zbekistonga kelmoqda: uning asosiy maqsadi nima?