20:52 / 26.07.2024
262

Tomas Kruksning telefoni 40 daqiqa ichida buzib kirilgan. Qanday qilib?

Tomas Kruksning telefoni 40 daqiqa ichida buzib kirilgan. Qanday qilib?
Donald Trampni otgan Tomas Mettyu Kruksning telefonini buzib kirish uchun Federal tergov byurosi agentlariga atigi 40 daqiqa kifoya qilgan. Bu ishni isroillik dasturchilar yordamida amalga oshirishgan. Bu bir tomondan agentlar tezkor ishlaganini ko‘rsatsa, boshqa tomondan zamonaviy smartfonlar xavfsizligi haqida gaplar shunchaki safsata ekanini navbatdagi marta isbotlaydi. AQSH nashrlarida jinoyatchining telefoni qanday buzib kirilgani haqida tafsilotlar paydo bo‘ldi.

Bloomberg‘ning yozishicha, Federal qidiruv byurosi Kruksning telefonini buzib kirish uchun Isroildagi Cellebrite kompaniyasi taqdim etgan dasturiy ta’minotidan foydalangan. Idora suiqasddan ikki kun o‘tib telefon buzib kirilganini e’lon qilgandi. Byuro telefonni qanday qilib bunchalik tez buzib kirganini tushuntirmagan. Vaholanki, odatda gumonlanuvchilar telefonini buzib kirishga bir necha oy talab qilingan.

Washington Post Kruksning telefoni Samsung kompaniyasi ishlab chiqargan oxirgi modeldagi qurilmalardan biri ekanini yozdi. Undagi Android tizimi Isroil kompaniyasi taqdim etgan qurilma yordamida ikkinchi urinishda buzib kirilgan. Avvaliga telefon Pittsburgdagi FTB idorasiga yuborilgan. Ammo u yerda qurilmani buzib kira olishmagach, gadjet Virjinyadagi Kuantiko FTB agentlariga yuborilgan. U yerda agentlar aynan isroillik dasturchilar ishlab chiqargan Cellebrite dasturiy ta’minoti orqali qurilmani buzishadi.

Pittsburgdagi idorada ham xuddi shunday dastur bo‘lgan, lekin uning yordamida qurilma blokini ocha olishmagan. Kauntikoda esa isroillik mutaxassislar qo‘shimcha texnik ko‘mak taqdim etgach, Kruksning telefoni ochiladi. Qizig‘i, amerikaliklarga taqdim etilgan dastur hali ishlab chiqarish bosqichida bo‘lgan.

Washington Post'ga ko‘ra, Kruksning telefoni buzib kirilgani tergov jarayonini tezlashtirmagan. Qotilning sheriklari bo‘lganmi? Suiqasd motivi nimadar iborat bo‘lgan? Qurilma buzib kirilgani ham mana shu ikki muhim savolga javob topmagan.

OAVda Cellebrite dasturi telefonlarni qanday buzib kirishi haqida turli ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ularda aytilishicha, bu dastur foydalanadigan usullardan biri qayta urinishlarni bloklovchi himoya to‘sig‘ini bloklash hisoblanadi. Shuningdek, isroilliklar ishlab chiqarib, dunyoga sotadigan dastur telefonga kirish uchun bir vaqtning o‘zida millionlab parollarni kirita oladi. FTB aynan qanday uslubdan foydalangani aniq emas.

The Verge nashri yozishicha, AQSHdagi deyarli barcha politsiya bo‘limlarida telefonlarni buzib kirishga moslashgan Cellebrite qurilmalari bor. Maxsus xizmatlarda esa yanada ko‘proq qurilmalardan foydalanadi. Upturn notijoriy tadqiqot tashkiloti o‘tkazgan surishtiruvda AQSHning 50 ta shtati va Kolumbiya okrugidagi 2 mingdan ortiq huquq-tartibot idoralarida mobil qurilmalarni kriminal ekspertiza qiladigan qurilmalar mavjud. Ular orasida narxi 30 ming dollar turadigan Graykey qurilasi ham bor. Uning asoschisi qurilmaning yangi versiyasi iOS 17 operativ tizimini va Samsung Galaxy S24 telefonlarini bemalol buzib kira olishini aytib maqtangan.

Telefonlar xavfsizligi haqida gapirganda 2016 yil AQSH Federal tergov byurosi va Apple kompaniyasi o‘rtasidagi tortishuvni eslamay bo‘lmaydi. O‘shanda byuro Apple'dan Kaliforniyada 14 kishini o‘ldirgan terrorchi Said Farukning iPhone 5S telefonini buzib kirishda yordam berishni talab qiladi. Ammo Apple buni demokratiya uchun tahdid deb hisoblab, hamkorlikdan bosh tortadi. Ko‘p o‘tmay FTB Aplle yordamiga muhtoj emasligi, telefonni buzib kirishda uchinchi tomon yordam berganini ma’lum qilgandi. O‘shanda terrorchining telefonini aynan Cellebrite yordamida buzib kirishgani aytilgandi. Ammo keyinchalik AQSH agentlariga bu borada Avstraliyadagi uncha nomi chiqmagan Azimuth Security kompaniyasi yordam bergani ma’lum bo‘ldi.

Faollarga qarshi qo‘llangan qurilma

Isroilning Cellebrite kompaniyasi dunyodagi huquq-tartibot organlariga dasturiy ta’minot sotib kelayotgan sanoqli shirkatlardan biri. Ular davlatlarga o‘z qurilmalarini faqat qonunda ruxsat etilgan holatlarda ishlatsagina sotishini iddao qiladi. Ammo isroilliklarning bu dasturi faollarni kuzatishda qo‘llangani sabab ko‘p marta tanqidga uchragan. Bu kompaniya 2023 yil avgust oyida o‘z mijozlariga aynan Cellebrite'dan foydalanishganini aytmaslikni so‘ragani shubhali holat.

Kompaniya iPhone X chiqqanidan yarim yil o‘tib uni buzib kira olishgani, hozir esa iOS va Android'ning eng yangi qurilmalarini buza olishini aytib maqtanadi.

Insonlarning raqamli huquqlarini himoya qiluvchi Access Now tashkiloti Cellebrite asoschilarini hakerlarga tenglashtirib, bu dastur ko‘p davlatlarda huquq faollariga qarshi ishlatilganini ma’lum qilgan. Masalan, Cellebrite'ni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB), Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Rossiya Tergov qo‘mitasi ham sotib olgan.

«Mediazona» nashri rossiyalik tergovchilar Aleksey Navalniy jamoasi a’zosi Lyubov Sobolning telefonini aynan Cellebrite kompaniyasi ishlab chiqargan dastur yordamida buzishga urinishgani haqida yozgandi. Belarusda Aleksandr Lukashenko ma’muriyati 2016 yilda bu dasturdan foydalangani ham OAVda yozilgan.

Huquq faollari bu dastur Xitoy va Hongkongda ham faollarga qarshi ishlatilgani haqida yozgach, kompaniya bu davlatlarga mahsulot sotishni to‘xtatgan. 2021 yildan esa yuqoridagi tanqidlar fonida Rossiya va Belarusga ham Cellebrite qurilmalarini taqdim etish to‘xtatilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tomas Kruksning telefoni 40 daqiqa ichida buzib kirilgan. Qanday qilib?