11:50 / 24.06.2024
567

Dog‘istondagi qurolli hujum haqida nimalar ma’lum?

Dog‘istondagi qurolli hujum haqida nimalar ma’lum?
Kollaj: “Daryo”
Dog‘istonda 23 iyun kuni kechqurun Maxachqal’a va Darband shahrida qurollangan noma’lum shaxslar pravoslav cherkovlari, sinagogalar va yo‘l-patrul xizmati postiga hujum qildi. Oqibatda 15 dan ortiq politsiya xodimi halok bo‘ldi, jangarilar esa o‘ldirildi. Dog‘istonda holat yuzasidan uch kunlik motam e’lon qilindi.

Respublikada jangarilarni qo‘lga olish va yo‘q qilish uchun aksilterror operatsiya rejimi joriy etildi, har ikki shaharda kechki paytgacha janglar davom etdi.

Darbandda jangarilar soat 17:50 atrofida (Toshkent vaqti bilan 19:50) politsiyachilarga qarata o‘q uzishni boshlagan, shundan so‘ng ular sinagogaga o‘tgan. Dastlab hujumchilar oq rangli Volkswagen Polo mashinasida qochib ketgani ma’lum qilingan. Keyinroq Ichki ishlar vazirligining Dog‘iston bo‘yicha departamenti H075UT05 davlat raqami bo‘lgan qora Lada Vesta mashinasini qidiruvga bergan.

Taxminan Darband bilan bir vaqtda Maxachqal’aning Magomedgadjiyev ko‘chasida otishma boshlangan, qora kiyimdagi jangarilar politsiya mashinalariga qarata o‘t ochgan. Ular raqamsiz qora mashinada ham harakatlangan.


Ko‘p o‘tmay Maxachqal’a sinagogasida yong‘in chiqqan. Shahar ravvini qurbonlar yo‘qligini aytgan. “TASS” manbasiga ko‘ra, jangarilar xorijiy qurollarni, jumladan kamida bitta hujum miltig‘ini ham ishlatgan. Shuningdek, ular politsiyachilarning quroli va mashinasini ham qo‘lga kiritgan.

Xavfsizlik kuchlari va jangarilar o‘rtasidagi otishma yarim tungacha davom etgan. Maxachqal’a va Dabandning turli hududlarida otishma ovozlari eshitilgan.

Maxachqal’aga kirish va shahardan chiqish yo‘llari to‘sib qo‘yilgan. Respublika Ichki ishlar vazirligi jangarilar sheriklarining shaharni tark etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday choralar ko‘rilganini aytgan.

Darbandda harbiy texnikalar aniqlangan, aksilterror operatsiyasiga Rossiya gvardiyasi va vertolyotlar jalb qilingan. Mahalliy vaqt bilan 21:00 atrofida shaharning markaziy qismi elektr ta’minotidan uzilgan.

Mash Telegram kanali Maxachqal’adagi pravoslav cherkovida 40 nafar garovga olingan qolib ketgani haqida xabar bergan. Dog‘iston Ichki ishlar vazirligi garovga olinganlar haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan va 19 kishi “o‘z xavfsizligi uchun” cherkovda “yashiringani”, otishma cherkov tashqarisida davom etayotganini aytgan. Keyinchalik odamlar cherkovdan olib chiqilgan, ularning hayoti xavf ostida emas.

Taxminan soat 23:00 da Milliy antiterror qo‘mitasi Darbanddagi aksilterror operatsiyasining faol bosqichi yakunlangani haqida xabar bergan. Yarim tunda Darband singogasidagi yong‘in o‘chirilgan.

Qurolli shaxslar haqida nima ma’lum?

Aksilterror operatsiyasi davomida besh nafar jangari o‘ldirilgan. Dog‘iston rahbari Sergey Melikov esa “olti bandit” yo‘q qilinganini aytgan. Milliy antiterror qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, uch nafar jangari Maxachqal’ada, ikki nafari Darbandda yo‘q qilingan. Hujum ishtirokchilardan biri Maxachqal’a cherkovidagi otishmada halok bo‘lgan.

Huquq-tartibot idoralari versiyalaridan biriga ko‘ra, jangarilar xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdorlaridir.

Hujumchilarning harakatlari, qichqirig‘i va tashqi ko‘rinishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular terrorchi tashkilotga mansub”, — deydi RBK nashri manbasi.

Nashr manbasining ta’kidlashicha, bir necha jangari Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasida vahobiylar doiralari bilan aloqasi borligi qayd etilgan.

Xavfsizlik kuchlari hujumlar oldindan rejalashtirilganiga ishonchi komil va nishonlar diniy obyektlar bo‘lgani bejiz emas – hujum yirik pravoslav bayramida (23 iyun Muqaddas Uchlik kuni nishonlanadi) amalga oshirilgan”.

Foto: “TASS”
O‘ldirilgan jangarilardan ikki nafari Dog‘istonning Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Omarovning o‘g‘illari, yana bir jangari esa uning jiyani, deya xabar bermoqda “Interfaks” Dog‘iston huquq-tartibot idoralariga tayanib. Omarov qo‘lga olingan va so‘roqqa olib ketilgan, u lavozimidan iste’foga chiqqan. Baza Telegram kanalining da’vo qilishicha, besh nafar jangari ham Sergokalinskiy tumanida tug‘ilgan va Omarov o‘g‘lining terrorchilik guruhiga a’zo bo‘lgan.

Rasmiylar munosabati

Dog‘istondagi hujumdan keyingi dastlabki aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Tezkor shtab tuzilib, aholidan zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslik so‘raldi. Rossiya Tergov qo‘mitasi “terakt” (Jinoyat kodeksining 205-moddasi) moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikov Darband va Maxachqal’adagi hujumlarni mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinish deb atadi va fuqarolarni xotirjamlikka chaqirdi. Maxachqal’a meri Yusup Umavov fuqarolarga murojaatida teraktdan so‘ng xavfsizlik kuchlarining harakatlari “ma’lum noqulayliklar va cheklovlar” keltirib chiqarishi mumkinligini aytgan va buni tushunishni so‘radi. Dog‘iston poytaxtidagi ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilindi.

Dog‘istondan Davlat dumasi deputati Abdulhakim Gadjiyev respublikadagi hujumlar ortida Ukraina va NATO mamlakatlari razvedka xizmatlari turishi mumkinligini aytdi.

Chunki biz Shimoliy harbiy okrugda (urushda) barcha jabhalarda muvaffaqiyatga erishmoqdamiz, demak mamlakatimiz ichidagi vaziyatni silkitish kerak”, — dedi u “Rossiya-24” telekanalida.

Gadjiyevning bayonotiga javoban Zaporoje viloyati senatori Dmitriy Rogozin deputatdan har bir teraktni “Ukraina va NATO” bilan bog‘lamaslikni so‘radi.

Agar biz milliy va diniy murosasizlik, nafrat va rusofobiya bilan bog‘liq har bir teraktni Ukraina va NATOning hiyla-nayranglari bilan bog‘lasak, bu bizni katta muammolarga olib keladi, deb hisoblayman”, — dedi u.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning aytishicha, Dog‘istonda sodir bo‘lgan voqea “yovuz provokatsiya va dinlar o‘rtasida ixtilof qo‘zg‘ashga urinish”ga o‘xshaydi.

Bu qabih jinoyatlarni sodir etganlarning na iymoni, na millati, na erkaklik qadr-qimmati bor. Ularni joyida yo‘q qilish kerak”, — dedi respublika rahbari o‘zining Telegram-kanalidagi murojaatida.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev birinchilardan bo‘lib rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi va kuchishlatar tuzilmalari orqali yordam taklif qildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Putinga hamdardlik bildirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Dog‘istondagi terrorchilik hujumlarini qat’iy qoraladi hamda ushbu tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalarning faol hamkorligini davom ettirishga tayyorligini bildirdi, — deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dog‘istondagi qurolli hujum haqida nimalar ma’lum?
ePN