22:00 / 28.08.2024
52

BAA tojikistonlik erkaklarga viza berishni to‘xtatdi

BAA tojikistonlik erkaklarga viza berishni to‘xtatdi
Foto: Getty Images
Tojikiston fuqarolari Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) hech qanday tushuntirishsiz viza berishdan bosh tortgani haqida xabar bermoqda. Bu haqda “AsiaPlus” ma’lum qildi.

Mazkur muammoni bir qancha sayyohlik kompaniyalari vakillari ham tasdiqlagan. Xususan, Tojikistondagi Prestige Tour sayyohlik kompaniyasi vakilining nashrga ma’lum qilishicha, hozirda faqat erkaklarga viza berilmaydi.

"Mana 15 kundan beri Tojikiston fuqarolari bu muammoga duch kelmoqda. Agar butun oila uchun viza so‘ralsa, u beriladi, lekin erkaklar alohida murojaat qilsa, ularning arizalari rad etiladi. Rad etish sabablari hozircha tushuntirilmagan, biroq elchixona bizga viza amal qilish muddati bir soatdan ham oshgan fuqarolarga rad javobi berilishini aytdi", dedi kompaniya vakili.

“Fly.tj” sayyohlik kompaniyasi vakili Hikmatullo Jo‘rayev ham “AsiaPlus”ga bergan intervyusida yolg‘iz viza olishni xohlovchi erkaklarning arizalari rad etilayotganini tasdiqlagan.

"Fly Dubai'da bizga Tojikiston fuqarolari Dubayga kelib, qonunni buzayotgani, shuning uchun bu mamlakatga yolg‘iz o‘zi boradigan erkaklarga vizalar berilmasligini aytishdi", dedi Jo‘rayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda “Fly.tj” yakka tartibda sayohat qilish uchun ariza bergan erkaklardan arizalarni qabul qilmaydi. Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, erkaklar uchun viza olish muammosi 20 kundan ortiq vaqtdan beri mavjud.

“Atlas Tour” sayyohlik kompaniyasi ham erkaklarga vizalar berilmasligini, lekin ayollar va oilalar ularni muammosiz olishini aytgan. Kompaniya vakillari, shuningdek, rasmiylar erkaklar uchun viza berishdan bosh tortish sabablarini tushuntirmaganini ma’lum qilgan.

"Bizga ma’lum bo‘lishicha, Dubayda noqonuniy ishlayotgan Tojikiston fuqarolari aniqlangan va shuning uchun erkaklarga vizalar berilmaydi. Hozircha rasmiy tushuntirish olganimiz yo‘q", deydi kompaniya.

Tojikiston TIV nashrga ma’lum qilishicha, ular BAAda viza olish bilan bog‘liq muammodan xabardor va uni hal qilish ustida ish olib bormoqda.

"Biz bu muammodan xabardormiz, aniqlik kiritish uchun BAA vakillari bilan bog‘landik va ularning javobini kutmoqdamiz", dedi vazirlik.

2022 yil 1 yanvardan Tojikiston 52 ta xorijiy davlat, jumladan, BAA va Bahrayn bilan bir tomonlama vizasiz rejim joriy qilgan, bu esa ushbu davlat fuqarolariga Tojikistonda 30 kun vizasiz qolish imkonini bergan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » BAA tojikistonlik erkaklarga viza berishni to‘xtatdi