14:24 / 07.09.2024
22

Shols va Makron Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi

Shols va Makron Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi
Foto: AFP
Berlin va Parij Rossiya boshlagan urushda Ukraina xalqini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6 sentyabr, juma kuni Fransiya sharqidagi Evian shahrida Germaniya kansleri Olaf Shols bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng aytib o‘tdi. Makronning bayonoti Yelisey saroyi rasmiy saytida e’lon qilindi. Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda ikkala siyosatchi ham «Rossiya olib borayotgan tajovuzkor urushning barbod bo‘lishini ta’minlash uchun zarur bo‘lganda Ukrainani uzoq va intensiv ravishda qo‘llab-quvvatlashga qat’iy ekanini eslatgan».

Germaniya kansleri va Fransiya prezidenti 3 sentyabr kuni Rossiyaning Poltavaga raketa hujumini keskin qoraladi. Shaharga ikkita «Iskander-M» ballistik raketasining zarbasi natijasida Aloqa instituti olti qavatli binosi, shuningdek, shifoxona va unga tutash uylar vayron bo‘lgan. Hujum oqibatida kamida 55 kishi halok bo‘ldi, 328 kishi yaralandi.

Rossiya Mudofaa vazirligi raketa zarbasini tan oldi, ammo o‘z hisobotlarida uni «juda aniq» deb atadi va u keltirgan barcha vayronagarchiliklar haqida ma’lumot bermadi.

Yevrokomissiya Rossiya aktivlari hisobidan qurol-yarog‘ga pul ajratadi

Makron va Shols o‘rtasidagi uchrashuv fonida Fransiya Mudofaa vazirligi Ukraina uchun 1,4 milliard yevro miqdorida qurol sotib olinganini ma’lum qildi. Ushbu tadbirlar Yevropa Ittifoqining Moskvaga qarshi urush boshlagani uchun sanksiyalari doirasida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan daromaddan Yevrokomissiya tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi, deb xabar beradi AFP.

May oyida YEI davlatlari Rossiyaning Yevropa Ittifoqida xatlovga olingan 200 milliard yevro miqdoridagi aktivlaridan olingan daromadni Ukrainaga yordam berish uchun ishlatishga kelishib oldi. Bu puldan Kiyevga birinchi transh – 1,5 milliard yevro – iyul oyida tasdiqlangan.

Rossiya aktivlaridan olinadigan foiz daromadi yiliga 2,5 milliard yevrodan 3 milliard yevrogacha bo‘lishi kutilmoqda. Bu pullarning barchasi Ukraina uchun qurol sotib olishga va urushdan keyin mamlakatni tiklash xarajatlarini qoplashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Makron va Shols yana G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

Bundan tashqari, Germaniya kansleri va Fransiya prezidenti Evian shahrida Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishini muhokama qilgan. Yelisey saroyi idorasi qayd etishicha, ikkalasi ham «G‘azo sektorida zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish» zarurligini tasdiqladi. Shols va Makron mojaro tomonlarini «mintaqaga tinchlik va barqarorlik qaytishini ta’minlash uchun maksimal mas’uliyatni ko‘rsatishga» chaqirdi.

Bir necha kun avval Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil va Hamas guruhi o‘rtasida o‘g‘irlab ketilgan isroilliklarni ozod qilish va G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyani tugatish bo‘yicha ehtimoliy kelishuv hali yakuniga yetmaganini aytgan edi. Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, Hamas rahbariyati 2024 yil may oyida AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan taklif qilingan mintaqadagi vaziyatni tartibga solish rejasiga kiritilgan deyarli barcha takliflarni rad etdi va hujjat matniga 29 ta tuzatish kiritishni talab qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shols va Makron Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi