date
views 150

Eron raketa ishlab chiqarish dasturini kengaytirmoqda

Eron raketa ishlab chiqarish dasturini kengaytirmoqda
Foto: Reuters
Eron hukumati Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida mamlakatda raketa ishlab chiqarish obyektlarini kengaytirmoqda. Bu haqda AQSH mustaqil tadqiqotchilari bergan ma’lumotlarga asoslanib, Reuters nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, amerikalik tadqiqotchilar Eron harbiy obyektlarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarini o‘rganib chiqqan. Ularda obyektlar ikki yil oldingi hajmi va joylashuviga nisbatan ancha o‘zgargani aniqlangan.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan so‘nggi suratlar Eronning ikkita asosiy ballistik raketa ishlab chiqarish obyektlarida katta o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rsatadi. So‘nggi haftada turli lavozimdagi uch nafar Eron rasmiysi bergan ma’lumotlar ham buni tasdiqlagan. Eron harbiylari o‘z shaxsini anonim saqlagan holda xalqaro matbuotga intervyu bergan.

Foto: Reuters
Obyektlarning kengaytirilishi 2022 yil oktyabr oyidagi kelishuvdan so‘ng amalga oshirilgani taxmin qilingan. Chunki aynan o‘sha davrda Ukraina urushida harbiy texnikalar taqchilligini sezgan Rossiya Tehronga murojaat qilib, raketalar sotib olishga xayrixohligini bildirgan. Eron esa bunga rozi bo‘lib, raketa ishlab chiqarish sig‘imini eksport darajasida qayta tashkil etgan.

AQSH sun’iy yo‘ldoshlari, asosan, Eronning Modarres va Xojir raketa ishlab chiqarish majmualarini o‘rgangan. Obyektlarni tasvirga olgan Planet Labs tijorat sun’iy yo‘ldoshi majmua hududida 30 dan ortiq yangi binolarni payqagan. Shuningdek, poytaxt Tehron yaqinida ikkita yangi ballistik raketa inshooti topilgan.

Foto: Reuters
Montereydagi Midlberi xalqaro tadqiqotlar instituti xodimi Jeffri Lyuis sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali Eron raketa dasturi xorijiy omil tufayli takomillashganini aytgan. Chunki topilgan obyekt va qismlarning ayrimlari Eron raketa sanoatiga xos emas.

Aniqlangan harbiy kompleks binolarining aksariyati tuproq uyumlari bilan o‘rab olingani xabar qilingan. Tehron shu yo‘l bilan ularni sun’iy yo‘ldoshlardan yashirishga harakat qilgani taxmin qilingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Eron allaqachon Yaqin Sharqdagi eng yirik raketa arsenalini yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Uning tarkibida 3000 dan ortiq raketalar, jumladan, oddiy va yadroviy kallaklarni tashishga mo‘ljallangan modellar ham bor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron raketa ishlab chiqarish dasturini kengaytirmoqda