14:22 / 08.07.2024
157

Fransiyadagi so‘llar islomofobiyaga qarshi kurashib, Falastinni tan olishni va’da qilmoqda

Fransiyadagi so‘llar islomofobiyaga qarshi kurashib, Falastinni tan olishni va’da qilmoqda
​​​​​​​Jan-Lyuk Melanshon. Foto: AFP
Fransiyadagi parlament saylovlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan so‘l partiyalarning «Yangi xalq fronti» koalitsiyasi yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon Milliy kengashga saylovning dastlabki yakunlari e’lon qilinganidan so‘ng Falastin davlatchiligini tan olish zaruriyati haqida gapirdi.

«Bizda Yangi xalq frontidan bosh vazir saylanadi. Ko‘p narsalarni farmon bilan hal qila boshlaymiz. Xalqaro darajada Falastin davlatini tan olish bo‘yicha kelishishimiz zarur bo‘ladi», – degan Melanshon.

U shuningdek, mamlakatda o‘zgarishlar zaruriyati haqida gam gap ochgan.

«Fransiya albatta erkaklar shovinizmi, irqchilik, islomofobiya, antisemitizm va har qanday dinga nisbatan nafrat sahifasini yopgan yangi Fransiyaga aylanishi kerak», – degan so‘l koalitsiya yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, kecha yakshanba kuni Fransiya parlamentiga o‘tgan saylovlarning ikkinchi turida «Yangi xalq fronti» koalitsiyasiga birlashgan so‘llar g‘olib chiqishdi. Ikkinchi o‘rinda — amaldagi prezident Emmanuel Makronning «Birgalikda respublika uchun» markazchi koalitsiyasi. Ular 168 ta o‘ringa ega bo‘lishmoqda. O‘ngchilar Marin Le Pen va Jordan Bardellaning «Milliy uyushma» partiyasi 143 ta joy oladigan bo‘ldi. Qolgan mandatlarni mustaqil deputatlar va kichik partiyalar vakillari bo‘lib olishgan.

Shunday qilib, birorta partiya 577 kishilik yangi parlamentda ko‘pchilik joyga ega bo‘lish imkonini beradigan 289 ta joy uchun ovoz to‘play olmadi. «Yangi xalq fronti» yetakchilaridan biri Jan-Lyuk Melanshon allaqachon o‘ng partiyalar yoki Makronning markazchilar bloki bilan koalitsiya tuzish imkoniyatini rad etib bo‘lgan. «Milliy uyushma»dan Le Pen ham shunday bayonot bilan chiqish qildi.

Makronning bloki ko‘pchilik ovozni to‘play olmagach, Fransiya bosh vaziri, Gabriel Attal 8 iyuldan iste’foga chiqishini aytdi. Lekin u yangi hukumat tuzilgunga qadar o‘z lavozimini bajarib turishini qayd etdi.

35 yoshli Attal Fransiya tarixidagi eng yosh bosh vazir hisoblanadi. Bu lavozimga u shu yilning yanvar oyida kirishgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiyadagi so‘llar islomofobiyaga qarshi kurashib, Falastinni tan olishni va’da qilmoqda
ePN