09:57 / 21.08.2024
75

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi muvaffaqiyatsiz yakunlandi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi muvaffaqiyatsiz yakunlandi
Foto: AP
Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy 22 avgust kuni Qohirada Isroil, AQSH va Misr delegatsiyalari ishtirokida muzokaralarning ikkinchi bosqichi boshlanishini ma’lum qildi. Unda 16 avgustda taqdim etilgan Amerika tinchlik rejasi muhokamalar uchun asos bo‘lishi kerak. «Kommersant» nashrining yozishicha, Qo‘shma Shtatlar o‘z loyihasi mazmunini oshkor qilmagan, biroq unda ikki tomonning xohish-istaklari inobatga olingani da’vo qilinmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, HAMAS 20 avgust kuni Amerika taklifini tanqid qilib, u vositachilar bilan o‘tgan ikki oy davomida muhokama qilingan bandlarga mos kelmasligini ta’kidladi. Guruhning qayd qilishicha, AQSH yangi rejaga Isroilning takliflarini kiritgan. HAMAS esa bunga rozi emas.

Qatarning «Al-Arabiy Al-Jadid» gazetasining ta’kidlashicha, HAMAS tomonidan qabul qilinmayotgan tahrir uchta: Isroilning G‘azo-Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagida o‘z harbiylarini saqlab qolish talabi; anklav ichida falastinliklarning harakatini nazorat qilish uchun sektorning shimoli va janubi o‘rtasida nazorat punktlarini o‘rnatish; Isroil garovga olinganlar evaziga qamoqdan ozod qilishga tayyor bo‘lgan falastinlik mahbuslar sonini kamaytirish.

Gazetaning yozishicha, HAMAS Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketish muddati bo‘yicha yon bosgan, vaholanki, avvalroq, guruh sulhning dastlabki kunlarida barcha qo‘shinlar hududni tark etishi kerakligini ta’kidlagan edi.

HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Suhayl al-Hindiy «Al-Arabiy al-Jadid» bilan suhbatda aniqlik kiritdiki, guruh muzokaralarga tayyor, ammo Isroilning yangi talablarisiz. U, shuningdek, bir kun avval guruhni muzokaradan bosh tortishda ayblagan AQSH prezidenti Jo Baydenning bayonotini noto‘g‘ri deb atadi.

«Qatar va Misrdagi vositachilar harakatning avvalgi barcha muzokaralarga ijobiy va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lganini, kelishuvga erishishga doimo to‘sqinlik qilgan va yangi shart va talablarni ilgari surgan Netanyahu ekanligini bilishadi», deb ta’kidladi HAMAS vakili.

AQSH va Misr falastinliklarning talablarini e’tiborga oldi va so‘nggi ikki kundan beri Isroil rahbariyatiga Filadelfiya yo‘lagidagi harbiy ishtirokidan voz kechishi uchun bosim o‘tkazmoqda, deb aniqlik kiritdi Axios portali. Unga ko‘ra, Isroil, Misr va Amerika delegatlari 18 va 19 avgust kunlari Qohirada uchrashgan. Yig‘ilishda Isroil Filadelfiya yo‘lagidagi qo‘shinlari sonini kamaytirishga tayyorligini, biroq jangarilar va qurollarning yo‘lak orqali harakatlanishini nazorat qilish uchun to‘liq olib chiqishdan voz kechmasligini aytgan. Ammo Misr G‘azo bilan chegarada birorta ham isroillik askar bo‘lmasligini ta’kidlab, bunday chorani qisman rad etgan.

Axios xabariga ko‘ra, Binyamin Netanyahu Isroil falastinliklarga yon bermasligini ta’kidlamoqda. Siyosatchi fikricha, yahudiy davlatining kuchli pozitsiyasi HAMASni Isroil shartlari bo‘yicha kelishuv imzolashga majbur qilishi kerak. Biroq, hamma ham bosh vazirning fikriga qo‘shilavermaydi.

Axios portalining ta’kidlashicha, muzokarachilar guruhi Netanyahudan o‘zlariga ko‘proq harakat erkinligi berishni va so‘nggi talablaridan voz kechishni so‘ragan. Aks holda, kelishuv shunchaki imkonsiz bo‘ladi, deb ismini oshkor etmagan isroillik yuqori martabali amaldorlardan iqtibos keltirdi nashr. Ularga ko‘ra, Binyamin Netanyahu, HAMAS rad etishini oldindan bilib turib, Isroilning talablarini ataylab kuchaytirgan. Bosh vazir idorasi bu ma’lumotga izoh bermadi.

Garovga olinganlarning oilalari ham muzokaralar to‘xtab qolganidan g‘azabda. Isroil mudofaa kuchlari G‘azo janubidagi Xon Yunisda garovdagi olti nafar isroillikning jasadini topgani haqidagi xabar ham ularga ijobiy tuyg‘ularni bahsh etmagani aniq.

Bosh vazir maslahatchisi Devid Gendelman so‘zlariga ko‘ra, 109 nafar Isroil fuqarosi hamon HAMAS asirligida qolmoqda. Isroil armiyasi razvedka ma’lumotlariga tayanib, iyun va iyul oylarida ulardan besh nafari halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Harbiylarga ko‘ra, bu odamlar 2024 yil boshida Xon-Yunisda o‘ldirilgan. Armiya ularning o‘limi sabablarini, jumladan, garovga olinganlarning Isroil o‘qqa tutilishi chog‘ida halok bo‘lganlik ehtimolini o‘rganishda davom etishini bildirdi.

Isroil armiyasi olti isroillikning jasadi topilgani haqida xabar bergandan so‘ng, bosh vazir Netanyahu garovga olinganlarning qarindoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Keyinchalik qurbonlarning qarindoshlari hukumat rahbari go‘yoki «kelishuv amalga oshishiga ishonchi komil emas» deb tan olganini aytishdi.

Ayni paytda, Binyamin Netanyahuning idorasi xabar berishicha, uchrashuv chog‘ida bosh vazir Isroil harbiy kampaniyasining asosiy maqsadini radikal guruhni butunlay yo‘q qilish deb atagan.

«Isroil HAMASni hokimiyatdan olib tashlash va uning harbiy salohiyatini yo‘q qilish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda va bu maqsadga erishiladi», deb ta’kidladi siyosatchi, «Isroil kuchli bosimga qaramay, garovga olinganlarni qaytarish va o‘zining strategik xavfsizlik aktivlarini saqlab qolish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda». Hukumat rahbari, shuningdek, «kelishuvning birinchi bosqichida garovga olinganlarning maksimal sonini ozod qilish imkonini beruvchi shartlarni» qidirayotganiga aniqlik kiritgan.

Har ikki tomon muhim murosaga kelishni istamasligini inobatga olsak, bu kelishuv ish beradimi, buni Qohiradagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi aniqlaydi, deb yakunladi «Kommersant».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi muvaffaqiyatsiz yakunlandi