11:00 / 20.08.2024
200

Harris qurultoyda rejadan tashqari murojaat bilan chiqdi

Harris qurultoyda rejadan tashqari murojaat bilan chiqdi
Foto: Kevin Mohatt/REUTERS
Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris Illinoys shtatining Chikago shahrida bo‘lib o‘tayotgan partiya milliy qurultoyida rejadan tashqari nutq so‘zladi. AQSH vitse-prezidenti 19 avgust, dushanba kuni qilgan murojaatida uning foydasiga saylovoldi poygasida qatnashishdan bosh tortgan Oq uy rahbari Jo Baydenga minnatdorchilik bildirdi.

«Jo, tarixiy yetakchilik va xalqimiz oldidagi umrboqiy xizmat uchun rahmat. Biz minnatdormiz», dedi Harris. «Kelinglar, bizga aziz bo‘lgan ideallar uchun kurashaylik va kurashganda g‘alaba qozonish mumkinligini doimo yodda tutaylik», dedi u olqishlarga javoban.

Zalda bo‘lganlar «AQSH», «Ovoz beramiz, g‘alaba qozonamiz» degan yozuvlar tushirilgan plakatlarni silkitdi, deb yozadi Reuters. Harrisning asosiy nutqi 22 avgustga rejalashtirilgan.

Klinton: Biz Amerika tarixida yangi sahifa yozyapmiz

Shu kuni AQSH sobiq davlat kotibi Xillari Klinton ham yig‘ilganlar oldida nutq so‘zladi. 2016 yilda u AQSHdagi asosiy partiyalardan biridan prezidentlikka nomzod bo‘lgan birinchi ayol nomzodga aylandi. Klinton respublikachi raqibi Donald Trampni 1 milliondan ortiq ovoz bilan ortda qoldirdi, biroq saylovchilar tizimi tufayli g‘alaba qozona olmadi.

«Mening hayotim va mamlakatimiz tarixi shundan iboratki, taraqqiyotga erishish mumkin, ammo u kafolatlanmagan», dedi u yig‘ilganlarga. «Biz hozir Amerika tarixida yangi sahifa yozyapmiz», dedi Klinton.

Jo Bayden keyinroq jamoatchilik oldida chiqish qiladi.

Demokratik partiya dasturiy platformasi Chikagoda tasdiqlanadi

19 avgust kuni Chikagoda AQSH Demokratik partiyasining 49-milliy qurultoyi ochildi, unda vitse-prezident Harris prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etishga rozilik beradi. Qurultoyda partiyaning dasturiy platformasi ham tasdiqlanadi.

G‘azo sektoridagi urushga qarshi minglab namoyishchilar shaharda to‘planishdi.

Forum jami 50 mingga yaqin kishini o‘z atrofida birlashtirishi kutilmoqda. U 22 avgustgacha davom etadi.

AQSHda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuniga belgilangan. Jo Bayden Demokratik partiya a’zolarining xavotirlari ortib borayotgan bir paytda, 21 iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qildi va Harris nomzodini qo‘llab-quvvatladi. U eng yuqori davlat lavozimiga nomzodini qo‘yishga rozi bo‘ldi va milliy qurultoyda demokrat delegatlar tomonidan rasmiy nomzodlikka muddatidan oldin tasdiqlandi. Harris saylovda g‘alaba qozonsa, o‘zining vitse-prezidenti sifatida ko‘rayotgan Tim Uolsni qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz berish ham shunchaki rasmiyatchilikdir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Harris qurultoyda rejadan tashqari murojaat bilan chiqdi