123
Xotinini unvonga “almashgan” qo‘mondon — Stalin tomonidan otuvga hukm qilingan marshal Kulik xatosi
Marshal Grigoriy Kulik Ikkinchi jahon urushining salbiy qahramonlaridan biri hisoblanadi. Rostov va Kerchni nemislarga topshirgani, ichkilik, fahsh va o‘g‘irlikka berilgani uchun uning unvoni generalga qadar tushiriladi hamda Sovet Ittifoqi Qahramoni yulduzi olib qo‘yiladi. Kulik esa Iosif Stalin va Lavrentin Beriyani omma oldida yomonlashni davom ettirgani sabab oxir-oqibat buning uchun boshi bilan javob beradi.
Marshal Grigoriy Kulik
Foto: Wikipedia
Grigoriy Kulik Sovet Ittifoqi tarixidagi eng yomon marshal hisoblanadi. Unga nisbatan muntazam jiddiy ayblovlar yangrab keladi. Ehtimol Kulik u qadar yomon inson bo‘lmagandir, ammo urushning barcha mas’uliyati kimgadir yuklanishi kerak edi va havas qilib bo‘lmas taqdir Kulik chekiga tushadi. Shunday qilib, Georgiy Jukov tarixdan “G‘alaba marshali” sifatida o‘rin olgan bo‘lsa, Kulik “Mag‘lubiyat marshali”ga aylandi.
Tarixchilarga ko‘ra, uning muvaffaqiyatsizliklariga yetarlicha harbiy bilimga ega emasligi, ichkilikka berilgani va urushning hal qiluvchi oylarida fahshga yo‘g‘rilgan hayot tarzi sabab bo‘lgan.
Harbiy qo‘mondon hatto karikaturalar markazidan ham o‘rin oladi: gerdaygan, badjahl, kibrli va ayni paytda ahmoq, o‘ziga bino qo‘ygan va uquvsiz. Aftidan Qizil armiyaning yuqori qo‘mondonlik tarkibida undan yoqimsiz shaxs yo‘q edi.
Albatta, Kulik ichki ishlar xalq komissari Nikolay Yejov kabi inson qiyofasidagi maxluq emasdi. Gap u egallagan lavozimga borib taqalardi. Vaziyat taqozosi, aniqrog‘i Iosif Stalinning marhamati tufayli Kulik mansab zinapoyasidan g‘ayrioddiy tarzda yuqoriga ko‘tariladi. Uning ma’lumoti polk komandirligidan narisiga yaramasa-da, u armiyani boshqarardi.
Stalin Kulikning jangovar sifatlarini Fuqarolik urushi paytidayoq yuqori baholagan. Sobiq unter-ofitser Birinchi ot armiyasida artilleriyani boshqarardi. Oq gvardiyachilar mag‘lubiyatga uchraganidan deyarli 20 yil o‘tgan va harbiy fan ancha ilg‘orlab ketgan bo‘lsa-da, sovet rahbarining nazarida Kulik mamlakatdagi eng yaxshi artilleriyachi sifatida qolgandi. 1939—1940 yillarda u Xalxin Gol janglarida, Polshaga yurishda va Finlyandiya urushida ishtirok etgan bo‘lib, xizmatlari evaziga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Ko‘plab zamondoshlari Kulik haqida faqat salbiy fikr bildirgan. “Kabinet eshigi ochildi va marshal Kulik kirib keldi. Uning yuzi qip-qizarib ketgan va juda kattadek ko‘rindi. Gaplari mutlaqo bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan va ma’nosiz iboralar jamlanmasi edi. Bu mast-alast insonning safsatasidan boshqa narsa emasdi. Eng qo‘rqinchli jihati, komandirlar qarshisida nafaqat marshal, balki SSSR Mudofaa xalq komissarining o‘rinbosari ham bor edi”, deya eslaydi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Fyodor Sverdlov o‘zining Jukov haqidagi kitobida.
1940 yilda Stalin Kulikdan Italiya fashistlari foydasiga josuslik qilishda gumonlanayotgan rafiqasi Kira Simonich bilan ajrashishini so‘raydi. 5 may kuni ayol uyidan chiqadi va butunlay yo‘qolib qoladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy qo‘mondon rafiqasining sirli tarzda g‘oyib bo‘lishiga aloqador emas. Ikki kundan keyin Kulikka “kompensatsiya sifatida” marshal unvoni beriladi.
Foto: Russian Photo
“Buni xotinim evaziga berishdi. Shovqin ko‘tarmasligim uchun”, derdi marshalning o‘zi.
Lavrentiy Beriya hibsga olinganidan keyingina Simonich o‘g‘irlab ketilgani va u Lubyanka boshlig‘ining buyrug‘i bilan sudsiz otib tashlangani ma’lum bo‘ladi. Bu o‘sha davr uchun oddiy holat edi: chekistlar xuddi shu usulda davlatning yuqori lavozimdagi amaldorlarini xotinidan ajratardi — masalan, Vyacheslav Molotov va Mixail Kalinin hamda Stalinning bosh yordamchisi Aleksandr Poskrebishev.
Boshqa yuqori martabali amaldorlardan farqli o‘laroq, Kulik uzoq aza tutmaydi. O‘sha oyning o‘zida u 18 yoshli qizi Valentinaning tengoshi va dugonasi Olga Mixaylovnaga e’tibor qaratadi. Oktyabr oyida kuyov kelindan 30 yosh katta bo‘lishiga qaramay, ular oila quradi.
Kira Simonich
Foto: Wikipedia
SSSR rahbarining marshalga bo‘lgan ijobiy munosabati Ikkinchi jahon urushi boshlanganida, Kulik qurshovda qolib ketib, asirga tushishiga bir baxya qolganida, nemislar orasidan dehqon kiyimida qochib chiqqanidan keyin keskin o‘zgaradi.
1941 yil 12 noyabr kuni Kerchga yetib kelgan marshal bu yerdagi vahima va jangovar operatsiyalarni boshqarish mutlaqo talabga javob bermasligiga guvoh bo‘ladi. Nemis qo‘shinlari Perekop shahri mudofaasini yorib o‘tib, Qrim tomon harakatlanardi. Kulik shaharni ushlab turishi kerak edi, ammo mudofaani tashkillashtirish va qattiq tartib-intizom o‘rnatish o‘rniga u qo‘shinlarni Kerchendan Taman yarimoroliga ko‘chirishni buyuradi. Evakuatsiya vahimali tartibsizlikka aylanadi. Sodir bo‘lgan holatdan xabar topgan Stalin g‘azab otiga minadi. Kulik namoyishkorona jazolanishi kerak edi. Kerchni qo‘ldan chiqargani va Rostov-Donni tashlab ketgani uchun “doimiy mastlik, buzuq turmush tarzi va davlat mulkini o‘g‘irlash”da ayblanadi.
Markazqo‘m xulosasida keltirilishicha, Kulik muntazam ravishda mast holatda yurgan va davlat mulkini talon-toroj qilib, yuz minglab rublni o‘zlashtirgan. Pullar shohona dasturxonlar va ichkiliklar uchun ketgan. Partiyaning ta’kidlashicha, bularning barchasi misli ko‘rilmagan buzuqlik bilan amalga oshirilgan.
Aytishlaricha, Kulik mevalar, un, yog‘, mandarin, ikra, konyak va boshqa tanqis mahsulotlarni samolyotlar yordamida Sverdlovskdagi oilasi uchun yuborganidan xabar topgan Stalin o‘zini qo‘yarga joy topa olmagan. Bir safar marshal havo kemasidan hayvonlarni tashishda ham noqonuniy foydalangan: frontda uning har kuni barra go‘sht va sut ichgisi kelardi. Qoramol qo‘rqqanidan samolyotga zarar yetkazmasligi uchun uning tuyoq va shoxlari somon bilan o‘rab chiqilardi. Odamlar boshqa qo‘mondonlarning hech biri, hatto jazosiz qolishi mumkin bo‘lgan Jukov yoki Aleksandr Vasilevskiy ham bunday xatti-harakatlarni amalga oshirishga jazm etmagani haqida g‘iybat qilardi.
Foto: Wikipedia
Keyinchalik Qrimdagi xatti-harakatlariga izoh berar ekan Kulik doimiy janglardan charchagan armiya bo‘linmalarini ruhiy tushkunlik va qobiliyatsizlikda ayblaydi: “Kerchni himoya qilishga hech narsam yo‘q edi. U yerga to‘da to‘plangan edi. Men bunday armiya bilan Kerchni ushlab qola olamanmi? Men yetib kelganimda kech bo‘lgandi — vaziyatni o‘nglash imkonsiz edi”.
1942 yil 16 fevral kuni Oliy Sud Kulikni marshal unvoni va Sovet Ittifoqi Qahramoni, shuningdek, boshqa jangovar mukofotlaridan mahrum etish bo‘yicha qaror chiqaradi. Oradan yana uch kun o‘tib, u Markaziy Qo‘mita a’zoligidan o‘chiriladi va mudofaa xalq komissari o‘rinbosarligi lavozimini tark etadi.
Shunga qaramay, Stalin Kulikka ikkinchi imkoniyatni taqdim etadi. Ammo u Volgabo‘yi harbiy okrugi qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimiga tayinlansa-da, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamaydi. 1947 yilda Kulik generallar Vasiliy Gordov hamda Filipp Ribalchenko bilan “xiyonatga moyillik va terrorchilik tahdidlari” uchun hibsga olinadi.
Foto: Wikimedia Commons
Kulik va Gordovga qo‘yilgan ayblovning asosini MGB (Davlat xavfsizlik xizmati) tomonidan tayyorlangan audioyozuv tashkil etadi. Unda ikki qo‘mondon Kuybishevdagi xizmat joyidan Moskvaga yig‘ilishga kelganida, mehmonxonada mast holatda Stalin haqida haqoratli gaplarni aytgani yozilgan. Shishadoshlar armiya va maxsus xizmatlarni “tirranchalar” boshqarayotgani, o‘zlarini esa sababsiz chetlashtirilayotgani haqida gapiradi. Ayniqsa, ular Beriya va Nikolay Bulganinni juda ko‘p yomonlaydi. Generallar mehmonxona devorlariga suhbatni yozib olayotgan qurilmalar o‘rnatilganidan bexabar edi va bu xato ularning boshiga yetadi.
1950 yil 24 avgust kuni SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi ularning uchovini ham oliy jazo — otuvga hukm qiladi. Hukm ijrosini Beriyaning shaxsan o‘zi nazorat qiladi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»