11:36 / 15.07.2024
60

Bayden siyosiy bahslarda vazminlikka chaqirdi

Bayden siyosiy bahslarda vazminlikka chaqirdi
Foto: Sipa USA/TASS
AQSH prezidenti Jo Bayden noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida uning ehtimoliy raqibi Donald Trampga suiqasd uyushtirilganidan keyin amerikaliklarga murojaat qildi. «Mening vatandoshlarim, bugun men siz bilan siyosiy hayotimizda haroratni pasaytirish zarurligi haqida gaplashmoqchiman», dedi Bayden 14 iyul, yakshanba kuni. Siyosat «hech qachon jang maydoni bo‘lmasligi kerak», dedi Oq uy rahbari.

Bayden: Kelishmovchiliklarni zo‘ravonlik bilan emas, balki ovoz berish orqali hal qilamiz

«Biz kelishmovchiliklarni saylov qutisida hal qilamiz. O‘q bilan emas, balki saylov qutisida», - dedi AQSH prezidenti. U «demokratiya va qonun ustuvorligi uchun» faol targ‘ibotni davom ettirish niyatida ekanligini qo‘shimcha qilib, «ko‘chalarda zo‘ravonliksiz», saylov qutilari yonida harakat qilishga chaqirdi. «Biz ekstremizm va g‘azab emas, balki odobli va mehribon bo‘lgan Amerika tarafdorimiz», dedi Bayden.

Amerika rahbari, shuningdek, vatandoshlarini «faqat fikriga qo‘shilganlarni eshitayotgan bunkerlardan» chiqishga chaqirdi. Xalqqa qilgan murojaatida Bayden dezinformatsiya va «manfaatlarimizga emas, balki o‘z manfaatlariga mos» saylov natijalarini chiqarish uchun «parchalanish alangasini yoqib yuborayotgan chet ellik o‘yinchilar» haqida ogohlantirdi.

Pensilvaniyada Donald Trampga suiqasd

AQSH sobiq prezidenti, respublikachi Donald Trampga 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingidagi nutqi vaqtida o‘q uzildi. O‘q siyosatchi qulog‘ining tepa qismiga tegdi. Otishma natijasida 50 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana ikki miting ishtirokchisi yaralandi. Ularning ahvoli barqaror, dedi Pensilvaniya shtati politsiyasi. Hujumchi Pensilvaniya shtati Betel-Park shahrida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanligi aniqlangan, u xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan.

Bir qator jahon siyosiy yetakchilari Donald Trampga qilingan suiqasdni qoralab, hamdardlik bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden siyosiy bahslarda vazminlikka chaqirdi