12:05 / 29.06.2024
402

Dubay valiahd shahzodasi Hamdan haqida siz bilmagan 10 ta fakt

Dubay valiahd shahzodasi Hamdan haqida siz bilmagan 10 ta fakt
Dubay hukmdorining ikkinchi o‘g‘li, valiahd shahzoda Hamdan ibn Muhammad Al Maktum dunyodagi eng kelishgan va ko‘plab qizlarning orzusidagi bo‘ydoqlardan biri bo‘lgan. Shahzoda Hamdan o‘zining yuksak unvonidan tashqari, ko‘plab iste’dodlarga, jumladan, noodatiy qobiliyatlarga ham ega.

Katta oilada tarbiyalangan

Shahzoda Hamdan ibn Muhammad ibn Rashid Al Maktum 1982 yil 14 noyabrda Dubayda tug‘ilgan. U 11 nafar uka-singillari bilan katta va do‘stona oilada o‘sgan. Otasining hammasi bo‘lib 25 nafar farzandi (mish-mishlarga ko‘ra 30) bor, ular turli xotinlardan, shu jumladan, arab ayollari va nasroniy yevropaliklardan tug‘ilgan. Dubay hukmdorining nechta ayoli borligi ma’lum emas, ammo jahon ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, gap olti yoki yetti ayol haqida ketyapti. Hamdanning onasining ismi Hind bintu Maktum ibn Yuma Al Maktum. U asosiy rafiqa hisoblanadi va amirlikning birinchi xonimi vazifasini bajaradi. Hind — Muhammadning amakivachchasi (BAA madaniyatida bunday qarindoshlik nikohi keng tarqalgan) hisoblanadi.

Hamdan Dubay shayxining ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, undan avval Rashid ismli akasi bo‘lgan. An’anaga ko‘ra, katta o‘g‘ilga Dubayning rasmiy vorisi bo‘lgan valiahd shahzoda unvoni berilgan, biroq Rashid qo‘l ostidagi xodimini o‘ldirgani haqidagi ma’lumot keng ommaga tarqalgach, otasi qarorini bekor qiladi. Bundan tashqari, shayxning to‘ng‘ich o‘g‘li noqonuniy moddalar bilan bog‘liq muammolar tufayli reabilitatsiya markazida davolangan ham. Rashid ibn Muhammad ibn Rashid Al Maktum 2015 yilda 34 yoshida yurak xurujidan vafot etgan.

Britaniyalik merosxo‘rlar bilan bir kollejda o‘qigan

Boshlang‘ich va o‘rta ta’limni Dubayda tugatgandan so‘ng, Hamdan Buyuk Britaniyaning mashhur Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasida (RMAS) o‘qiydi — u yerda iqtisod bo‘yicha tahsil oladi. O‘z vaqtida bu yerda boshqa mashhur merosxo‘rlar — shahzoda Uilyam va Garri ham o‘qigan. Hamdan o‘z intervyusida aytganidek, RMAS'da o‘qish uning qalbida qat’iyat, intizom, jamoaviylik va mehnatsevarlik kabi muhim fazilatlarni shakllantirgan. Keyinchalik Dubay shahzodasi London iqtisodiyot maktabida o‘qishni davom ettiradi.

She’riyatdan zavqlanadi

Valiahd shahzoda adabiyot olamida Fazza taxallusi bilan tanilgan — Hamdan qadimiy arabcha nabatiy uslubda she’r yozadi. Fazza nomi afsonaviy arab jangchisiga berilgan nisbat bo‘lib, “yordam beruvchi” degan ma’noni anglatadi. 2019 yilda shahzoda ikki tilda “Otlarga bo‘lgan muhabbat sabab” nomli 18 ta she’rdan iborat to‘plamini chiqaradi. Shahzoda Hamdan The National nashriga bergan intervyusida she’riyat yordamida u “odamlar qalbida shodlikni tiklashga va ularning dardini yengillashtirishga harakat qilishini”, aytadi.

Ekstremal sport ishqibozi

Hamdan ibn Muhammad ibn Rashid Al Maktum mohir sportchi. Uning qiziqish doirasi juda keng — polo, tennis, yugurish, lochin ovi va nayza otish, velosport, ziplayning, snoubord, dengizga sho‘ng‘ish, parashyutda sakrash, fridayving, aysberglarda sayr qilish va boshqa ekstremal mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. 2013 yilda shahzoda Hamdan sayyoradagi eng baland bino Burj Xalifaga chiqish orqali jahon ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi — Burj Xalifa minorasi dunyodagi eng baland bino hisoblanadi. Uning balandligi 828 metrni tashkil qiladi. U liftda eng yuqori qavatga chiqib, binoning tashqi devoridagi zinapoya yordamida tepaga ko‘tariladi va BAA bayrog‘ini ko‘tarib, muxlislarini qutlaydi.

Tuyaqushlar poygasi

Shahzoda Hamdan yovvoyi tabiatga bo‘lgan muhabbati bilan ham tanilgan va u velosiped minishni ham yaxshi ko‘radi. 2021 yilda u tuyaqushlarga qarshi velosiped poygasini tashkil qilish orqali ikki sevimli mashg‘ulotini birlashtiradi. Hamdanning ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan videoda uning g‘alabasi aks etgan — shayx yo‘l chetida chopayotgan qushlarni quvib o‘tgan.

Aytgancha, bu g‘ayrioddiy poygada birorta ham jonivor zarar ko‘rmaydi. Filantrop va ekolog bo‘lgan shahzoda tabiatga g‘amxo‘rlik qiladi. 2020 yil yozida shayxga tegishli yo‘ltanlamas kapotiga qushlar uya qurganida, Hamdan mashinani himoya lentasi bilan o‘rab, unga yaqinlashishni taqiqlaydi. Uning g‘amxo‘rligi tufayli keyinchalik uyada jo‘jalar paydo bo‘ladi.

Uyida hayvonot bog‘i saqlaydi

Shahzoda Hamdan Dubay hukmdorining 2 milliard dollarlik rasmiy qarorgohida yashaydi. 1963 yilda qurilgan arxitektura va dizayn durdonasi bo‘lgan Zabil saroyi 14 gektar maydonda joylashgan. Oilada ekzotik hayvonlar, jumladan, yo‘lbarslar, sherlar, gorillalar va maymunlarning ko‘plab turlari mavjud bo‘lgan shaxsiy hayvonot bog‘i mavjud.

Ukalari bilan bir kunda uylangan

2019 yilda Dubayda ajoyib voqea bo‘ladi — shahzoda Hamdan va uning ukalari Maktum va Ahmadning to‘ylari bir kunda bo‘ladi. Merosxo‘rning rafiqasi uning amakivachchasi shayxa bintu Said ibn Tani Al Maktum bo‘lib, uni bolaligidan Hamdanning xotini bo‘lishga tayyorlashgan. To‘y marosimi uchun Jahon savdo markazi tanlanadi. Uch shahzoda ham diniy nikohdan o‘tib, nikoh shartnomasini imzolagan. Oliy martabali mehmonlar orasida Iordaniya qirollik oilasi va Ummon sultonining qarindoshlari ham bor edi.

Hamdan — mehribon ota

Shahzoda Hamdan birinchi marta 2021 yilning may oyida ota bo‘ldi. Rafiqasi egizaklar — Rashid va kichik Shayxni dunyoga keltirdi. 2023 yil fevral oyida oila uchinchi farzandi tug‘ilganini e’lon qildi — bolakayga bobosi sharafiga Muhammad ismini qo‘yishdi. Hamdan mehribon ota bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda farzandlari hayotidagi tafsilotlar va ularning suratlarini baham ko‘radi. Aytgancha, Dubay merosxo‘ri obunachilarning katta auditoriyasiga ega — 2024 yil holatiga ko‘ra 16 milliondan ortiq.

Jamoat faoli

2006 yildan 2009 yilgacha shayx Hamdan Dubay Ijroiya kengashi raisi bo‘lib ishlagan va Sport kengashi, Autizm markazi, Shayx Muhammad ibn Rashid nomidagi Yosh biznes rahbarlari institutiga rahbarlik qilgan, shuningdek, bolalar va hayvonlarga yordam beradigan bir qancha xayriya tashkilotlariga shaxsan homiylik qilgan. Shahzoda Hamdan tomonidan boshlangan tashabbuslar qatorida Birlashgan Arab Amirliklari aholisi uchun davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshiradigan “Aqlli hukumat dasturi” ham bor.

Xalq uni kelajakdagi ilg‘or hukmdor sifatida ko‘radi

Shayx Hamdan mamlakat kelajagiga optimistik qaraydi va Dubayning futuristik va texnologik global markaz sifatidagi maqomini saqlab qolishga yordam beradigan texnologiyalar rivojlanishiga ishonadi. 2015 yilda hukumat sammitida Hamdan BAAning AI va robototexnika bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1 000 000 AED (BAA uchun) va 1 000 000 AQSH dollari (chet ellik ishtirokchilar uchun) bo‘lgan UAE AI & Robotics Award for Good mukofoti ta’sis etilganini e’lon qildi. G‘oliblar AI va robototexnikaning uchta yo‘nalishda — ijtimoiy soha, ta’lim va tibbiyotda eng yaxshi loyihalarni ishlab chiqqan olim va tadqiqotchilar bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dubay valiahd shahzodasi Hamdan haqida siz bilmagan 10 ta fakt