23:19 / 18.08.2024
27

Isroil va Hamas muzokaralari: AQSH va vositachilar optimistik kayfiyatda

Isroil va Hamas muzokaralari: AQSH va vositachilar optimistik kayfiyatda
Foto: Getty Images
Blinken «o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilar hamda qo‘lga olinganlarni ozod etish to‘g‘risida kelishuvga erishish» uchun Isroilga safar qildi, deyiladi Davlat departamenti xabarida.

Bu AQSHning asosiy diplomati o‘tgan yil oktyabrida Isroil va Hamas o‘rtasida urush boshlanganidan buyon mintaqaga o‘ninchi bor kelishidir. U dushanba kuni isroilliklar bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Bir necha kun muqaddam Qo‘shma Shtatlar urushayotgan tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni ilgari surgandi.

Muzokaralar jarayoni Isroil tuzgan va Bayden 31 may kuni imzolagan kelishuvga asoslangan. Unga ko‘ra, harbiy harakatlar olti hafta muddatga muzlatiladi va bu davrda garovdagilar hamda mahbuslar ozod etiladi.

Amerika rasmiy shaxslari yangicha optimizm bilan kelishuv yakuniy bosqichga chiqqanini aytishmoqda, ammo shu bilan birga, hali yana ko‘p narsani kelishish lozimligidan ogohlantirmoqda.

Amerikalik, qatarlik va misrlik vositachilar 10 oydan ortiq vaqtdan buyon davom etayotgan urushda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar oldinga siljiyotganini aytmoqda, AQSH prezidenti Jo Bayden esa, bu borada «biz har qachongidan yaqinroqmiz» dedi.

«Biz qolgan bo‘shliqlardan unumli foydalandik va ularni shu taxlit bartaraf etdikki, bizning fikrimizcha, hozirda bu kelishuv imzolashga, amalga oshirishga va oldinga siljishga tayyor holatda», — degan Bayden ma’muriyatidagi yuqori martabali amaldorlardan biri jurnalistlarga.

«Endi barchasi natijaga erishish, odamlar hayotini qutqarish, G‘azo aholisi ahvolini yengillashtirish va mintaqadagi keskinlikni yumshatish uchun tayyor», — deyilgan Qatar, Misr va AQSHning juma kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotida.

Shaxsi sir qolishini so‘ragan amerikalik rasmiy Reuters bilan suhbatda mojaroni to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi diplomatik sa’y-harakatlarni so‘nggi oylardagi eng samaralisi deb atagan va so‘nggi 48 soat mobaynida barcha ishtirokchilar konsensusga erishganini aytgan. «Biz ustida ishlangan qator masalalar bo‘yicha sezilarli o‘sishga erishdik», — degan u.

Muzokaralar yangi hafta boshida ham davom ettirilishi kutilmoqda, keyin esa yuqori martabali mulozimlar yana Qohirada yig‘iladi, hafta oxirida kelishuvni yakunlash mo‘ljallangan.

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jo Bayden G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yaqin ekanini aytdi va Yaqin Sharqdagi tomonlarni kelishuvga erishish uchun davom etayotgan muzokaralarga putur yetkazmaslik zarurligi haqida ogohlantirdi.

Juma kuni Bayden jurnalistlar bilan uchrashuvda kelishuv muzokaralar boshlanishidan oldingi davrdagiga qaraganda
«ancha yaqin» ekanini ta’kidladi va yana bir bor «hali maqsadga to‘liq erishilmagani»ni qo‘shimcha qildi.

«Yana ayrim masalalar qolgan. O‘ylaymanki, bizda imkoniyat bor», — degan u.

Shanba kuni isroillik amaldor Walla agentligi bilan suhbatda Qo‘shma Shtatlar tomonidan namoyish etilayotgan optimizm hech bo‘lmaganda Eronni Tehronda 31 iyul kuni Hamas yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilganiga javoban Isroilga zarba yo‘llash rejasini kechiktirishga ko‘ndirishga qaratilganini aytgan. AQSH xuddi shu maqsadda Livandagi «Hizbulloh» guruhiga ham bosim o‘tkazmoqda, Isroil Bayrutda ushbu guruh qo‘mondoni Fuad Shukrni ham o‘ldirgandi.

Isroildagi nashrlarga ko‘ra, «vositachilar Eron va „Hizbulloh“ bilan muzokaralar o‘tkazmoqda va ularni vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirmoqda».

Yangi takliflar

Shanba kuni Isroil nashrlari muzokaralar jarayonidan xabardor bo‘lgan mulozimga asoslanib xabar berishicha, Amerikaning garovga olinganlar va o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni yakunlash uchun ishlab chiqilgan «oraliq taklifi» Isroil kuchlari G‘azo va Misr chegarasida yoki Hamas qurolli kuchlari sektor shimoliga qaytishining oldini olish uchun G‘azo markaziy qismida doimiy bo‘lib turishini (bosh vazir Binyamin Netanyahu shuni talab qilmoqda) nazarda tutmagan.

Faqat agar Isroil va AQSH mazkur ikki masala bo‘yicha shartlarni kelisha olsa, Misr va Qatar Hamas kelishuvga rozi bo‘lishi uchun unga bosim o‘tkazadi, deb xabar beradi Isroildagi «Kanal 12» manbasi. Ammo, Hamas Isroilning bu ikki talabi hisobga olinadigan kelishuvga rozi bo‘lmasligini aniq qilib aytgan.

So‘nggi haftalar davomida ushbu ikki talabini bot-bot takrorlagan Netanyahu Qohirada o‘tkaziladigan navbatdagi muzokaralar oldidan isroillik muzokarachilar hamda mamlakat xavfsizlik kuchlari boshliqlari bilan ushbu masalani muhokama qilishi kutilmoqda.

Amerikalik rasmiy shaxslar oldinroq Hamas qurolli kuchlari Isroil armiyasi sektorni shimol va janubga ajratgan Netsarim yo‘lagi orqali G‘azoning shimoliy qismiga qaytishi — kelishuvning buzilishi bo‘lishini ta’kidlagan. Walla News agentligi xabariga ko‘ra, endi vositachilar Isroilga Hamas G‘azoning shimoliy qismiga qurol olib kiradigan taqdirda unga qarshi harbiy harakatlarni qaytadan boshlash huquqini beruvchi bandni taklif qilishgan. Kelishuvning hozirgi shaklida Isroil armiyasini Netsarim hududidan olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Isroil xavfsizlik kuchlari rasmiylari hisoblashicha, kelishuvning birinchi bosqichidagi olti hafta mobaynida qo‘shinlar G‘azo chegarasi bo‘ylab Filadelfiya yo‘lagidan olib chiqilishi Hamas jiddiy tarzda qayta qurollanishiga olib kelmaydi va chegaradagi nomi aytilmayotgan ayrim protseduralar Isroil qo‘shinlari chegara hududida yo‘qligini kompensatsiya qiladi.

Isroil nashrlari Misrdagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Isroil va Misr Filadelfiya yo‘lagi va Rafah chegara nazorat-o‘tkazish punkti borasida kelishuv ustida ishlamoqda.

Associated Press bilan gaplashgan misrlik anonim mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Isroil chegara hududdagi yo‘lakdan chekinish borasida «moslashuvchanlik» ko‘rsatgan va keyingi haftada qo‘shinlarni olib chiqish mexanizmni kelishib olish bo‘yicha misrlik va isroillik harbiylar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Netanyahu har qanday kelishuv Isroilning ikkita asosiy harbiy maqsadi — garovdagilarning barchasini ozod etish va Hamasni yo‘q qilish masalalarini hal qilishi kerakligi bo‘yicha fikrida sobit turmoqda. U shuningdek Hamas istayotgan shakldagi doimiy otashkesimga ham rozi emas.

Shunga qaramay, Netanyahu ofisining shanba kungi bayonotida isroillik muzokarachilar guruhi kelishuvda oldinga siljish ehtimoli borasida «ehtiyotkorona optimizm» bildirgan.

Bosh vazir idorasi juma kuni Dohada Isroil va muzokarachilar o‘rtasida o‘tkazilgan ikki kunlik muzokaralar yakunlariga ko‘ra AQSHning Isroil va Hamasga taqdim etilgan yangi taklifida «Isroil uchun maqbul bo‘lgan qismlar mavjudligi» aytilgan.

«Biz AQSH va vositachilar tomonidan Hamasga kuchli bosim uning Amerika taklifiga qarshiligini bekor qilish hamda kontaktlarda ilgarilashga erishishga imkon berishidan umid qilishimiz kerak», — deyilgan bayonotda.

Hamas katta natija kutmayapti

Bu vaqtda Hamas vakillari boshqalar kabi optimizmda emas.

«Biz kelishuvga yaqinlashayotganimizni aytishmoqda, — bu illyuziya, — degan AFP muxbiri bilan suhbatda Hamas siyosiy byurosi a’zosi Sami Abu Zuhriy. — Biz kelishuv yoki haqiqiy muzokaralar bilan emas, balki Amerika talablari bilan ro‘baru kelganmiz».

Hamas vakili Jihod Taha shanba kuni Al Jazeera telekanaliga Isroil o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qo‘shimcha shartlarni ilgari surganini aytib, Netanyahuni ulardan natijaga erishishga xalal berish uchun foydalanishda aybladi.

Juma kuni guruh rasmiylari AFP muxbiriga Hamas Isroilning «yangi shartlari»ni qabul qilmasligini aytishdi.

Avvalroq guruh yangi murosa yo‘llarini topishga urinish o‘rniga Baydenning rejasini amalga oshirishga chaqirgandi.

Hamas vakillari Dohadagi muzokaralarda qatnashmagan. Harakat rasmiy vakili Usama Hamdon AFP muxbiriga aytishicha, yig‘ilishda Hamas rozilik bergan shartlarni amalga oshirish jadvali belgilansagina, guruh muzokaralarga qo‘shiladi.

Isroil amaliyotni davom ettirmoqda

Bu vaqtda isroilliklar nafaqat G‘azoda, balki Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilda ham, Livanda ham harbiy amaliyotini davom ettirmoqda.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi shanba kuni isroilliklar aviazarbasi oqibatida Nabatiye tumanida 10 nafar suriyalik, jumladan ayol va uning ikki farzandi halok bo‘lgani, bu o‘tgan yil oktyabr oyidan buyon Livan janubida kuzatilgan eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lgan hujum ekanini xabar qildi.

Isroillik harbiylar zarba «Hizbulloh»ning qurol-yarog‘ omboriga yo‘llanganini aytishgan.

G‘azoda Hamas nazorati ostidagi fuqarolik mudofaasi agentligi isroilliklar aviazarbasi oqibatida bir oila vakillari bo‘lgan15 falastinlik halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shimoldagi Jabaliya shahrida turar joy binosidagi ikki kvartira o‘qqa uchrashi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan. G‘azo markaziga yo‘llangan boshqa bir zarba yana to‘rt kishini hayotdan olib ketgan.

Isroil qo‘shini G‘azo janubidagi eng yirik shahar Xon Yunus atrofida ham amaliyotni kengaytirmoqda, deb xabar bergan shanba kuni isroillik harbiylar. Mahalliy shifokorlarga ko‘ra, aviazarba oqibatida bir oila a’zolari bo‘lgan to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Shanba kuni Isroil Iordan daryosi G‘arbiy sohilidagi Jenin shahrida «Hamasning ikki nafar yuqori martabali amaldorlari» yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Hamasning harbiy qanoti Ahmad Abu Ara va Raafat Davasi halok bo‘lganini tasdiqlagan, ular «bir qancha muvaffaqiyatli amaliyotlarni rejalashtirish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgani» aytilgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi shu kunlarda G‘azoda so‘nggi 25 yil ichida ilk bor poliomiyelit holati qayd etilganini ma’lum qildi. Juma kuni BMT bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash uchun harbiy harakatlarda bir haftalik tanaffus qilishni so‘radi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil va Hamas muzokaralari: AQSH va vositachilar optimistik kayfiyatda