18:22 / 17.07.2024
117

Eron Trampni yo‘q qilishni rejalashtirgan

Eron Trampni yo‘q qilishni rejalashtirgan
Foto: CNN
AQSH rasmiylari Eronning Amerika sobiq yetakchisi Donald Trampga suiqasd uyushtirishga uringani haqida razvedka ma’lumotlarini oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

CNN suhbatdoshlariga ko‘ra, Trampni otgan Tomas Metyu Kruksning bu fitnaga aloqadorligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

AQSH rasmiylari olgan razvedka ma’lumotlari maxfiy xizmatni Tramp atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga olib kelgan. Shuningdek, maxfiy xizmat Tramp kampaniyasini kirishni nazorat qilib bo‘lmaydigan joylarda ochiq mitinglar o‘tkazishdan bir necha bor ogohlantirgan, deyiladi xabarda.

Trampga suiqasd uyushtirilgandan bir kun o‘tib maxfiy xizmat vakili Entoni Gulelmi Trampning xavfsizligiga “himoya resurslari va imkoniyatlari” qo‘shilganini aytgan.

Erondan tahdidlar Tramp saylovoldi shtab-kvartirasiga yetkazilgani yoki yo‘qligi noma’lum, deb yozadi CNN.
Shtab prezidentlikka nomzodning xavfsizligi bilan bog‘liq ma’lumotlarga izoh bermasligini aytgan.

CNN 2020 yil yanvarida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgani uchun Eron qasos olishga bir necha bor va’da berganini qayd etgan. Tramp uni minglab amerikaliklarning o‘limi uchun javobgar deb atagan va Sulaymoniy “avvalroq yo‘q qilinishi kerak”ligini ta’kidlagan.

CNN manbalariga ko‘ra, Tramp davrida davlat kotibi lavozimida ishlagan Mayk Pompeo ham Eron fitnasining ehtimoliy nishoni bo‘lgan.

Donald Trampga suiqasd

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp 14 iyul kuni Pensilvaniyaning Batler shahridagi saylovoldi mitingi paytida yaralangan edi. Hodisa aks etgan videoda uning chiqishi chog‘ida o‘q ovoziga o‘xshash tovushlar eshitilgan. Shundan so‘ng Tramp qulog‘ini ushlab yotib olgan. Qo‘riqchilar shu zahoti Trampni o‘rab olgan. Prezidentlikka nomzod o‘rnidan turganida qulog‘idan qon oqayotganini ko‘rish mumkin. Maxsus xizmat agentlari uni qurshab olib, ko‘tarilishga yordam bergan va sahnadan olib ketgan.

Bu hodisa qotillikka urinish sifatida baholanmoqda. O‘q uzgan shaxs maxsus xizmat xodimlari tomonidan o‘ldirilgan.

Maxfiy xizmat tomonidan o‘ldirilgan ayblanuvchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanligi aniqlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron Trampni yo‘q qilishni rejalashtirgan