14:14 / 23.07.2024
184

Baydenning poygadan chiqish qarori tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Baydenning poygadan chiqish qarori tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Foto: Getty Images
Shanba kuni ham prezidentning yordamchilari u Oq uyga qaytganidan keyin ishtirok etishi kerak bo‘lgan saylovoldi tadbirlari jadvalini tuzish bilan mashg‘ul edi. Yana kovidga chalingan Bayden dam olish kunlarini Delaver shtatining sharqiy sohildagi qismida joylashgan Rexobot-Bichdagi uyida o‘tkazayotgandi.

Ammo, Baydenga yaqin bo‘lgan anonim manbalarga ko‘ra, yakshanba tongiga kelib prezident fikrini o‘zgartirgan.

Shanba kuni kechqurun Bayden 50 yillik siyosiy faoliyati mobaynidagi eng murakkab qarorlardan birini qabul qilishi va poygadan chiqishini e’lon qilishi qanchalik to‘g‘ri bo‘lishi haqida o‘ylay boshlagan.

Bu jarayon davomida u yordamchilari bilan gaplashgan, ular orasida eng yaqin maslahatchilaridan biri Stiv Richetti, uning asosiy strategi Mayk Donilon (ularning ikkisi ham 2016 va 2020 yillardagi saylovlarda nomzodini qo‘yish bo‘yicha muhim qaror qabul qilish vaqtida Baydenning yonida bo‘lgan), ma’muriyat boshlig‘i o‘rinbosari Enni Tomasini hamda birinchi xonim Jill Baydenning ma’muriyati boshlig‘i Entoni Bernal bo‘lgan.

Bayden AQSH Senatida ishlagan chog‘laridanoq Baydenning yaqin yordamchisi hisoblangan Richetti juma kuni prezidentning sohildagi uyiga kelgan. Prezidentning eng muhim siyosiy qarorlarini qabul qilishda muhim rol o‘ynovchi yana bir yordamchi Donilon esa ularga shanba kuni qo‘shilgan. Bayden va yordamchilari oxirgi so‘rovlar ma’lumotlarini o‘rganishgan (yangi ma’lumotlar esa optimizm ulashmayotgandi) va prezident qiyin sharoitda Donald Trampni qanday yengishi mumkinligini muhokama etishgan.

Maslahatchilar kongressmenlarning xavotirlarini yetkazishgan hamda saylov kampaniyasi uchun xayriya mablag‘lari yig‘ish bo‘yicha yangilangan statistikani, shuningdek unda noyabr oyidagi saylovlarda g‘alaba uchun hech qanday imkoniyat qolmaganini ko‘rsatuvchi jamoatchilik o‘rtasidagi so‘rovlar natijalarini taqdim etishgan.

Qolaversa, yangi haftada Baydenni nomzodini qaytarib olishga chaqirish kampaniyasiga Demokratik partiyadagi navbatdagi figuralar qo‘shilishi kutilayotgandi.

Bayden so‘rovnomalar natijalari tufayli o‘z istiqbollari borasida shubhalana boshlaydi: uning shtabi so‘nggi ikki oyda ilk bor iyul oyi o‘rtalarida o‘tkazgan so‘rovlar natijalari ayrim muhim shtatlardagi ahvol o‘ta ayanchli ekanini ko‘rsatgan. Ularga ko‘ra, Bayden nafaqat barcha olti ikkilanuvchi shtatlarda, balki demokratlar reklama uchun katta resurslar sarflashni rejalashtirmagan va doimo demokratlarga moyillik bildirib kelgan Virjiniya va Nyu Mexiko shtatlarida ham yutqazayotgandi.

Prezident bir qarorga kelishi kerak edi.

Donilon Baydenning poygadan chiqish haqida xabar qilinadigan bayonotni tayyorlashga kirishadi. Richetti esa bu bayonot qanday tarqatilishi va apparatning boshqa xodimlari bu haqda qanday xabardor qilinishi bo‘yicha tafsilotlarni ishlab chiqish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

BBC manbalariga ko‘ra, Bayden prezidentlik poygasidagi ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qarorini yakshanba tongida qabul qiladi, u bu haqda xabar berish uchun o‘z ma’muriyati boshlig‘i Jeff Ziyents, o‘z saylovoldi kampaniyasi rahbari Jen O'Melli Dillon va vitse-prezident Kamala Harrisga alohida qo‘ng‘iroq qiladi.

Yakshanba kuni, mahalliy vaqt bilan soat 13:45 da prezident Oq uy hamda saylovoldi shtabining eng yuqori martabali xodimlari, jumladan Oq uyning kommunikatsiyalar strategiyasiga mas’ul bo‘lgan Anita Dann ishtirokida videokonferensiya o‘tkazadi. Bir daqiqa o‘tib u barcha uchun bayonot bilan chiqadi.

«U so‘nggi bir necha kun davomida bu haqda o‘ylab kelganini aytdi», — degan Oq uyning yuqori martabali xodimi BBC bilan suhbatda.

Bayden dastlabki bayonotida Kamala Harrisni prezidentlik uchun o‘z nomzodi sifatida ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, yarim soat o‘tib u X ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq tvitter) vitse-prezident nomzodini qo‘llashini tasdiqlaydi.

Muloqotdan xabardor bo‘lgan ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, Bayden va Harris kun davomida, prezident o‘z bayonotini e’lon qilgunicha bir necha marta gaplashishgan.

Ularning fikricha, birinchi xonim, prezidentning yaqin maslahatchilaridan bo‘lgan Jill Bayden ham hal qiluvchi qarorga katta ta’sir ko‘rsatgan va turmush o‘rtog‘ining prezidentlik kampaniyasini to‘xtatish istagini qo‘llashini bildirgan.

Shu bilan birga, Oq uy va saylovoldi shtabidagilarning ko‘pchiligi Baydenning rejasi haqida oldindan xabardor qilinmagan. Xodimlarning ko‘pchiligi uning poygadan chiqqani haqida ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlardan bilishgan.

Prezident apparati boshlig‘i Ziyents Oq uy xodimlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan va Baydenning bayonotini tasdiqlash hamda ularga mashaqqatli mehnati uchun minnatdorchilik bildirish maqsadida barcha xodimlarga elektron xat jo‘natgan.

Oq uy bayonotida aytilishicha, Bayden bu vaqtda Kongressdagi bir qancha demokratlar, gubernatorlar hamda tarafdorlari bilan gaplashgan va keyingi kunlarda ham nufuzli demokratlar bilan qo‘ng‘iroqlashishda davom etmoqchi.

Ko‘p o‘tmay prezidentlik uchun nomzodini qo‘yish va g‘alaba qozonish niyatini bildirgan Kamala Harris ham yakshanba kunini kongressmenlar bilan telefon orqali muzokaralar o‘tkazishga bag‘ishlagan.

Jumladan, u saylovda qo‘llovga ega bo‘lish uchun Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris hamda partiyadagi muhim mulozimlar va gubernatorlar bilan suhbatlashgan.

Ayni vaqtda Harrisga partiya ichida jiddiy raqobatchi yo‘q va u Demokratik partiyaning avgust oyidagi qurultoyida prezidentlikka rasman nomzod sifatida ko‘rsatilishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Baydenning poygadan chiqish qarori tafsilotlari ma’lum bo‘ldi