
Foto: IRNA
Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod mamlakatda yaqinda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘ydi. Bu haqda Eron mahalliy nashrlariga tayanib, Anadolu nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sobiq prezident nomzodlarni saylovga ro‘yxatga olishning so‘nggi kunida xalq oldida ko‘rinish bergan. Davlat telekanallari ham Ahmadinajodning boshqa nomzodlar qatorida turganini ko‘rsatgan.
Mahmud Ahmadinajod 2005—2013 yillar oralig‘ida ketma-ket ikki marotaba Eron prezidentligiga saylangan. 2013 yildan keyingi muddatda esa siyosiy rahbarlik lavozimlarida ishlamagan.
Sobiq prezident 2017 va 2021 yilgi prezidentlik saylovlarida yuqori tekshiruv organi bo‘lgan Qo‘riqchilar kengashi tomonidan saylov nomzodlari ro‘yxatidan chiqarib yuborilgan. Buning oqibatida 2017 yilda Hasan Ruhoniy, 2021 yilda esa Ibrohim Raisiy prezidentlik poygasida yutib chiqqan.
Eronning so‘nggi prezidenti Ibrohim Raisiy 19 may kuni Eron shimoli-g‘arbida aviahalokat oqibatida vafot etgach navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 28 iyun kuniga belgilangan edi. Nomzodlar to‘liq ro‘yxati esa 11 iyun kuni e’lon qilinishi belgilangan.
Saylovga o‘z nomzodini qo‘ygan Mahmud Ahmadinajod mamlakat muammolarini mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish orqali hal qilish mumkinligini aytgan. Tahlilchilar sobiq siyosatchining bu fikrini uning prezidentlik rejalarida tashqi siyosiy keskinlikni kamaytirish, iqtisodiy barqarorlikka intilish maqsadlari borligi bilan izohlashgan.
Ahmadinajodning so‘zlariga ko‘ra, u “xalq talabi bilan” saylov poygasiga qo‘shilgan. Mahmud Ahmadinajod Eronni investitsiyalar uchun qulay davlatga aylantirishni va’da qilgan.
Shuningdek, odamlarning turmush muammolarini hal qilish, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish va yaxshilash, korrupsiyaga chek qo‘yish, hukumatning iqtisodga haddan tashqari aralashuvini cheklash, tadbirkorlar uchun maydonni ochish va tadbirkorlik subyektlarini yaratish rejalari borligini bildirgan.
Hozircha Eronda prezidentlik poygasiga ko‘plab taniqli shaxslar, jumladan, yadroviy masalalar bo‘yicha sobiq muzokarachi Said Jaliliy, Tehron meri va prezidentlikka sobiq nomzod Alirizo Zakaniy, parlamentning sobiq spikeri Ali Larijoniy, sobiq bosh bankir va prezidentlikka nomzod Abdulnosir Himmatiy hamda Madaniyat vaziri Muhammad Mahdi Ismoiliylar qo‘shilgan.
Eronda prezident vazifasini bajaruvchi Muhammad Moxber saylovlarda qatnashishdan bosh tortgan.
Shu hafta boshida parlament spikeri etib saylangan Muhammad Bag‘er G‘olibaf esa o‘z rejalari haqida aniq ma’lumot taqdim etmagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar