22:49 / 20.06.2024
208

Tojikiston prezidenti hayitlik yig‘ish va milliylikka yot liboslarni taqiqlovchi qonunni imzoladi

Tojikiston prezidenti hayitlik yig‘ish va milliylikka yot liboslarni taqiqlovchi qonunni imzoladi
Tojikistonda «iydgardak» taqiqlandi. Foto: tj.sputniknews.ru
«Marosim va tadbirlarni tartibga solish to‘g‘risida» va «Bolani o‘qitish va tarbiyalash mas’uliyati to‘g‘risida»gi qonunlar yangi tahrirda qabul qilingan va milliy madaniyat qadriyatlarini himoya qilish, xurofot va fanatizmning oldini olish, marosim va tadbirlarni o‘tkazishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash, tojik xalqining ma’naviyatini ko‘tarish, shuningdek, bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni insonparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va o‘qitish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishga qaratilgan, deyiladi Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq, 19 iyun kuni bu va boshqa qonunlar Tojikiston parlamentining yuqori palatasining 18-sessiyada Rustam Imomali raisiligida tasdiqlangan edi.

Asia plus nashrining yozishicha, «Bolani o‘qitish va tarbiyalash mas’uliyati to‘g‘risida»gi qonunga bir nechta yangi moddalar qo‘shilgan va unda pedagoglar, ta’lim muassasalari, jamoat komissiyalari, davlat hokimiyati va mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, boshqa organlar va jamoatchilik vakillarining bolalarni o‘qitish va tarbiyalashdagi rollari kuchaytirilmoqda.

«Marosim va tadbirlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunda «iydgardak» va «yot liboslar»ni kiyish taqiqlangan.

Ta’kidlab o‘tish kerak, «iydgardak» — hayit bayramlarida ayniqsa yosh bolalarning mahallalarda uyma-uy yurib hayitlik sovg‘asi yig‘ishidir. Ayrim pabliklar «Tojikistonda hayit bayramlarini nishonlash taqiqlandi», deb noto‘g‘ri axborot tarqatishmoqda.

Bu qonuning loyihasi Tojikiston prezidenti tomonidan parlamentga kiritilgan va quyi palata deputatlari uni qabul qilishgan edi.

Bu qonunga rioya qilmaslik uchun jarima nazarda tutilgan, biroq unda aynan qaysi liboslar «milliy madaniyatga yot» ekani, sotish va kiyib yurish taqiqlangani aniq ko‘rsatilmagan.

Libosga oid taqiqlar o‘rnatilgan qonundagi bu moddalar Tojikiston jamoatchiligida munozara va bahslar uyg‘otgan. Mamlakatning ayrim fuqarolari hokimiyat vakillari ko‘chalarda hijob o‘rab ketayotgan ayollarni to‘xtatib, ro‘molini orqadan bog‘lashni talab qilishayotganidan shikoyat qilishgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston prezidenti hayitlik yig‘ish va milliylikka yot liboslarni taqiqlovchi qonunni imzoladi